Mablag‘lar kambag‘allik va ishsizlikni 2 karra qisqartirishga xizmat qilishi shart – Mirziyoyev

© O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmatiShavkat Mirziyoyev
Shavkat Mirziyoyev - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 23.01.2026
Obuna bo‘lish
Viloyat hokimlari "og‘ir" tumanga 10 milliard so‘mdan, 903 ta mahallaning har biriga 1 milliard so‘mdan ajratadi.
TOShKENT, 23 yanv – Sputnik. O‘zbekistonda joriy yilda infratuzilmani yaxshilash uchun viloyatlarga 20 trillion so‘m ajratiladi, shundan 12 trillion so‘m "og‘ir" tuman va mahallalarga yo‘naltiriladi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev hokimlarga murojaat qilib, bu mablag‘lar infratuzilmani yaxshilash orqali kambag‘allik va ishsizlikni 2 karra qisqartirishga xizmat qilishi shartligini ta’kidladi.
Tumanlarda o‘tkazilgan o‘rganishlar infratuzilma, turmush darajasi, biznes faollik, moliyaviy imkoniyatlar kabi 20 ta mezon asosida 37 ta "og‘ir" tumanni aniqladi. Bundan tashqari, har bir tuman tahlil qilinib, kambag‘allik darajasi yuqori bo‘lgan 903 ta "og‘ir" mahalla tanlab olindi.
Kambag‘al oilalarning uchdan bir qismi, ishsizlarning 21 foizi ham tanlab olingan 37 ta tuman va 903 ta mahallaga to‘g‘ri kelishi aniqlandi.
Yana 33 ta tuman va 330 ta "og‘ir" mahallaga Yangi O‘zbekiston qiyofasini olib kirish ishlari boshlandi.
“Asosiy kuchni ushbu 70 ta tuman va 1 mingta "og‘ir" mahallaga yo‘naltirsak, respublikada kambag‘allik darajasini 3 foizdan pasaytirishga erishamiz”, - dedi davlat rahbari.
taa’kidlanishicha, "og‘ir" tuman va mahallalardagi aholi va tadbirkorlar soliq imtiyozidan ko‘ra, ko‘proq yo‘l, suv, elektr ta’minotini yaxshilab berishni so‘rayapti. Shu munosabat bilan joriy yilda infratuzilmani yaxshilash uchun viloyatlarga 20 trillion so‘m ajratilishi, shundan 12 trillion so‘m "og‘ir" tuman va mahallalarga yo‘naltirilishi belgilandi.
“Ushbu tuman hokimlari aholisiga murojaat qiladi. Qaysi mahallada nechta odamni ishli qilib, qancha oilani kambag‘allikdan chiqarishini mahallama-mahalla yurib tushuntiradi. Shuncha mablag‘ bergandan keyin tuman hokimi xalqning oldida mas’uliyat olib, javob bersin. Hokimlikning faoliyatiga xalqning o‘zi baho bersin”, - dedi Mirziyoyev.
Endilikda hududlarni sanoat, qishloq xo‘jaligi va servisdagi “solishtirma ustunligi”dan kelib chiqib rivojlantirish zarurligi ta’kidlandi.
Davlat rahbari bu tizimni Furqat va Dehqonobod tumanlari misolida tushuntirib berdi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligiga 70 ta tuman va 1 mingta "og‘ir" mahallalarning “solishtirma ustunligini” tahlil qilib, ish o‘rni va daromadini ko‘paytirishga turtki beradigan infratuzilma loyihalari bo‘yicha alohida dastur qilish va moliyalashtirishni boshlash topshirildi.
Har bir tumanda 5-10 ta mahallani bog‘laydigan 1-2 gektarli sanoat zona va klasterlar tashkil qilinib, 100 ming nafar odam uchun ish o‘rinlari yaratilishi belgilandi.
Respublikadan mahalliy budjetga qaytadigan mablag‘ 2 karra ko‘paytirilib, hokimlarga 4 trillion 200 milliard so‘m beriladi. Endilikda viloyat hokimlari "og‘ir" tumanga 10 milliard so‘mdan, 903 ta mahallaning har biriga 1 milliard so‘mdan ajratadi.
Bunga qo‘shimcha har bir "og‘ir" tumanga 50 milliard so‘m, "og‘ir" mahallaga 2 milliard so‘mdan mablag‘ yo‘naltiradi. Bu tuman hokimlari va mahalliy kengashlar "og‘ir" tuman va mahallalar uchun qo‘shimcha yana 4 trillion so‘m oladi degani.
"Og‘ir" tuman va mahallalarda aholini ishli qilish hamda daromadini ko‘paytirish masalalari atroflicha ko‘rib chiqildi.
Avvalo, bunday hududlarni barqaror elektr bilan ta’minlash masalasini hal qilish zarurligi qayd etildi.
Buning uchun 903 ta mahallaning har birida 300 kilovattli kichik quyosh stansiyalari qurilib, mahallaga beg‘araz aktiv sifatida beriladi.
Stansiyalardan olingan "yashil" energiya hisobidan har bir mahallada 400-500 million so‘m qo‘shimcha daromad keltiradigan iqtisodiy aktiv paydo bo‘ladi.
Bu "yashil" daromad "yashil" chora-tadbirlarni amalga oshirishga sarflanadi. Ya’ni ushbu mablag‘lar ehtiyojmand xonadonni "yashil" ta’mirdan chiqarib, energiya xarajatini kamaytirish va turmush sifatini yaxshilashga yo‘naltiriladi.
Quyosh stansiyalarini ekspluatatsiya qilishga mazkur mahallalarda yashovchi kambag‘al oila a’zolari ishga olinadi. 1-guruh nogironligi bo‘lib, oilasida mehnatga layoqatli a’zosi bo‘lmagan 6 ming 700 ta xonadon energiya tejamkor qilib ta’mirlanadi.
Bu ishlar ixtisoslashuv darajasi yuqori bo‘lgan yana 1 mingta ilg‘or mahallada ham amalga oshiriladi. Kichik quyosh stansiyalari tayyor holda 7-yil muddatga mahallalarga foizsiz lizingga beriladi.
Talabalar o‘rtasida mahalla bosh rejasini ishlab chiqish bo‘yicha tanlov e’lon qilinadi.
Bunday mahallalarga yangicha qiyofa olib kiradigan eng zo‘r loyihalarni ishlab chiqqan talabalar jamoasiga 100 million so‘mdan mukofot beriladi.
Bu orqali zamonaviy yosh arxitektor va urbanistlar korpusi shakllantirilishi ta’kidlandi.
Ma’lum qilinishicha, bu yil 1 million aholini doimiy ish bilan ta’minlash, 181 ming oilani kambag‘allikdan chiqarish, kambag‘allikdan xoli mahallalar sonini 2,5 barobar oshirib, 3,5 mingga yetkazish, ishsizlik va kambag‘allikni 4,5 foizga tushirish joriy yil uchun vazifa etib belgilandi.
Prezidentu predstavlena informatsiya o merax po prevrasheniyu maxalley v territorii bez bezrabotisi - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 09.12.2025
Kambag‘allikdan xoli hudud, aholi bandligini ta’minlash - prezident axborot bilan tanishdi
Yangiliklar lentasi
0