“Madaniyat orqali birga": Toshkentda Rus uyi kvesti qanday o‘tdi

Obuna bo‘lish
Eksklyuziv
Tadbir maktab o‘quvchilari, talabalar va yosh mutaxassislarni birlashtirib, ishtirokchilarga ko‘plab ijobiy his-tuyg‘ular va ajoyib kayfiyat ulashdi.
TOShKENT, 3-may — Sputnik. Toshkentda “Rossiya yashaydigan uy” kvesti bo‘lib o‘tdi. Tadbir Rossotrudnichestvoning O‘zbekistondagi vakolatxonasi tomonidan O‘zbekiston davlat yoshlar teatri va “G‘alaba ko‘ngillilari” jamoasi ko‘magida tashkil etildi. U poytaxtdagi Markaziy madaniyat va istirohat bog‘ida “Madaniyat orqali birga” shiori ostida o‘tkazildi.
“Bugungi tadbir O‘zbekistondagi Rus uyining 25-yilligiga bag‘ishlangan. Bugun shuncha do‘stlarimiz yig‘ilganidan juda xursandmiz. Bu rus an’analariga bag‘ishlangan ajoyib kvest. Mehmonlarimiz va ishtirokchilarimiz qo‘shiqlar kuylaydi, topishmoqlar topadi, shaharcha o‘yinini o‘ynaydi. Ya’ni, bular ham sport, ham ma’rifiy tadbirlardir. Menimcha, mehmonlarni, Rus uyining do‘stlarini birlashtirish va madaniyatimizni ko‘rsatishning aynan shunday yo‘li juda samarali”, — dedi Rossotrudnichestvoning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Irina Staroselskaya Sputnik O‘zbekiston muxbiriga bergan intervyusida.
Kvestda maktab o‘quvchilari, talabalar va yosh mutaxassislar ishtirok etdi: har birida besh kishidan iborat jami 12 ta jamoa. Ishtirokchilar orasida Rossiya oliy o‘quv yurtlarining Toshkentdagi filiallari o‘qituvchilari ham bor edi.
“O‘tgan yili jamoamiz G‘alabaning 80-yilligiga bag‘ishlangan Rus uyi kvestida ishtirok etgan edi. Unga oldindan tayyorgarlik ko‘rganmiz, Ulug‘ Vatan urushi mavzusiga oid materiallarni o‘rganganmiz. Bugungi kvest ham qiziqarli va faol o‘tmoqda. Umuman, bunday tadbirlar odamlarni birlashtiradi, ko‘p yangi narsalarni bilish imkonini beradi”, — dedi Moskva davlat xalqaro munosabatlar instituti (MGIMO)ning Toshkent filiali o‘qituvchisi Valeriy Murazikov.
Tadbir boshlanishidan oldin barcha ishtirokchilar kvest davomida o‘tilishi kerak bo‘lgan “Jonli so‘z”, “An’analar iliqligi”, “Qalb musiqasi”, “Rus naqshi”, “Birga” va “Rus xarakteri” stansiyalari nomi yozilgan Rus uyi “pasportlari”ni olishdi. Shuningdek, har bir jamoaga stansiyalardan o‘tish ketma-ketligi ko‘rsatilgan marshrut varaqasi berildi.
Toshkent shahridagi 159-umumta’lim maktabining matematika fani o‘qituvchisi Kristina Simanova “Xorijdagi rossiyalik o‘qituvchi” loyihasi ishtirokchisi hisoblanadi. U kvestga shogirdlari bilan keldi.
“Biz bolalar bilan ko‘plab qiziqarli narsalarni o‘rgandik, turli rus an’analari haqida bilib oldik, Rossiya naqshlari va musiqasi bilan tanishdik. Biz yaqinroq tanishish va Rossiya hayoti muhitiga sho‘ng‘ish uchun kvestda ishtirok etishga qaror qildik”, — dedi u.
Tadbir davomida bolalar alohida so‘zlar va rasmlardan rus maqollari hamda matallarini tuzishdi, matroshkalar rasmini chizishdi, rus qo‘shiqlarini kuylashdi, mehmonga borish va mehmonlarni qanday kutib olishni namoyish etishdi. Sport musobaqalari ham bo‘lib o‘tdi — shaharcha o‘yini va ko‘zlari bog‘langan holda klassika o‘yini tashkil etildi.
“Bugungi tadbir nihoyatda qiziqarli o‘tdi. Muhit unutilmas edi, menga juda yoqdi, chunki har bir lokatsiya o‘z muhiti, shinamligi va quvnoqligi bilan ajralib turardi”, — deya taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi Moskva davlat universiteti (MGU) Toshkent filiali talabasi Artur Tuxay.
Kvest natijalariga ko‘ra, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining “Dekan sevimlilari” va “Mo‘’jizalar avlodi” jamoalari mos ravishda uchinchi va ikkinchi o‘rinlarni egalladi. G‘olib esa Xalqaro Nordik universiteti jamoasi bo‘ldi.
Uning ishtirokchilaridan biri Nodirbek Ahadbekov Toshkentdagi Rus uyi tadbirlarida tez-tez qatnashishini, yaqinda “Tezkor start” olimpiadasida ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritganini aytdi.
“Rus uyining 25-yilligi sharafiga shunday tadbir tashkil etilishini ko‘rganimda, darhol rus tiliga qiziqadigan barcha tanishlarimni taklif qildim. Hatto rus tilini unchalik yaxshi bilmaydiganlar ham kelgani juda quvonarli bo‘ldi, lekin ular baribir qiziqish bildirishdi. Ayrim narsalarni tushunmasalar ham, harakat qilishgani yoqimli edi. Mana shu sa’y-harakatlar, ana shu ishtiyoq tufayli biz bugun birinchi o‘rinni egalladik, deb o‘ylayman. Universitetimizda ham rus tiliga qiziquvchilar borligini hammaga ko‘rsatdik”, — dedi u.
MGU va MGIMO Toshkent filiallari jamoalariga ham rag‘batlantiruvchi sovg‘alar topshirildi.
V tashkentskom filiale RGU nefti i gaza imeni I. M. Gubkina proshli yumoristicheskie sorevnovaniya KVN: Bitva vuzov - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 02.04.2026
Eng yaxshi hazillar jangi: Toshkentda talabalar o‘rtasida QVZ musobaqasi bo‘lib o‘tdi
Yangiliklar lentasi
0