Toshkentda SputnikPRO: besh soniyalik diqqat davrida auditoriyani qanday saqlab qolish mumkin

Obuna bo‘lish
Eksklyuziv
Ekspert faktcheking, neyron tarmoqlar bilan ishlash va zamonaviy OAVning tezkorlik poygasidagi xatolariga alohida e’tibor qaratdi.
TOShKENT, 29 apr — Sputnik. Toshkentda SputnikPro loyihasi doirasida media sohasida ishlashning zamonaviy yondashuvlariga bag‘ishlangan mahorat darsi bo‘lib o‘tdi. Ishtirokchilarga auditoriya e’tiborini qanday jalb qilish hamda murakkab mavzularni raqamli formatga moslashtirish haqida gapirib berildi.
Raqamli mediada 10-yildan ortiq tajribaga ega spiker, “Sputnik” radiosi rahbari Margarita Nekrasova hatto qisqa formatda ham o‘z sifatini yo‘qotmaydigan kontent yaratish bo‘yicha amaliy tavsiyalar bilan o‘rtoqlashdi.
Uning ta’kidlashicha, bugungi kunda jurnalistika blogerlar va ijtimoiy tarmoqlar tomonidan jiddiy raqobatga duch kelmoqda.

“Biz odamni qiziqtirish uchun atigi besh soniyagina vaqtimiz bor davrda yashayapmiz. Agar uni darhol jalb qila olmasangiz, u shunchaki o‘tkazib o‘tib ketadi. Eng muhim va qiziqarli jihatlar boshida bo‘lishi kerak, aks holda, auditoriya asosiy mohiyatga yetib bormaydi”, — dedi Nekrasova.

Ekspertning so‘zlariga ko‘ra, odamlar internetga ko‘pincha hordiq chiqarish uchun kiradi, shuning uchun yangiliklar qiziqarli bo‘lishi va boshqalar bilan muhokama qilish uchun sabab yaratishi lozim.
Soxta yangiliklar davrida jurnalistning o‘rniga alohida e’tibor qaratildi. Spiker ta’kidlaganidek, aynan axborotni tekshirish professional medianing asosiy vazifasi bo‘lib qolmoqda.

“Axborot oqimi kuchli bo‘lgan bir paytda, eng muhimi — ma’lumotni tekshirish va faktni ishonchsiz ma’lumotlardan ajrata olish", — deya izohladi ekspert.

Shuningdek, ma’ruzada neyron tarmoqlardan foydalanish masalasi muhokama qilindi. Bugungi kunda ular tahririyatlarga kundalik vazifalarni bajarishda yordam bermoqda, ammo ijodiy ish inson zimmasida qolmoqda.
“Neyrotarmoqlar mexanik ishni yaxshi uddalaydi, lekin qiziqarli burilish o‘ylab topish va mavzuni chinakamiga ochib berish faqat jurnalistning qo‘lidan keladi”, — dedi Margarita Nekrasova.
Ekspert zamonaviy ommaviy axborot vositalarining keng tarqalgan xatolari — yangiliklarni tekshirmasdan ko‘chirish, shov-shuvli sarlavhalar uchun ma’noni buzib talqin qilish kabi holatlarga ham e’tibor qaratdi.
“Masalan, siz nufuzli, yirik nashrda ishlaysiz va biror spikerdan sharh olasiz. Siz bu materialni yanada yorqinroq, o‘qishli qilishga harakat qilasiz. Ammo jurnalistlar ko‘pincha tavakkalga qo‘l urib, spikerning so‘zlaridan iqtibos olgan holda, mohiyatini buzib, qandaydir jozibali, klikbeyt sarlavha qo‘yishadi. Bu esa kelajakda o‘sha spikerning sizga boshqa sharh bermasligiga olib kelishi mumkin, chunki u allaqachon siz bilan ishlash bo‘yicha salbiy tajribaga ega bo‘ladi”, — deya ta’kidladi Nekrasova.
Margarita Nekrasova sifatli postlar yozish bo‘yicha chek-listni ham taqdim etib, uning hissiy mezoniga alohida to‘xtaldi: yangilik shunchalik qiziqarli bo‘lishi kerakki, jurnalistning o‘zi ham bu ma’lumotni do‘sti bilan baham ko‘rishni istab qolsin.

Ma’lumot uchun: SputnikPRO - Sputnik axborot agentligi tomonidan tashkil etilgan media sohasidagi xalqaro ma’rifiy loyiha. Bu jurnalistlar, matbuot kotiblari, blogerlar va oliy ta’lim muassasalarining tegishli yo‘nalishlari bo‘yicha yuqori kurs talabalari uchun Rossiya va xorijdagi eng yaxshi media-menejerlar, ekspertlar hamda agentlikning yetakchi mutaxassislari tomonidan o‘tkaziladigan seminarlar, ma’ruzalar va mahorat darslarining noyob tizimidir.

KengaytirishYig‘ishtirish
Yangiliklar lentasi
0