XVJ O‘zbekistonga soliq va boj imtiyozlarini tugatishni tavsiya qildi

© AP Photo / Andrew HarnikMejdunarodniy valyutniy fond (MVF)
Mejdunarodniy valyutniy fond (MVF) - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 14.04.2026
Obuna bo‘lish
XVJ missiyasi tavsiyalari orasida aksiz stavkalarini oshirish taklifi ham bor. Qonunchilikka ko‘ra, aksiz solinadigan tovarlar qatoriga alkogol mahsulotlari, benzin, tabiy gaz va ayrim boshqa tovarlar kiradi
TOShKENT, 14 apr — Sputnik. Xalqaro valyuta jamg‘armasining O‘zbekiston bo‘yicha 2026-yilgi IV modda missiyasi yakunlariga oid bayonoti e’lon qilindi. Bu haqda Markaziy bank matbuot xizmati ma’lum qildi.
Bayonotga ko‘ra, XVJ missiyasi O‘zbekiston iqtisodiyotini hozircha barqaror deb baholadi: 2025-yilda YaIM 7,7 foizga o‘sgan.
Shu bilan birga, jamg‘arma bu ijobiy ko‘rsatkichlar xatarlar kamayganini anglatmasligini qayd etdi. Hisobotda aytilishicha, hozirgi o‘sishga pul o‘tkazmalari, oltin narxining yuqoriligi va ichki talab yordam bermoqda, ammo tashqi vaziyat yomonlashsa, bu omillarning ta’siri zaiflashishi mumkin.
Ehtimoliy xavf-xatarlar. XVJga ko‘ra, 2026-yilda iqtisodiy o‘sish 6,8 foiz atrofida saqlanishi mumkin. Lekin 2027-yilda pul o‘tkazmalari sekinlashishi va oltin narxi o‘sishining susayishi ortidan tashqi savdo va to‘lovlar muvozanatiga bosim kuchayishi mumkin.
Yaqin Sharqdagi urush xavfi. Jamg‘arma fikricha, uning O‘zbekistonga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’siri cheklangan bo‘lishi mumkin. Biroq neft narxi oshishi, logistika xarajatlari ko‘payishi, savdo yo‘llari uzilishi yoki asosiy hamkor davlatlar iqtisodiyoti sekinlashishi kabi bilvosita omillar ta’siri kuchliroq bo‘lishi mumkin.
Shu bois XVJ urush yoki neft narxi shoki sharoitida ommaviy subsidiyalar va narxlarni ma’muriy usulda ushlab turishdan ko‘ra, yordamni faqat ehtiyojmand qatlamlarga vaqtincha va manzilli tarzda berishni maqbul deb hisoblaydi.
Budjet siyosati. XVJ 2025-yilda budjet taqchilligi rejadagidan past bo‘lganini ijobiy baholadi. Biroq 2026-yilda yil davomida qo‘shimcha xarajatlarni cheklash tavsiya etildi. Jamg‘armaga ko‘ra, oltin narxi yuqori bo‘lib, budjetga kutilgandan ko‘proq tushum kelsa ham, bu mablag‘ni rejadan tashqari sarflab yuborish inflyatsiya bosimini kuchaytirishi mumkin.
Shuningdek, davlat tashkilotlarida ish haqi va shtatlar uchun xarajatlarni tartibga solish, davlat korxonalariga budjet yordamini bosqichma-bosqich qisqartirish, ijtimoiy yordam dasturlarini birlashtirish va davlat xaridlari islohotini davom ettirish tavsiya qilindi.
Soliq imtiyozlari va tushumlar. XVJ tez o‘sib borayotgan aholi uchun sog‘liqni saqlash, ta’lim va infratuzilma xarajatlarini moliyalashtirish maqsadida daromad bazasini mustahkamlash zarurligini bildirdi.
Jumladan, aksiz stavkalarini oshirish, daromadga bog‘liq soliq imtiyozlarini bosqichma-bosqich bekor qilish, yangi shunday imtiyozlar bermaslik, korporativ soliq bo‘yicha imtiyozli stavkalar hamda qonun bilan belgilanmagan bojxona imtiyozlarini tugatish tavsiya etildi.
Banklar va kredit siyosati. XVJ davlat ulushi bor tijorat banklarini xususiylashtirishni tezlashtirish kerakligini aytdi. Samarasiz ishlayotgan banklar bo‘yicha o‘z vaqtida chora ko‘rish, zarur bo‘lsa ularni qayta tuzish yoki bozordan chiqarish lozimligi qayd etildi.
Shuningdek, davlat dasturlari orqali beriladigan maqsadli va imtiyozli kreditlarni qisqartirish tavsiya qilindi. Jamg‘arma fikricha, bunday dasturlar ayrim hollarda mablag‘ni iqtisodiy jihatdan samarasiz yoki qarzni qaytarish qobiliyati zaif qarz oluvchilar tomon burib yuboradi.
Davlat korxonalari. XVJ raqobatli sohalarda ishlayotgan va foyda ko‘rayotgan davlat korxonalarini xususiylashtirish, yashovchan emaslarini esa tugatish kerakligini bildirdi.
Strategik yoki raqobat cheklangan sohalarda qoladigan korxonalarda esa davlat ta’sirini qisqartirish, bozorcha daromad talabini joriy etish va korxonalar zimmasiga yuklatilgan, ammo tijorat foydasi keltirmaydigan vazifalar uchun mablag‘ni budjetdan ochiq ajratish kerakligi aytildi.
Mehnat bozori. XVJ O‘zbekistonda ayollarning mehnat bozorida ishtirok etishi pastligi, norasmiy bandlikning yuqoriligi va malaka hamda mehnat bozori ehtiyojlari o‘rtasidagi nomutanosiblikni iqtisodiy muammo sifatida qayd etdi. Jamg‘armaga ko‘ra, bu omillar iqtisodiy o‘sish salohiyatini cheklaydi.
Xulosa qilib aytganda, missiya bayonotida O‘zbekiston iqtisodiyoti hozircha barqaror ekani qayd etilgan. Biroq XVJ shu qulay davrda budjet intizomi, soliq imtiyozlari, davlat korxonalari, imtiyozli kreditlar va mehnat bozoridagi muammolar bo‘yicha islohotlarni kechiktirmaslikka chaqirgan.
Vstrecha Ministra inostrannix del RF S.Lavrova s zamestitelem predsedatelya Yevropeyskoy komissii K.Georgiyevoy - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 21.01.2026
Xalqaro valyuta jamg‘armasi rahbari ukrainaliklarga ertalab o‘kirishni maslahat berdi
Yangiliklar lentasi
0