“Propiska” tartibi o‘zgardi: uy egalari, yashovchilar va ijarachilar uchun yangi qoidalar

© Sputnik / Yuliya Chestnova / Mediabankka o‘tishOformlenie vremennoy propiski
Oformlenie vremennoy propiski - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 07.05.2026
Obuna bo‘lish
Ro‘yxatdan o‘tish bo‘yicha yangi nizomda uyda yashovchilar, mulkdorlar, ijarachilar va bolalarni ro‘yxatga qo‘yish tartibi aniqlashtirildi.
TOShKENT, 7-may — Sputnik. O‘zbekistonda fuqarolarni yashash va turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi belgilandi. Aholi orasida “propiska” deb ataladigan ushbu jarayon endi yangi nizom asosida amalga oshiriladi.
Vazirlar Mahkamasining qarori bilan tegishli nizom tasdiqlandi. Hujjat 6-maydan kuchga kirdi.
Qonunchilikka ko‘ra, O‘zbekiston fuqarolari, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar yashash joyi yoki turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tishi shart. Bunda ro‘yxatdan o‘tish ruxsat berish xususiyatiga ega emas, ya’ni u yashash yoki harakatlanish huquqini berish emas, balki manzil bo‘yicha hisobga qo‘yish tartibi hisoblanadi.
Yangi manzilga ko‘chganlar 10 ish kunida ro‘yxatdan o‘tadi
Fuqaro yashash joyi yoki turgan joyi o‘zgargan taqdirda, yangi manzilga kelgan kundan boshlab 10 ish kunidan kechiktirmay ro‘yxatdan o‘tishi kerak.
Xorijda doimiy yashovchi O‘zbekiston fuqarolari ham mamlakatga kirganidan keyin 10 ish kuni ichida yashash yoki turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tishi shart.
Vaqtincha ro‘yxat muddati tugasa nima bo‘ladi?
Agar turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tganlik muddati tugagan bo‘lsa, ammo shaxs o‘sha joyda yashashni davom ettirsa, u 10 ish kuni ichida qaytadan ro‘yxatdan o‘tishi kerak.
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga ko‘ra, ro‘yxatdan o‘tmasdan yashaganlik uchun BHMning 3 baravari — hozirda 1 million 236 ming so‘m jarima belgilangan.
Ijara shartnomasi bo‘lsa, uy egasining roziligi kerak emas
Agar turar joyning ijara shartnomasi soliq organlarida hisobga olingan bo‘lsa, fuqaroni turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazishda uy-joy mulkdorining alohida arizasi yoki roziligi talab etilmaydi.
Onlayn ariza YaIDXP yoki “E-xabar berish” tizimi orqali shakllantirilganda ham, agar u soliq organlarida hisobga olingan ijara shartnomasi asosida berilayotgan bo‘lsa, mulkdorning qo‘shimcha tasdig‘i talab qilinmaydi.
Uy egasiga ham javobgarlik bor
Qonunchilikda uy egalari uchun ham alohida mas’uliyat belgilangan. O‘z uyida fuqarolarning ro‘yxatdan o‘tmasdan yashashiga yo‘l qo‘ygan mulkdorga BHMning 5 baravari — hozirda 2 million 60 ming so‘m jarima qo‘llanadi.
Ro‘yxatdan o‘tish pullimi?
Yashash yoki turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazish uchun BHMning 2 foizi — hozirda 8 240 so‘m davlat boji undiriladi.
Qayerga murojaat qilish mumkin?
Ro‘yxatdan o‘tish uchun fuqaro yoki uy egasi vakolatli organ, davlat xizmatlari markazi, “Aqlli” migratsiya shoxobchasi, YaIDXP yoki “E-xabar berish” tizimi orqali murojaat qilishi mumkin.
Bolalar qanday ro‘yxatdan o‘tkaziladi?
18 yoshga to‘lmagan bolalar ota-onasi, ulardan biri yoki vasiysi ro‘yxatdan o‘tgan manzilda ro‘yxatga olinadi. Agar bola ota-onasi vaqtincha ro‘yxatdan o‘tgan manzilga qo‘yilayotgan bo‘lsa, uy egasining alohida roziligi talab qilinmaydi.
Yediniy portal interaktivnix gosudarstvennix uslug (YePIGU). - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 01.02.2026
Birinchi martdan "propiska" ma’lumotlarini onlayn to‘g‘rilash mumkin bo‘ladi
Yangiliklar lentasi
0