O‘zbekiston Mudofaa vazirligi HHK samolyot va vertolotlari qanday ta’mirlanadi - video

Obuna bo‘lish
Eksklyuziv
Sputnik O‘zbekiston muxbiri bitta harbiy vertolot va samolyotni ta’mirlash qancha vaqt davom etishi, mutaxassislar qayerda tayyorlanishi hamda bu sohada xalqaro hamkorlik nima uchun muhim ekanligini aniqladi.
Chirchiq aviatsiya ta’mirlash zavodi O‘zbekiston aviatsiya sanoatining strategik ahamiyatga ega korxonalaridan biri hisoblanadi. U O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining Harbiy-havo kuchlari tarkibidagi samolyot va vertolotlarni ta’mirlash, modernizatsiyalash hamda texnik xizmat ko‘rsatishga ixtisoslashtirilgan.
Bu mamlakatdagi uzoq tarixga ega korxonalardan biri bo‘lib, bir necha bosqichli modernizatsiyadan o‘tgan va bugungi kunda yangi yuqori texnologiyali bo‘linmalarni o‘z ichiga olgan.
“Bizda aviatsiya va radioelektron uskuna, transmissiya va turli komponentlar ta’mirlanadi. Shuningdek, laboratoriyalarimiz va mexanik ishlov berish seximiz ham mavjud”, - dedi zavod direktori Askar Mambetkulov.
Zavod negizida MDHdagi yagona Airbus rusumli vertolotlarga xizmat ko‘rsatish markazi tashkil etilgan bo‘lib, u yerda zamonaviy g‘arb aviatexnikasi namunalariga, jumladan, H-125, H-215 va H-130 rusumli vertolotlarga to‘liq texnik xizmat ko‘rsatish va ta’mirlash jarayoni amalga oshiriladi.
Shuningdek, bu yerda Su-25 harbiy samolyotlarini kapital ta’mirlash va chuqur modernizatsiya qilish bo‘yicha zavod sexlari yangilandi. Zavodda ilg‘or texnologiyalar joriy etilmoqda, texnika esa zamonaviy navigatsiya tizimlari, tungi ko‘rish moslamalari va bortdagi o‘zini himoya qilish komplekslari bilan jihozlanmoqda.
Bu ishlarning barchasini mutaxassislar jamoasi amalga oshirmoqda. Mambetkulovning fikricha, eng ko‘p talab qilinadigan mutaxassislar orasida aviatsiya va radioelektron uskunalar bo‘yicha mutaxassislardir.
Zavodda Toshkent davlat transport universiteti, Turin davlat universiteti Toshkentdagi filiali hamda o‘rta maxsus ta’lim muassasalari bitiruvchilari faoliyat yuritmoqda. Shuningdek, maktabni tugatgan yoshlarni ishga qabul qilib, to‘g‘ridan-to‘g‘ri zavodning o‘zida o‘qitish tajribasi ham mavjud.
“Maktab bitiruvchilarini 6 oy davomida, oliy ma’lumotli kishilarni esa bir oydan uch oygacha o‘qitamiz. Shundan so‘ng ular imtihon topshirib, ishlash uchun ruxsatnoma olishadi”, - deb tushuntiradi Mambetkulov.
Zavodning tajribali ustozlaridan biri – havo kemasi planeri va tizimlarini ta’mirlash sexi boshlig‘i Tuyg‘un Xolmirzayev. U ustozlik tizimi kadrlarni bevosita ishlab chiqarishda yetishtirish imkonini berishiga ishonadi.
“Eng muhimi, yoshlar tajribali ustalar qo‘l ostida ishlaydi. Bu orqali vorislik va tajriba uzatish jarayoni saqlanib qoladi, natijada esa ijobiy samaraga erishamiz”, - deb ta’kidladi u.
Zavod mutaxassislarining doimiy ravishda malakasini oshirishi va xorijda ham amaliyot o‘tashi muhim ahamiyatga ega. Shuningdek, xalqaro hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.
Aviatsiya texnikasini ta’mirlash juda murakkab va uzoq muddatli jarayon. Xolmirzayevning aytishicha, bu jarayon 12 oydan 16 oygacha davom etadi. Va bu samolyot va vertolotlarni har 7-10 yilda ta’mirlash va modernizatsiya qilish kerakligi inobatga olingan holda amalga oshiriladi.
Yanvarda zavodga O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashrif buyurdi. Davlat rahbari korxona faoliyati bilan tanishib, xodimlar uchun yangi maqsadlarni belgilab berdi.
O‘zbekistonda hozirgi kunda Mudofaa vazirligi Harbiy-havo kuchlari samolyot va vertolotlari qanday ta’mirlanayotgani haqida batafsil ma’lumotni Sputnik videosida tomosha qiling.
Yangiliklar lentasi
0