Parvozlar xavfsizligi ular zimmasida: toshkentlik aviatsiya muhandisi hikoyasi
© Sputnik
Obuna bo‘lish
Eksklyuziv
“O‘zaeronavigatsiya” markazi mutaxassisi har qanday aviareys uchun zarur bo‘lgan radiotexnik uskunalarining ishlatilishi haqida .
Yilning istalgan faslida va har qanday ob-havo sharoitida butun dunyo bo‘ylab minglab insonlar parvozlar xavfsizligini ta’minlaydi. Ulardan biri “O‘zaeronavigatsiya” markazi parvozlarni radiotexnik ta’minlash boshqarmasining yetakchi muhandis-inspektori Timur Bayjigitovdir.
Uning vazifasi radiotexnik uskunalarning ishonchli ishlashini ta’minlash bo‘lib, bu orqali havo harakati dispetcherlari samolyotlarni boshqaradi, uchuvchilar esa parvoz uchun kerakli ma’lumotlarni oladi.
Timur aviatsiya sohasida 14-yillik tajribaga ega bo‘lib, doimiy ravishda o‘qiydi va bu sohada xatoga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydigan yuqori mas’uliyatni o‘z zimmasiga olgan. Aviatsiya va murakkab texnologik tizimlarga qiziqish unda yoshligidanoq shakllangan. Uni doimo muhandislik yechimlari va har bir tafsiloti muhim bo‘lgan keng qamrovli texnik majmualar o‘ziga jalb etib kelgan.
“Aviatsiya mayda-chuydalarsiz soha”,– deydi Bayjigitov.
Toshkent axborot texnologiyalari universitetida diplom himoyasi paytida uni “O‘zaeronavigatsiya” markazi vakili qo‘rib, shu sohada o‘zini sinab ko‘rishni taklif qildi. Shunday qilib, hozirgacha davom etayotgan kasbiy yo‘li boshlandi.
Timur “O‘zaeronavigatsiya” markazidagi faoliyatini aloqa muhandisi lavozimidan boshlagan. Besh yildan so‘ng, havo harakatini boshqarishning avtomatlashtirilgan tizimi muhandisi lavozimiga o‘tib, bu vazifada sakkiz yil ishladi. Keyingi bosqichda parvozlarni radiotexnik ta’minlash boshqarmasiga o‘tdi.
Bugungi kunda uning asosiy vazifalari parvozlar uchun mo‘ljallangan radiotexnik uskunalarning texnik holatini tahlil va nazorat qilish, “O‘zaeronavigatsiya” markazi bo‘linmalarida inspektorlik tekshiruvlarini o‘tkazishdan iborat. Bundan tashqari, u uskunalarni modernizatsiya qilish va bosqichma-bosqich almashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqishda ishtirok etadi. Uning vazifalariga ilg‘or tajribalarni o‘rganish va kerak bo‘lganda ularni joriy sharoitga moslashtirish ham kiradi.
“Bunday ish nafaqat bugungi kunda parvozlarni radiotexnik ta’minlash uskunalaridan foydalanish ishonchliligini ta’minlaydi, balki zamonaviy ilg‘or texnologiyalar va sohaning strategik vazifalarini hisobga olib uning rivojlanishiga ham asos yaratadi”, – deya ta’kidlaydi Bayjigitov.
Aviatsiyada muhandislik kasbi maksimal darajadagi diqqatni va doimiy kasbiy rivojlanishni talab etadi.
“Asosiy qiyinchilik - bu yuqori darajadagi mas’uliyat. Nostandart vaziyatlarda qaror qabul qilishga tayyor bo‘lish kerak. Bundan tashqari, texnologiyalar yil sayin rivojlanib bormoqda, shu sababli doimiy ravishda o‘rganish zarur”, - deydi mutaxassis.
“O‘zaeronavigatsiya” markazida malaka oshirish tizimi mavjud: o‘zining o‘quv markazi, yuqori malakali instruktorlar bilan o‘tkaziladigan kurslar. Shuningdek, mutaxassislar Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkiloti (IKAO) tomonidan sertifikatlangan xalqaro dasturlar doirasida ta’lim oladi.
Timur o‘z faoliyati davomida uch marta yangi yil kechasi ishlagan. Aviatsiya sohasida bu odatiy holat - parvozlar xavfsizligi istisnosiz, kechayu kunduz ta’minlanishi shart.
“Ish jarayonlari nuqtayi nazaridan yangi yil kechasi oddiy ish kundan farq qilmaydi. Ammo muhit, albatta, o‘zgacha bo‘ladi. Bir-birimizni tabriklaymiz, samimiy tilaklar bildiramiz”, - deb hikoya qiladi u.
Aviadispetcherlardan farqli o‘laroq, muhandislarning dam olish uchun belgilangan tanaffuslari yo‘q. Ish kuni ham jihozlarni nazorat qilish, ham aerodrom hududidagi obyektlarga borish bilan o‘tishi mumkin.
“Hamma narsa barqaror ishlayotgan taqdirda ham, qat’iy tekshiruv tartib-qoidalari mavjud bo‘lib, ularga rioya qilish shart”, - deb ta’kidlaydi Timur.
Timur uchun Yangi yil avvalo oilaviy bayram bo‘lib qoladi. U bu bayramni bolalik, sehrli voqealarni kutish, sovg‘alar, bezatilgan archa va mandarin hidi bilan bog‘laydi.
“Bu muhit doimo so‘zsiz quvonch uyg‘otadi. Shaxsiy his-tuyg‘ularimga ko‘ra, 10, 15, 20-yil avval Yangi yil ko‘proq hayajonli edi, chunki qandaydir mo‘’jiza va sehrni kutish hissi bor edi. Hozir esa u ancha osoyishta, chuqurroq ma’noga ega bo‘lib qoldi. Yaqinlaring bilan vaqt o‘tkazishga, shunchaki bu lahzani, yangi yil kechasini qadrlab, bir-birimizga yaxshilik tilashga va shu damdan bahramand bo‘lishga intilasan”,– deya mulohaza qiladi Bayjigitov.
2025 yil Timurga eng katta sovg‘ani taqdim etdi: u va turmush o‘rtog‘i Diana qiz farzandli bo‘lishdi.
“Bu mening birinchi farzandim. Endi mening vazifam qizimga sehrli his-tuyg‘u va mo‘’jiza kutish kayfiyatini yaratishdir”,– deydi u.
Batafsil - Sputnik videosida.