O‘zbekistonda YaIMda norasmiy va yashirin iqtisodiyot hajmi ma’lum qilindi

Obuna bo‘lish
2026 yilning birinchi choragida kuzatilmaydigan iqtisodiyot YaIMning 22,9 foizini tashkil etdi. Bir yil avval bu ko‘rsatkich 32 foiz bo‘lgan.
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yilning yanvar–mart oylarida O‘zbekistonda kuzatilmaydigan iqtisodiyotning yalpi qo‘shilgan qiymati 102,7 trillion so‘mni tashkil etdi.
Bu respublika yalpi ichki mahsulotining 22,9 foiziga teng. Taqqoslash uchun, 2025-yilning mos davrida kuzatilmaydigan iqtisodiyot hajmi 106,8 trillion so‘mni, YaIMdagi ulushi esa 32 foizni tashkil etgan.
2026 yil birinchi choragida kuzatilmaydigan iqtisodiyot tarkibi quyidagicha bo‘ldi:
• uy xo‘jaliklari va jismoniy shaxslar faoliyati — 69,1 trillion so‘m, YaIMdagi ulushi 15,4 foiz;
• yashirin iqtisodiyot — 33,6 trillion so‘m, YaIMdagi ulushi 7,5 foiz.
2025 yil yanvar–mart oylarida esa uy xo‘jaliklari va jismoniy shaxslar faoliyati 78,8 trillion so‘mni, YaIMdagi ulushi 23,6 foizni tashkil etgan. Yashirin iqtisodiyot hajmi 28 trillion so‘m, YaIMdagi ulushi 8,4 foiz bo‘lgan.
Sohalar kesimida kuzatilmaydigan iqtisodiyotning eng yuqori ulushi qishloq, o‘rmon va baliqchilik xo‘jaligida qayd etildi — 81,1 foiz. Shuningdek, xizmatlar sohasida 24,5 foiz, qurilishda 23,9 foiz, sanoatda esa 6,7 foiz ulush qayd etilgan.
Kuzatilmaydigan iqtisodiyot deganda rasmiy statistika kuzatuvlarida to‘liq yoki qisman qamrab olinmagan iqtisodiy faoliyat tushuniladi.
Batafsil — Sputnik O‘zbekiston infografikasida.
Yangiliklar lentasi
0