Ukraina bo‘yicha navbatdagi tinchlik muzokaralari kutilmoqda - tomonlar bayonotlari
10:22 26.02.2026 (yangilandi: 10:38 26.02.2026)

© RIA Novosti
Obuna bo‘lish
Tramp mojaro bir oyda tugashini istashini aytdi, Zelenskiy esa uni shu yil yakunlanishiga umid qilmoqda. Marko Rubioga ko‘ra, agar AQSh muzokaralarni tashkil etmasa, boshqa hech kim buni qilmaydi.
TOShKENT, 26 fev — Sputnik. Ukraina Milliy xavfsizlik kengashi kotibi Rustem Umerovning AQSh vakillari bilan uchrashuvi payshanba kuni Jenevada bo‘lib o‘tishi kutilmoqda. AQSh prezidentining maxsus vakili Stiv Uitkoffning samolyoti Jenevaga uchib ketgani aytilmoqda.
Avvalroq Uitkoff u hamda AQSh prezidenti Donald Trampning kuyovi Jared Kushner Jenevada Umerov bilan uchrashishni rejalashtirayotganini ma’lum qilgan edi. Vladimir Zelenskiyning chorshanba kuni bildirishicha, uchrashuvda Ukrainani tiklash masalalari va mart oyi boshida o‘tishi mumkin bo‘lgan Rossiya bilan uch tomonlama muzokaralarga tayyorgarlik muhokama qilinadi.
17–18 fevral kunlari Jenevada Rossiya, AQSh va Ukraina o‘rtasidagi muzokaralarning navbatdagi raundi bo‘lib o‘tgan.
Shuningdek, Rossiya prezidentining xorijiy davlatlar bilan investitsiyaviy-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha maxsus vakili Kirill Dmitriyev ham payshanba kuni Jenevaga Amerika tomoni bilan muzokaralar o‘tkazish uchun kelishi kutilmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, Dmitriyev “o‘z liniyasi bo‘yicha” amerikalik vakillar Uitkoff va Kushner bilan uchrashadi.
Quyida mojaro tomonlari va AQSh rasmiylarining ushbu masala yuzasidan bildirgan fikrlari keltiriladi.
AQSh vitse-prezidenti Jey Di Vens Fox News telekanali efirida shunday dedi:
"Menimcha, biz taraqqiyotga erishmoqdamiz. Men haqiqatan ham rossiyaliklar bilan ham, ukrainaliklar bilan ham muayan siljish borligiga ishonaman va biz bu masala ustida ishlashda davom etamiz".
"Bu masalaning yechimi — diplomatik sa’y-harakatlarni davom ettirishdir".
"Prezident muayan optimizmga ega. Biz ruslar ham, ukrainlar ham qotilliklarni to‘xtatish mumkinligini his qiladigan nuqtaga yetib borishimiz mumkinligiga optimistik qaraymiz".
AQSh davlat kotibi Marko Rubio esa shunday bayonot berdi:
"Prezidentning sabr-toqati cheksiz deb o‘ylaymanmi? Yo‘q, bunday deb hisoblamayman. Ammo u qachon tugashini yoki qachon muzokaralarda ishtirok etmaslikka qaror qilishini bashorat qilmayman".
"Agar biz muzokaralardan chiqsak, buni kim qiladi? BMT bunday qilmaydi. Fransiya bunday qilmaydi. Yevropa Ittifoqi bunday qilmaydi. Ruslar hatto ular bilan gaplashmaydi ham. Hozir muzokaralar uchun katalizator bo‘la oladigan dunyodagi yagona davlatmiz. Agar biz bu roldan voz kechsak, boshqa hech kim buni qila olmaydi".
"Tramp shunchaki bunday shafqatsiz, dahshatli va qonli urushda bo‘lgan ikki davlat qanday qilib uni tugatish bo‘yicha bir to‘xtamga kela olmayotganini tushunmayapti. U bu masalaga katta siyosiy sarmoya kiritdi".
Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov “Vesti” axborot xizmati muallifi Pavel Zarubinga shunday dedi:
"Tan olish kerakki, faqat kelishuvlar yoki amerikaliklar aytganidek, bitim yakunlangan taqdirdagina uchrashishga arziydi. Bu haqiqatdan ham shunday bo‘lsa kerak".
"Rossiya prezidenti va Zelenskiy uchrashuvi istiqbollariga kelsak, so‘nggi haftadagi bayonotlarni eslash kifoya. Agar Kiyev avvalgi pozitsiyasini saqlab qolsa, oliy darajada uchrashishning ma’nosi bormi?"
"Axios" nashri nomi oshkor etilmagan Ukraina rasmiylariga tayanib yozishicha, Zelenskiy mojaro shu yil yakunlanishiga umid bildirgan.
"Tramp urush juda uzoq davom etgani va u bir oy ichida tugashini afzal ko‘rishini aytdi," — deya ukrainalik amaldorning so‘zlarini keltiradi nashr.

