Sobiq WBA va IBF chempioni Denis Lebedev Toshkentda mahorat darsi o‘tkazdi

© Sputnik / Aleksandra Terexina
Obuna bo‘lish
Eksklyuziv
Roy Jons kichik va Jeyms Toni kabi mashhur bokschilarni mag‘lub etgan Denis Lebedev Toshkentda yosh sportchilar bilan tajriba almashdi.
TOShKENT, 7-may — Sputnik. Boks bo‘yicha sobiq jahon chempioni Denis Lebedev Toshkentda yosh sportchilar, murabbiylar va boks ixlosmandlari uchun mahorat darsi o‘tkazdi.
Mashg‘ulot “Underdog Boxing Club” boks klubida bo‘lib o‘tdi. Tadbir Rossiyaning “Xalq fronti” jamoat harakati va Toshkentdagi Rus uyi tomonidan tashkil etildi, deb xabar berdi Sputnik O‘zbekiston muxbiri.
Mahorat darsida Lebedev klassik boks maktabi, ringda harakatlanish, masofani his qilish, himoya, tayming va "raqibni o‘qish" kabi jihatlar haqida so‘zlab berdi.

Master-klass Lebedeva v Tashkente
© Sputnik / Aleksandra Terexina
Sportchi boksning “eski maktabi”ga xos jihatlar — sportga hurmat, fidoyilik va o‘z ustida doimiy ishlashga alohida e’tibor qaratdi.
U mashg‘ulot jarayoniga yondashuv, sportchining psixologik tayyorgarligi va intizom masalalariga ham alohida to‘xtaldi.

Master-klass Lebedeva v Tashkente
© Sputnik / Aleksandra Terexina
Bokschiga ko‘ra, mahorat darsining asosiy maqsadi tajriba almashishdan iborat. U yosh sportchilarning qiziqishi va savollariga e’tibor qaratdi.
“Bugun boksga qiziqqan bolalarni ko‘rdim. Mavzu bo‘yicha savollarni eshitdim. Ular qiziqishadi, so‘rashadi, harakat qilishadi. Umuman olganda, O‘zbekiston bugun jahon boksida yetakchilardan biri”, — dedi Lebedev.
Mashg‘ulot ishtirokchilari uchun bu uchrashuv nafaqat texnika, balki sportga munosabat, o‘z ustida ishlash va intizom borasida ham muhim tajriba bo‘ldi.

Master-klass Lebedeva v Tashkente
© Sputnik / Aleksandra Terexina
“Men yaqinda shug‘ullana boshladim. Denis Lebedev ko‘rsatgan usullar juda foydali. Men ular haqida bilmagandim. Shuningdek, u intizom, aql va mantiqni rivojlantirish haqida gapirdi, yaxshi maslahatlar berdi”, — dedi Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti akademik litseyi o‘quvchisi Nodirbek Tohirov.
Mahorat darsi davomida ishtirokchilar jahon chempioniga o‘z savollarini berib, undan maslahat olish imkoniga ega bo‘lishdi.
Ma’lumot uchun, Denis Lebedev professional ringda birinchi og‘ir vazn toifasida jahon chempioni bo‘lgan. U WBA va IBF kamarlariga egalik qilgan. BoxRec ma’lumotlariga ko‘ra, Lebedev faoliyati davomida 36 ta jang o‘tkazib, 32 ta g‘alabaga erishgan, shundan 23 tasi nokaut bilan yakunlangan. U Roy Jons kichik, Jeyms Toni, Enso Makkarinelli va Viktor Emilio Ramires kabi mashhur bokschilar ustidan g‘alaba qozongan.
