O‘zbekistonda olti hudud transport-logistika sohasiga ixtisoslashtirilishi mumkin
16:57 01.07.2026 (yangilandi: 17:14 01.07.2026)

© Sputnik / Ramiz Baxtiyarov
Obuna bo‘lish
Hududlarda logistika markazlari tashkil etmoqchi bo‘lgan tadbirkorlarga har bir hududda 50 gektardan, jami 300 gektar yer maydoni taklif etiladi.
TOShKENT, 1-iyul — Sputnik. Prezidentga taqdim qilingan takliflarda Xonobod va Angren shaharlari, Yangiyo‘l, Ohangaron, Olot va Termiz tumanlarini transport-logistika sohasiga ixtisoslashtirish masalasi ko‘rib chiqildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Takliflarga ko‘ra, Xonobod shahri “Xitoy yo‘li darvozasi” sifatida Xitoy – Markaziy Osiyo – Kaspiy – Kavkaz – Yevropa, Xitoy – Markaziy Osiyo – Transafg‘on hamda Xitoy – Markaziy Osiyo – Eron tranzit yo‘laklariga xizmat qiladi.
Angren shahri, Yangiyo‘l va Ohangaron tumanlari tranzit va tashqi savdo yuklarini oraliq taqsimlash markazlari sifatida rivojlantirilishi mumkin.
Olot tumani “O‘rta yo‘lak darvozasi”, Termiz tumani esa “Transafg‘on yo‘lagi darvozasi” sifatida ixtisoslashtiriladi. Bu yo‘nalishlar orqali Xitoy, Markaziy Osiyo, Eron, Kavkaz, Yevropa va Pokiston bozorlariga chiqish imkoniyatlari kengayishi kutilmoqda.
Ushbu hududlarda logistika markazlari tashkil etmoqchi bo‘lgan tadbirkorlarga har bir hududda 50 gektardan, jami 300 gektar yer maydoni taklif etiladi. Bu maqsadlar uchun har yili 200 mln dollarlik imtiyozli va kam foizli kredit liniyalarini yo‘naltirish nazarda tutilmoqda.
Logistika markazlari uchun tashqi infratuzilma budjet hisobidan barpo etilishi rejalashtirilgan.
Taqdimotda bir qator infratuzilma loyihalari ham ko‘rib chiqildi. Jumladan:
— “Xalqobod” chegara punkti faoliyatini tiklash va bojxona terminali tashkil etish;
— Qibray va Termiz tumanlarida bojxona terminali hamda avtoturargohlar qurish;
— Xonobod shahrida xalqaro temir yo‘l chegara o‘tkazish punktini barpo etish;
— Yangiyo‘l tumanidagi temir yo‘l stansiyasini kengaytirish;
— Ohangaron tumanida “A” toifadagi yirik logistika markazini qurish taklif qilindi.
— Qibray va Termiz tumanlarida bojxona terminali hamda avtoturargohlar qurish;
— Xonobod shahrida xalqaro temir yo‘l chegara o‘tkazish punktini barpo etish;
— Yangiyo‘l tumanidagi temir yo‘l stansiyasini kengaytirish;
— Ohangaron tumanida “A” toifadagi yirik logistika markazini qurish taklif qilindi.
Shuningdek, logistika markazlarida terminal va omborlarni boshqarish tizimlarini joriy etish, ularni “E-logistika” platformasiga integratsiya qilish, yuk avtotransportlarini onlayn kuzatish va elektron hisobga olish tizimini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda.
Chegara o‘tkazish punktlarida “yagona to‘xtash” tamoyilini joriy etish orqali yuklarni rasmiylashtirish jarayonini tezlashtirish zarurligi qayd etildi.
Sohada xususiy investitsiyalarni ko‘paytirish uchun logistika markazlariga zamonaviy uskunalar, omborxona va yuk ortish-tushirish texnikalari, agregat va ehtiyot qismlarni olib kirishda bojxona boji hamda majburiy sertifikatlash talablarini yengillashtirish taklif qilindi.
Taqdimot yakunida mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berildi
