O‘zbekistonda "yashil" energiyani jamg‘arish quvvati oshmoqda
14:40 30.05.2026 (yangilandi: 15:42 30.05.2026)

© Getty Images / Jason Fochtman
Obuna bo‘lish
2030 yilga borib esa energiya saqlash tizimlarining umumiy quvvatini 4,5 GVtga yetkazish ko‘zda tutilgan.
TOShKENT, 30-may — Sputnik. O‘zbekistonda har sakkizinchi kilovatt elektr energiyasi energiya saqlash tizimlaridan olinmoqda, deb xabar qildi Energetika vazirligi.
Bugungi kunda O‘zbekistonda umumiy quvvati 3930 MVt bo‘lgan 15 ta quyosh hamda 1652 MVt bo‘lgan 5 ta shamol elektr stansiyasi ishga tushirilgan. 2026-yil boshidan buyon 4 mlrd kVt·soatdan ortiq "yashil" energiya ishlab chiqarilgan.
Qayta tiklanuvchi energiya manbalari ulushining ortib borishi energiya saqlash tizimlarini rivojlantirishni ham taqozo etmoqda. Chunki quyosh elektr stansiyalari kunduzgi vaqtda, shamol elektr stansiyalari esa tabiiy sharoitga bog‘liq ravishda elektr energiyasi ishlab chiqaradi. Energiya saqlash tizimlari esa — ortiqcha energiyani jamg‘arib, iste’mol eng yuqori bo‘ladigan soatlarda tarmoqqa uzatish imkonini beradi.
Bugungi kunda respublika energetika tizimida umumiy quvvati 1545 MVt, energiya sig‘imi esa 2600 MVt·soat bo‘lgan energiya saqlash tizimlari faoliyat yuritmoqda.
Bu quvvat mamlakat energetika tizimi kechki maksimal yuklamasining 13,5 foizidan ortig‘ini tashkil qiladi. Boshqacha aytganda, kechki eng yuqori iste’mol soatlarida foydalaniladigan har sakkizinchi kilovatt elektr energiyasi avvaldan jamg‘arilgan energiya hisobidan qoplanishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda energiya jamg‘arish tizimlari rivojlantirish 2024-yilda ilk bor Farg‘ona va Andijon viloyatlarida quvvati 150 MVtdan bo‘lgan 2 ta energiya saqlash tizimi ishga tushirilishibilan boshlangan edi. 2025-yilda esa yana 1245 MVt quvvat va 1600 MVt·soat energiya sig‘imiga ega yangi energiya saqlash tizimlari foydalanishga topshirildi.
Yil yakuniga qadar O‘zbekistonda energiya saqlash tizimlari quvvatini 2000 MVtga, energiya sig‘imini esa 3600 MVt·soatga yetkazish rejalashtirilgan. 2030-yilga borib esa energiya saqlash tizimlarining umumiy quvvatini 4,5 GVtga yetkazish ko‘zda tutilgan.
Yil yakuniga qadar O‘zbekistonda energiya saqlash tizimlari quvvatini 2000 MVtga, energiya sig‘imini esa 3600 MVt·soatga yetkazish rejalashtirilgan. 2030-yilga borib esa energiya saqlash tizimlarining umumiy quvvatini 4,5 GVtga yetkazish ko‘zda tutilgan.