Qoraqalpog‘istonlik so‘nggi Urush faxriysi bilan suhbat
14:56 09.05.2026 (yangilandi: 20:44 09.05.2026)
© Sputnik
Obuna bo‘lish
Mariya Ivanovna Karnishina 14 yoshida frontga ketib, u yerda yarador jangchilarni davolashga yordam bergan.
Og‘riq va dahshat ichra u o‘limdan qo‘rqmaslikni, hech qachon yig‘lamaslikni va faqat bir narsaga — G‘alabaga ishonishni o‘rgandi.
Mariya Ivanovna 97 yoshda. U urush yillarini eslar ekan, ko‘zlarini bir oz yumadi. Gapirganda, bir zum tin oladi. O‘sha yillardagi dahshatli manzaralar uning xotirasida qayta-qayta jonlanadi.
Shunday lahzalarda u 1094-sonli evakuatsiya harbiy qismi gospitalida ishlagan davrlari – urush go‘yo yana qaytgandek bo‘ladi. U qon hidini, o‘zining kichik kaftlarida ushlab turgan jangchilarning muzdek qo‘llarini eslaydi.
“Frontda bo‘lmaganman, biz front ortidan yurib, jangchilarni dalalardan yig‘ib, ularni davolardik. Bir kuni dalaga chiqqanimda, bir askarga ko‘zim tushdi – bahaybat, og‘ir bir yigit ekan. Men esa kichkinagina, ozg‘in edim. Ammo u tirik, uni qutqarish kerak edi. Qanday qilib uni yelkamga olganimni va gospitalgacha olib borganimni hamon tushunmayman”, — dedi Mariya Ivanovna.
Bunday voqealar kam bo‘lmagan.
“Jarohatlar har xil edi, juda og‘irlari ko‘p bo‘lgan. Ba’zan askarlarning na qo‘li, na oyog‘i bo‘lardi”, — deya hikoya qiladi u.
Ammo faxriy hammasini ham gapirmaydi: eng dahshatli lahzalar haqida sukut saqlaydi. Urushda Mariya Ivanovna ko‘p voqealarning guvohi bo‘lgan: ularning poyezdi o‘qqa tutilgan, ko‘pchilik qo‘llarida jon bergan. Yuzlab insonlarning hayoti saqlab qolingan hollar ham bo‘lgan.
“Urush – bu urush, biz qo‘rqmaganmiz, hammamiz G‘alaba uchun ishlaganmiz, qo‘limizdan kelganini qildik. Men ham qo‘limdan kelganicha harakat qildim”, — deya u juda xotirjam va hatto oddiy ohangda so‘zini yakunlaydi.
Mariya Ivanovna urush paytida, haqiqatan ham, hali bola edi. Uning frontga borib qolishi haqidagi voqea qaysidir ma’noda film sujetiga o‘xshab ketadi. Umuman, uning hayoti haqida hozirda hatto kitob ham yozilmoqda.
U 1929-yili Tatariston ASSRning Kovali qishlog‘ida tug‘ilgan. Sakkiz yoshga to‘lganida onasi betob bo‘lib qoladi va qizchani opasi Klavdiya o‘z qaramog‘iga oladi. Klavdiyaning turmush o‘rtog‘i harbiy bo‘lib, o‘sha paytda taqsimot bo‘yicha Qoraqalpog‘istonda xizmat qilardi.
“O‘n uch yoshimdan xat tashuvchi bo‘lib qo‘shimcha pul topardim, chunki biz, ayniqsa Klavdiyaning eri vafot etgandan so‘ng qiynalib qolgandik. 1943-yili esa avval hunar o‘rganib, keyin ishlash uchun Buxoroga, to‘qimachilik-yigiruv fabrikasiga bordim”, — deydi Mariya Ivanovna.
Jo‘nab ketishidan oldin opasi Mashaga o‘zi to‘qigan echki junidan ro‘molni berdi.
“Agar och qolsang, qiynalsang, ro‘molni sotib, qolgan pulini qaytarib olib kelasan, dedi”, — deya hikoya qiladi faxriy.
O‘sha yillari haqiqatan ham ocharchilik bo‘lgan, Mariya Ivanovna esa pulning bir qismini emas, hammasini sarflab yubordi, chunki u o‘ziga va do‘stlariga yegulik sotib olgan. Shu sababli opasining yoniga qaytib borishga qo‘rqdi. O‘z yurti Kovaliga qaytishga qaror qildi.
Chiptaga pul yo‘q edi, vagonlarning tomi va zinalarida ketishga to‘g‘ri keldi. O‘sha paytda qizchaning onasi olamdan o‘tgan, qarindoshlar esa og‘ir ahvolda bo‘lib, qizchani o‘zlariga olib keta olmadi.
“U yerda men hech kimga kerak emasdim”, — deydi u.
Vokzalda adashib qolgan yolg‘iz Mashani bir juftlik uchratib qoldi. Ular qizchani asrab olishga qaror qilib, u bilan Polsha tomon yo‘l olishdi, lekin bekatlardan birida odam ko‘pligidan bir-birlarini yo‘qotib qo‘yishdi. Qizcha mutlaqo notanish shahardagi vokzalda yana bir o‘zi qoldi.
Shu payt stansiyaga eshelon kelib to‘xtadi. U yerdan shinel kiygan, pogonli va unvonli harbiy shifokor ayol — uning ham ismi Mariya edi (Mariya Ivanovna bu tafsilotni doim alohida ta’kidlaydi) — tushib keldi. U och va muzlab qolgan Mashaga rahmi kelib, uni vagonga olib chiqdi, qornini to‘ydirdi va o‘zlari bilan birga frontga borib, sanitarlik qilishni taklif etdi.
“Bu yaradorlarni yig‘ib yuradigan ko‘chma evakuatsiya gospitali edi: jangdan so‘ng ularning yaralari davolanar, bog‘lanar va keyin front ortiga jo‘natib yuborilardi. O‘sha paytda buvim 14 yoshda bo‘lgan: ularning safiga qo‘shilish uchun yoshlarini yashirib, yana uch yil qo‘shib aytganlar”, — deya hikoya qiladi Mariya Ivanovnaning kelini Alesya Sherbakova.
1945 yili sanitarka Karnishina 16 yoshda edi. U G‘alabani Berlindan 200 kilometrdan kamroq masofada, Germaniyaning Magdeburg shahrida nishonladi.
Urushdan so‘ng bir muddat Ukrainada ishladi, u yerga frontdagi dugonalaridan biri bilan jo‘nab ketgandi. Ammo keyinroq Nukusga qaytib, Ichki ishlar vazirligida xabar beruvchi bo‘lib ishladi, keyin esa hisobchi va buxgalterlikka o‘qidi.
“17 yoshimda bir yigitni uchratdim, gaplasha boshladik, uchrashdik, turmush qurdik va o‘g‘limizSlavka tug‘ildi. Keyin esa Vaskam (Mariya Ivanovna erini shunday chaqiradi) vafot etdi”, — deya xo‘rsinadi u.
Shunday qilib, u o‘g‘lini yolg‘iz o‘zi katta qildi, tinimsiz ishladi va hech qachon tushkunlikka tushmadi. Shu bilan birga, deyarli erkak yordamisiz, o‘z qo‘llari bilan uy qurdi.
“Buvim aytib berardilar, uyning tomi uchun xodani o‘z qo‘llari bilan bittadan tashib kelgan ekanlar”, — deya qo‘shimcha qiladi Alesya.
Keyinroq Mariya Ivanovna yana bir frontchi Sergey Nikolayevich Staforovni uchratdi. U ayolning umr yo‘ldoshiga aylandi va uyni qurib bitkazishga ham yordam berdi. So‘ng Sergey Nikolayevich uni Toshkentga olib ketdi – bu shaharni Mariya Ivanovna juda yaxshi ko‘rib qolgandi. U yerda beva qolib, 93 yoshgacha yashadi va faqatgina betobligi sababli Nukusga, nabirasi Aleksey Bondarev, uning rafiqasi Alesya va evarasi Masha yoniga qaytishga rozi bo‘ldi.
“Nukusga ko‘chib kelib, biz bilan yashay boshlaganidan so‘ng, buvim o‘z vaqtida uy qurgan sobiq Institut ko‘chasiga bir necha bor bordik. Uy allaqachon buzib tashlangan edi. Ammo bir kuni bir ayolni uchratib qoldik. U bizdan kimligimizni va qayerdanligimizni so‘radi. Biz hikoyamizni aytib berganimizda, u ham shu yerda ancha yillardan beri yashashini, buvimni o‘n olti yoshidan tanishini va uning salobatli qaddi-qomatiyu matonatli xarakterini esida ekanligini aytdi”, — deydi Alesya Sherbakova.
Mariya Ivanovna, rostini aytsak, hozir ham juda go‘zal. Yoshiga qaramay, ko‘p ishlarni hamon o‘zi bajarishga harakat qiladi. Materialimiz uchun suratga olishimizdan oldin, chiroyli ko‘rinadi deb, ro‘molini ehtiyotkorlik bilan o‘rab oldi. Qolaversa, u ba’zan “Katusha”ni kuylaydi va urush yillaridagi she’rlarni yodga oladi.
Mariya Ivanovnani hamma juda yaxshi ko‘radi va qadrlaydi. Uni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Nukus shahar hokimligi vakillari, shuningdek, maktab o‘quvchilari va talabalar tez-tez yo‘qlab turadi. Ular uchun Mariya Ivanovna jasorat, matonat va mardlik timsolidir.
“Buvim bilan ko‘p suhbatlashib, unga hayoti davomida mehr va iliqlik juda yetishmaganini angladim: ota-onasi barvaqt olamdan o‘tib, opasi o‘z qaramog‘iga olgan. Ammo u 8-9 yoshidayoq pul topish va kattalarning ishini qilishga majbur bo‘lgan. U hali o‘smirlik chog‘ida ochlikni, turmush qiyinchiliklarini va frontni boshdan kechirdi, urushdan keyin esa hamma narsaga o‘z kuchi bilan erishdi. Shuncha qiyinchiliklarga qaramay, u tushkunlikka tushmas, hayotni sevar va atrofdagilarga yaxshilik qilib yashardi. Nazarimda, u temirday mustahkam irodaga, yuksak intizom va katta mas’uliyatga ega inson”, — deya so‘ziga yakun yasaydi Alesya.
Bugun Mariya Ivanovna — Qoraqalpog‘iston hududida istiqomat qilayotgan Ulug‘ Vatan urushining yagona faxriysi. U barcha urush qatnashchilarining qalbida abadiy muhrlangan o‘sha azob va dahshatning jonli guvohidir. U aql bovar qilmas matonat va iroda sohibasidir.
Urush Mariya Ivanovnani sindirmadi, aksincha, yanada kuchliroq qildi. Uning mukofotlari ko‘p, biroq o‘zini qahramon deb bilmaydi. Va u biz bilan birga ekan, bizda urush va G‘alaba quvonchi haqidagi hikoyalarni kitoblar yoki filmlardan emas, balki uning sokin va vazmin hikoyalaridan tinglash imkoni bor.