Rossiya kompaniyalari O‘zbekistondagi Energetika haftaligiga nimalar olib kelishdi?
© Sputnik
Obuna bo‘lish
Eksklyuziv
Haftalikda Rossiyani 70 taga yaqin kompaniyasi, jumladan, Rossiya eksport markazining birlashgan stendi hamda Sankt-Peterburg va Chelyabinsk viloyatlarining umumiy ekspozitsiyalari taqdim etildi.
TOShKENT, 14-may — Sputnik. Toshkentda “O‘zbekiston energetika haftaligi — 2026” o‘z nihoyasiga yetdi. U energetika forumi, xalqaro ko‘rgazmalar va sohaviy anjumanlar kabi muhim tadbirlarni o‘z ichiga oldi, deb xabar bermoqda Sputnik O‘zbekiston muxbiri.
Tadbir 12–14 may kunlari "CAEx Uzbekistan" ko‘rgazmalar majmuasida bo‘lib o‘tdi. Uni "Iteca Exhibitions" xalqaro ko‘rgazma kompaniyasi hamda uning hamkorlari –"ICA Eurasia Group" va "Congresses of Central Asia" tashkil etdi. O‘zbekiston Energetika vazirligi va “O‘zbekneftgaz” AJ rasmiy ko‘mak ko‘rsatdi.
Haftalik tadbirlarida jami 34 ta mamlakatdan 580 ta kompaniya va brend ishtirok etdi. Ular orasida Ozarbayjon, Belarus, Qozog‘iston, Xitoy, Rossiya, O‘zbekiston va boshqa davlatlar bor.
Haftalik tadbirlarida Rossiyani 70 taga yaqin kompaniyasi, jumladan, Rossiya eksport markazining birlashgan stendi hamda Sankt-Peterburg va Chelyabinsk viloyatlarining umumiy ekspozitsiyalari taqdim etildi.
Energetika haftaligi doirasida “O‘zbekiston neft va gazi – OGU 2026” va “Energetika, energiya tejamkorlik, muqobil energiya manbalari – Power Uzbekistan 2026” kabi yirik xalqaro ko‘rgazmalar bo‘lib, ular tarkibida “Yashil energiyatejamkor texnologiyalar – GETCA 2026” maxsus bo‘limi ham namoyish etildi.
Neft va gaz ko‘rgazmasiga Rossiyadan milliy ekspozitsiya doirasida 46 ta kompaniya, jumladan, hududlarning jamoaviy stendlari ham ishtirok etdi. Ular neft-gaz sohasi uchun zamonaviy texnologiyalar, xizmatlar va uskunalarni namoyish etishdi.
Sankt-Peterburg eksportni qo‘llab-quvvatlash markazi bosh direktori o‘rinbosari Matvey Medvedev shaharning jamoaviy stendi haqida gapirib berdi. Unda neft-gaz sanoati uchun dasturiy ta’minotdan tortib, avtomatlashtirish yechimlari, jumladan, atom elektr stansiyalari va boshqa energetika korxonalari uchun mo‘ljallangan keng turdagi mahsulot va xizmatlarni ishlab chiqaruvchi beshta korxona namoyish etilgan.
“O‘zbekiston Sankt-Peterburgning yaqin hamkori va shaharning asosiy savdo sheriklaridan biri hisoblanadi. Shuning uchun bu yerda hozir bo‘lgan barcha kompaniyalar o‘zbekistonlik hamkorlar bilan ishlash tajribasiga ega. Biroq ishtirokchilarimizning har biri O‘zbekistonni rivojlanish uchun asosiy bozor deb biladi”, – deb, qo‘shimcha qildi u.
Belarus ko‘rgazmada oltita kompaniyadan iborat milliy pavilon bilan namoyish etildi, ular uglevodorodlarni qayta ishlash bilan bog‘liq sanoat uchun zamonaviy texnologik yechimlarni taqdim etishdi.
“Stendimizda neft-kimyo sanoatining beshta yetakchi korxonasi taqdim etilgan. Hozirda biz Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan hamkorlik qilmoqdamiz. O‘zbekistonga esa hamkorlikni kengaytirish, memorandumlar va shartnomalar imzolash maqsadida keldik”,– dedi “Belneftexim” konsernining Tashqi iqtisodiy faoliyat (TIF) tahlili va MDH mamlakatlari bilan hamkorlik bo‘limi yetakchi mutaxassisi Olga Tkachik.
Haftaning yana bir muhim tadbiri energetika, energiya tejash va muqobil energiya manbalari ko‘rgazmasi bo‘ldi. Unda sohaning zamonaviy uskuna, texnologiya, innovatsiya va raqamli yechimlari namoyish etildi.
Chuvashiya Respublikasi Eksportni qo‘llab-quvvatlash markazining tashqi iqtisodiy faoliyat bo‘yicha maslahatchisi Andrey Smirnov Rossiyaning ushbu hududi ko‘rgazmaga nimalar bilan kelgani haqida gapirdi.
“Biz ushbu ko‘rgazmada ikkinchi marta qatnashapmiz. Transformatorlardan tortib kabel mahsulotlarigacha bo‘lgan keng turdagi tovarlarni ishlab chiqaruvchi oltita kichik va o‘rta korxonani olib keldik”, — dedi u.
Shuningdek, u ko‘rgazma doirasida samarali muzokara va uchrashuvlar bo‘lib o‘tganini ta’kidladi.
“Ushbu ko‘rgazma davomida o‘rnatgan aloqalarimiz hamkorligimizning yanada rivojlanishida davom etishiga umid qilamiz”, — deya so‘zini yakunladi u.
Shuningdek, 2026-yilda “Yangi energetika: innovatsiyalar, barqarorlik, mintaqaviy kooperatsiya” mavzusida o‘tgan “O‘zbekiston energetika forumi” doirasida xalqaro neft-gaz va energetika anjumani hamda "Young Energy Section" yoshlar energetika bloki bo‘lib o‘tdi. Energetika haftaligi doirasida hamkorlik to‘g‘risidagi bitim va memorandumlar imzolandi, G2B va B2B formatidagi uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi.
