Namanganda 50 kunlik Xalqaro gullar festivali boshlandi

© telegram sputnikuzbekistanNamangan ofitsialno prevratilsya v svetochnuyu stolitsu: zdes startoval yubileyniy 65-y Mejdunarodniy festival svetov
Namangan ofitsialno prevratilsya v svetochnuyu stolitsu: zdes startoval yubileyniy 65-y Mejdunarodniy festival svetov - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 24.05.2026
Obuna bo‘lish
Namangan viloyatida 65 -Xalqaro gullar festivali 24-maydan 12-iyulgacha davom etadi. Dasturda 150 dan ortiq tadbir o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
TOShKENT, 24-may – Sputnik. Namanganda mamlakatning eng yirik madaniy-sayyohlik tadbirlaridan biri — 65-Xalqaro gullar festivali boshlandi.
Yubiley festivali 24-maydan 12-iyulgacha davom etadi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, bu yilgi festival 50 kunlik dasturni qamrab oladi va uning doirasida 150 dan ortiq xalqaro, respublika va mintaqaviy tadbirlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Festival ochilishi munosabati bilan Namangan shahrida gullar bilan bezatilgan avtomobillar paradi tashkil etildi. Kolonna shaharning markaziy ko‘chalaridan o‘tib, Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi madaniyat va istirohat bog‘iga yetib bordi.
Ochilish marosimida xorijiy davlatlarning diplomatik korpus vakillari, investorlar, biznes vakillari, madaniyat va san’at namoyandalari, sayyohlar hamda mahalliy aholi ishtirok etdi.
Bu yil festival ilk bor mahallalardan boshlandi. Viloyatdagi 754 ta mahalla bayram muhitiga mos bezatilib, ko‘chalar, hovlilar va jamoat joylarida gul kompozitsiyalari yaratildi.
Festival dasturidan konsertlar, ko‘rgazmalar, sport musobaqalari, xalq sayillari, turizm va investitsiya forumlari, dron-shou, ochiq osmon ostidagi konsertlar hamda modalar haftaligi kabi tadbirlar o‘rin olgan.
Mehmonlar Bobur nomidagi bog‘, “Afsonalar vodiysi” tematik bog‘i va “Yangi O‘zbekiston” bog‘i hududida yaratilgan gul kompozitsiyalari bilan tanishishi mumkin.
Bayram tadbirlari viloyat tumanlarini ham qamrab oladi. An’anaviy “Osh bayrami” va “Lavanda festivali” bilan birga, bu yil Mingbuloqda ilk bor “Patir festivali” o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Festival ochilishida Namanganga Guinness World Records sertifikati ham topshirildi. Viloyat “jamoa bo‘lib bir oy davomida eng ko‘p gul ekish” yo‘nalishida rekord o‘rnatdi.
Tashkilotchilar joriy yilgi festivalga 50 dan ortiq davlatdan qariyb 1 million nafar xorijiy sayyoh kelishi kutilayotganini ma’lum qilgan.
Yangiliklar lentasi
0