“Hur qizlar”: Jizzaxdagi QFU filiali talabalari katta sahnada chiqish qildi

Obuna bo‘lish
Eksklyuziv
Spektakl Rossotrudnichestvoning O‘zbekistondagi “Yosh qalblar teatri” nomli yangi loyihasini boshlab berdi. Loyihaga mamlakatning boshqa oliy ta’lim muassasalarini ham jalb etish rejalashtirilgan.
Toshkentdagi O‘zbekiston Yoshlar teatri sahnasida “Hur qizlar” ("A zori zdes tixie…") spektaklining premyerasi bo‘lib o‘tdi. Uni professional aktorlar emas, balki Jizzaxdagi Qozon (Volgabo‘yi) federal universiteti filiali talabalari OTMning “Jurnalistika” yo‘nalishi o‘qituvchisi Andrey Matas rahbarligida tayyorlab, namoyish etishdi.
Filialdagi teatr truppasi uning ilk faoliyat yilidayoq tashkil topgan edi — o‘shanda havaskorlar “Varshava bonglari” pyesasi asosida kichik spektakl sahnalashtirishgan.
Professional bo‘lmagan truppa uchun “Hur qizlar” spektakli katta sahnadagi debutiga aylandi. Loyiha O‘zbekistondagi Rossotrudnichestvo ko‘magida amalga oshirildi. Jarayonni O‘zbekiston Yoshlar teatri nazorat qilib, o‘z sahnasini taqdim etdi. Teatr xodimlari QFU filialida talabalar teatrini tashkil etish tashabbusini katta xursandchilik bilan kutib olishdi.
“Birinchidan, bu tarbiya, intizom va insonlarga qalban ochilish imkoniyatidir. Ya’ni ular toza qo‘l, pok qalb bilan odamlar, tomoshabinlar oldiga chiqadi. Bu esa ularda oddiy insoniylikni tarbiyalaydi. Chunki hozirgi qiyin davrda bu kabi tadbirlar, materialga, ayniqsa, shunday murakkab materialga sho‘ng‘ish istagi juda qadrli, negaki bu — xotirani asrashdir”, — dedi O‘zbekiston Yoshlar teatrining bosh rejissori va badiiy rahbari Anvar Kartayev.
“Hur qizlar” spektakli Rossotrudnichestvoning O‘zbekistondagi “Yosh qalblar teatri” nomli yangi loyihasiga turtki berdi va unga mamlakatning boshqa oliy o‘quv yurtlarini ham jalb etish rejalashtirilgan. Shuningdek, ushbu spektakl Rossotrudnichestvoning O‘zbekistondagi vakolatxonasi tashkil etilganining 25-yilligiga bag‘ishlangan ilk tadbir bo‘ldi.
“Loyiha tashkilotchiligida moliyaviy ko‘mak ko‘rsatgan Rossotrudnichestvo Jamoatchilik kengashiga alohida minnatdorchilik bildirmoqchiman", — dedi O‘zbekistondagi Rossotrudnichestvo vakolatxonasi rahbari Irina Staroselskaya.
U G‘alaba kuni va tashkilotning 25-yilligiga bag‘ishlangan tadbirlar ham hali ko‘plab rejalashtirilganini qo‘shimcha qildi.
“Bular tanlovlar, viktorinalar, mahorat darslari va katta konsert bo‘ladi”, — dedi u.
QFU filiali talabalari nafaqat aktor sifatida sahnaga chiqishdi, balki yorug‘lik, ovoz va rekvizitlar bilan ham mustaqil shug‘ullanib, teatr jarayoniga butunlay sho‘ng‘ishdi. Yoshlar spektakl ustida ishlash ular uchun muhim hayotiy tajribaga aylanganini tan olishdi.
“Bularni boshdan kechirishni o‘rganar ekansiz, nimalar bo‘lganini his qilasiz. Qolaversa, bu ancha murakkab asar bo‘lib, mavzusi urush haqida: jangchilarni yo‘qotish, o‘lim, stress, zo‘riqish, shok — bularning barchasini ko‘rsatish kerak. Bizga, professional bo‘lmagan aktorlarga, shularni o‘rgatishdi”,— deya o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi talaba Nigina Rustamova.
Shuningdek, u urush mavzusiga bag‘ishlangan sahna asari chuqur hissiy kirishimni hamda o‘tmishdagi fojiali voqealarni tushunishni talab qilishini ta’kidladi.
Yana bir talaba Dmitriy Shishnev, asar asosida yotgan Ulug‘ Vatan urushi mavzusi bugungi kunda ham o‘z dolzarbligini yo‘qotmaganligini ta’kidladi. Yoshlarning so‘zlariga ko‘ra, bunday loyihalardagi ishtirok tarixiy xotirani saqlashga va G‘alabaga qanday qurbonlar evaziga erishilganini his qilishga yordam beradi.
Batafsil - Sputnik videosida.
Yangiliklar lentasi
0