Shavkat Mirziyoyev investitsiyalar uchun ustuvor yo‘nalishlarni sanab o‘tdi
11:08 17.06.2026 (yangilandi: 19:03 17.06.2026)

Obuna bo‘lish
O‘z nutqida prezident O‘zbekiston erishgan iqtisodiy yutuqlari va xorijiy investorlar bilan hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari haqida so‘z yuritdi.
TOShKENT, 17-iyun — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev beshinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumining yalpi majlisida nutq so‘zladi
Bu yilgi forumda 100ta davlatdan 4 mingga yaqin ishtirokchilar qatnashmoqda. Ishtirokchilar orasida davlat va hukumat rahbarlari, nufuzli xalqaro moliya institutlari, yirik kompaniyalar, jamg‘armalar, va yetakchi ishbilarmonlar bor.
Bu yilgi forumda 100ta davlatdan 4 mingga yaqin ishtirokchilar qatnashmoqda. Ishtirokchilar orasida davlat va hukumat rahbarlari, nufuzli xalqaro moliya institutlari, yirik kompaniyalar, jamg‘armalar, va yetakchi ishbilarmonlar bor.
So‘z boshida prezident O‘zbekiston so‘nggi yillarda erishgan iqtisodiy yutuqlari haqida to‘xtalib o‘tdi.
So‘nggi besh yilda O‘zbekiston iqtisodiyotiga $ 123 milliard investitsiya kiritildi;
2025 yilda yalpi ichki mahsulot 7,7 % o‘sdi;
Iqtisodiyotga 43 milliard dollar investitsiya jalb qilindi;
Xalqaro zaxiralar hajmi 70 milliard dollardan ortdi;
2026 yil yakunida O‘zbekiston YaIMi 180 milliard dollardan oshishi kutilmoqda!
O‘zbekiston “Iqtisodiy erkinlik indeksi”da 14 pog‘ona yuqorilab, ilk bor “iqtisodiyoti mo‘’tadil erkin” davlatlar qatoridan joy oldi.
Shundan so‘ng Shavkat Mirziyoyev ko‘p qirrali hamkorlikni yanada kengaytirish uchun bir qator ustuvor yo‘nalishlarga to‘xtalib o‘tildi.

Mirziyoyev beshinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumining yalpi majlisida nutq so‘zladi
© Press-slujba prezidenta Uzbekistana
Birinchi yo‘nalish – investorlar uchun huquqiy kafolat tizimini yanada kuchaytirish.
Investorlar huquqlarini kuchli institutlar, e’tirof etilgan xalqaro mexanizmlar orqali ta’minlash hal qiluvchi ahamiyatga ega.
Bu borada mart oyidan Toshkent xalqaro moliya markazini tashkil etish bo‘yicha ishlar boshlandi. Markazning huquqiy asoslari Konstitutsiyaviy qonun bilan mustahkamlanadi.
Ushbu markaz ishtirokchilari uchun jozibador soliq tizimi yaratiladi. Foyda solig‘i, qo‘shilgan qiymat solig‘i, mol-mulk solig‘i va bojxona bojlari nol foiz etib belgilanadi. Kapitalning erkin harakati, istalgan valyutada hisob-kitob qilish imkoniyati so‘zsiz kafolatlanadi. Moliyaviy texnologiyalar, raqamli aktivlar, "yashil" moliya uchun zamonaviy tizim yaratiladi.
Markaz hududida normativ hujjatlarni qabul qilish vakolatiga ega mustaqil moliyaviy regulyator ham tashkil etiladi.
Dastlabki bosqichda bu kabi imtiyozlarning amal qilish muddati 50-yil etib belgilanadi.
Toshkent xalqaro moliya markazida Angliya huquqiga asoslangan maxsus tartib-tamoyil joriy etiladi, mustaqil Toshkent xalqaro tijorat sudi tashkil qilinadi. Unda nufuzli xorijiy sudyalar va xalqaro ekspertlar faoliyat yuritadi.
Shu bilan birga, investitsion mediatsiya tizimi ham rivojlantiriladi.
Bu borada O‘zbekiston Birlashgan Millatlar Tashkilotining Mediatsiya to‘g‘risidagi Singapur konvensiyasiga qo‘shilish niyatida.
Ushbu choralar natijasida investorlar O‘zbekistonning o‘zida kafolatlangan xalqaro huquqiy himoyaga ega bo‘ladi.

Toshkent xalqaro investitsiya forumi
© Press-slujba prezidenta Uzbekistana
Ikkinchi yo‘nalish – kapital bozorini rivojlantirish, muqobil moliya vositalariga keng yo‘l ochish.
O‘zbekiston yangi avlod moliya texnologiyalari va sarmoya bozorlarini jadal rivojlantirmoqda.
Xalqaro bozorlarda 16 milliard dollardan ziyod obligatsiyalar joylashtirildi.
Ilk bor 13 ta strategik korxona aktiviga ega Milliy investitsiya jamg‘armasining 30 foiz aksiyalari Toshkent va London fond birjasiga chiqarildi.
“Kapital bozori to‘g‘risida”gi va “Muqobil investitsiya jamg‘armalari to‘g‘risida”gi qonunlar qabul qilinadi.
Suveren islom obligatsiyalari – sukuk dasturini amalga oshirish boshlanadi.
Shu yil 6 milliard dollarlik ko‘chmas mulk, korxonalardagi davlat ulushi va yer uchastkalari auksionga chiqariladi.
Uchinchi yo‘nalish – yuqori qo‘shilgan qiymat zanjirlarini kengaytirishga investitsiyalarni jalb etish.
Sanoatning barcha tarmoqlarida yangi texnologik bosqichga o‘tish va qo‘shilgan qiymatni yaratish bo‘yicha katta dasturlar boshlangan.
“Yaxshi xabardorsiz, O‘zbekiston boy tabiiy resurslar – oltin, mis, uran, volfram, gaz va boshqa noyob zaxiralarga ega. Strategik xomashyo bo‘lgan yer osti boyliklarimizning umumiy qiymati 3 trillion dollar deb baholanmoqda”, - dedi prezident.
Mazkur sohadagi imkoniyatlarni xorijiy investorlarga taqdim etish maqsadida ochiq raqamli geologiya ma’lumotlar bazasi yaratiladi, auksionga qo‘yiladigan konlar 4 karra ko‘paytiriladi, “qazib olishdan tayyor mahsulotgacha” bo‘lgan loyihalarni amalga oshirish uchun Toshkent va Samarqandda barpo etilayotgan “Kelajak metallari” texnoparklariga xorijiy sarmoya keng jalb qilinadi.
Mashinasozlik, robototexnika, yengil sanoat, qurilish materiallari, elektrotexnika, farmatsevtika kabi "drayver" tarmoqlarda ham 20 milliard dollarlik investitsiya loyihalarini birgalikda amalga oshirish taklif qilindi.

Toshkent xalqaro investitsiya forumi
© Press-slujba prezidenta Uzbekistana
To‘rtinchi yo‘nalish – "yashil" energetika va sun’iy intellekt sohalaridagi sheriklikni yanada chuqurlashtirish.
Investorlarga quyosh va shamol elektr stansiyalari bilan bir qatorda energiya saqlash tizimlarini rivojlantirish, tarmoqlarni modernizatsiya qilish, "yashil" energiya asosida ishlaydigan data-markazlar barpo etish taklif etildi.
Qoraqalpog‘istonda sun’iy intellekt loyihalari va data-markazlar uchun maxsus zona yaratildi. Bu hududda 2040-yilgacha investorlar barcha turdagi soliq va bojlardan ozod qilinadi, yo‘l, elektr, suv infratuzilmasi davlat hisobidan qurib beriladi, 1 kilovatt-soat elektr energiyasi uchun 5 sent miqdorida imtiyozli tarif belgilanadi.
Shu bilan birga, maxsus huquqiy rejimga ega bo‘lgan O‘zbekiston xalqaro raqamli texnologiyalar markazi ham tashkil etilmoqda.
Beshinchi yo‘nalish – mintaqaviy transport-logistika bog‘liqligini rivojlantirish.
Ma’lumki, investorlar uchun xalqaro savdo bozorlariga chiqish katta ahamiyatga ega. So‘nggi yillarda Markaziy Osiyo o‘zaro bog‘liq va butun jahonga ochiq bo‘lgan katta imkoniyatlar maydoniga aylanmoqda.
Jumladan, Xitoy va Qirg‘iziston bilan hamkorlikda strategik temir yo‘l qurilishi jadal davom ettirilmoqda. Shu bilan birga, janubiy dengiz portlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqish imkonini beradigan Transafg‘on koridori loyihasi ustida faol ish olib borilmoqda. Bundan tashqari, Kaspiy dengizi orqali o‘tadigan “O‘rta koridor” transport yo‘nalishi ham rivojlantirilmoqda.
Ushbu loyihalarni to‘liq ro‘yobga chiqarish evaziga O‘zbekiston Osiyo va Yevropani bog‘laydigan transport magistrallar tarmog‘iga qo‘shiladi.
O‘zbekistonda transport-logistika yo‘nalishida qator megaloyihalar ham boshlangan. Masalan, saudiyalik hamkorlar bilan yiliga 20 million yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatadigan yangi Toshkent xalqaro aeroporti qurilmoqda.
Oltinchi yo‘nalish – hududlarni rivojlantirishda investitsiyaviy hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarish.
O‘zbekiston aholisi qariyb 40 millionga yaqinlashdi. Jadal demografik va iqtisodiy o‘sish urbanizatsiya va shaharsozlik bo‘yicha katta dasturlarni amalga oshirishni taqozo etmoqda.
Ular doirasida 2040-yilga qadar quriladigan uy-joylarning sonini 2 karra oshirib, urbanizatsiya darajasini hozirgi 51 foizdan 65 foizga yetkazish reja qilingan.
Poytaxtimizga tutash hududda 2 million aholiga mo‘ljallangan zamonaviy Yangi Toshkent megapolisi bunyod etilmoqda. Shuningdek, Andijon, Namangan va Samarqandni millionli shaharlarga aylantirish bo‘yicha loyihalar boshlab yuborilgan. Umuman, yurtimizda uy-joy qurilishi loyihalari yiliga kamida 10 milliard dollarlik kafolatli bozorni ta’minlaydi.
Bunga qo‘shimcha ravishda O‘zbekiston infratuzilmani barpo etishda 27 milliard dollarlik davlat-xususiy sheriklik loyihalarini investorlar bilan amalga oshirishga tayyor.

Toshkent xalqaro investitsiya forumi
© Press-slujba prezidenta Uzbekistana
Turizm va boshqa sohalarda investitsiya imkoniyatlari
O‘zbekistonda har yili 15-20 million chet ellik sayyohlarni qabul qilish va ularga yiliga kamida 15 milliard dollarlik turizm xizmatlari ko‘rsatish salohiyati bor.
Shavkat Mirziyoyev investorlar turizm durdonalari bo‘lgan Samarqand, Buxoro va Xiva bilan bir qatorda boshqa hududlarimizda ham sayyohlik sohasiga faol sarmoya kiritishiga umid bildirdi.
O‘zbekiston dunyoning 70 dan ortiq davlatiga yiliga 3,5 milliard dollarlik meva-sabzavot eksport qilib, o‘z brendiga ega bo‘ldi.
Shavkat Mirziyoyev investorlar turizm durdonalari bo‘lgan Samarqand, Buxoro va Xiva bilan bir qatorda boshqa hududlarimizda ham sayyohlik sohasiga faol sarmoya kiritishiga umid bildirdi.
O‘zbekiston dunyoning 70 dan ortiq davlatiga yiliga 3,5 milliard dollarlik meva-sabzavot eksport qilib, o‘z brendiga ega bo‘ldi.
“Bugungi anjumanda bizning 14 ta hudud rahbarlari ham ishtirok etmoqda. Marhamat, ular bilan birgalikda viloyatlarga borib, yaratilayotgan imkoniyatlar bilan bevosita tanishing. Boy tajribangiz, texnologiya va sarmoyangiz bilan o‘zaro manfaatli loyihalarda faol ishtirok eting. Bu jarayonlarda barcha hokimlar sizlarning yoningizda turib, yaqindan ko‘mak beradi va har jihatdan qo‘llab-quvvatlaydi”, - – dedi davlat rahbari.
Shavkat Mirziyoyev shuningdek Osiyo taraqqiyot banki hamda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki tashabbusi bilan Markaziy Osiyo va Kavkaz investitsiya kengashlari mintaqaviy alyansi tashkil etilayotganini o‘z vaqtida qabul qilingan qaror sifatida baholadi.
So‘z yakunida prezident Yangi O‘zbekiston eshiklari katta ishonch va g‘oyalar bilan kelayotgan investorlarga doimo ochiq ekanini ta’kidladi.
“Biz uchun investitsiya bu faqatgina iqtisodiy resurs emas, balki ilg‘or texnologiyalar, zamonaviy bilim va tajribalar, yangi ish o‘rinlari va davr bilan hamnafas taraqqiyot demakdir. <...> Diyorimizga katta ishonch va g‘oyalar bilan kelayotgan xorijiy sarmoyadorlarga Yangi O‘zbekistonning eshiklari hamisha ochiq. Prezident sifatida shaxsan o‘zim va Hukumatimiz yoningizda yelkadosh bo‘lishga doim tayyormiz.
Yurtimizning go‘zal tabiati, betakror madaniyati va olijanob xalqimizning mehmondo‘st qalbi esa do‘stligimizni mustahkamlash uchun o‘ziga xos investitsiya bo‘lishiga aminman”, – dedi prezident.