Markaziy bank asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirdi

© Sputnik / Zafar XalilovTashkent. Sentralniy bank Uzbekistana
Tashkent. Sentralniy bank Uzbekistana - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 11.12.2025
Obuna bo‘lish
Yangilangan prognozlarga ko‘ra 2026-yil yakunlari bo‘yicha inflyatsiya darajasi 6,5 foiz atrofida bo‘lishi kutilmoqda.
TOShKENT, 11 dek – Sputnik. O‘zbekiston Markaziy banki boshqaruvi 12-dekabrdagi yig‘ilishida asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida saqlab qolish to‘g‘risida qaror qabul qildi.
Qayd etilishicha, nisbatan qat’iy pul-kredit sharoitlari inflyatsion bosimlar hamda inflyatsion kutilmalarning bosqichma-bosqich pasayishiga xizmat qilmoqda. Shu bilan birga, iqtisodiyotda barqaror yalpi iste’mol talabi, taklif omillari hamda xizmatlar sohasidagi yuqori narx dinamikasi hisobiga ma’lum darajada inflyatsion xatarlar saqlanib qolmoqda.
“Ushbu qaror o‘rta muddatli istiqbolda inflyatsiyaning barqaror pasayish trayektoriyasiga erishishga qaratilgan”, - deyilgan xabarda.
Ma’lum bo‘lishicha, noyabrda inflyatsiyaning pasayish dinamikasi davom etib, yillik 7,5 foizga teng bo‘ldi. Bunga nisbatan qat’iy pul-kredit sharoitlari va almashuv kursining mustahkamlanishi ta’sirida bazaviy inflyatsiyaning sekinlashishi asosiy hissa qo‘shdi. Xususan, noyabrda bazaviy inflyatsiya yillik hisobda 6,3 foizgacha pasaydi. Shuningdek, import narxlari nooziq-ovqat tovarlari inflyatsiyasining barqarorlashuviga xizmat qildi.
Shu bilan birga, xizmatlar sohasidagi inflyatsiya ma’lum darajada sekinlashganiga qaramasdan, talab omillari hisobiga umumiy inflyatsiya darajasidan yuqoriligicha qolmoqda.
Noyabr oyida aholi va tadbirkorlarning inflyatsion kutilmalari pasayishda davom etdi.
Yuqoridagi omillarni hisobga olib, 2025-yil yakuniga umumiy inflyatsiya 7,3 foiz atrofida bo‘lishi kutilmoqda. Bunda milliy valyutaning mustahkamlanishi avvalgi baholashlarga nisbatan yuqoriroq darajada shakllangani hisobiga import inflyatsiyasi va inflyatsion kutilmalarga pasaytiruvchi ta’siri kutilganidan kuchliroq bo‘lgani inflyatsiya prognozining pasayish tomonga qayta ko‘rib chiqilishini taqozo etdi.
“Yangilangan prognozlarga ko‘ra 2026-yil yakunlari bo‘yicha inflyatsiya darajasi 6,5 foiz atrofida bo‘lishi kutilmoqda”, - deya qayd etgan regulyator.
Iqtisodiy faollik yuqori darajada saqlanib, o‘sish sur’atlari o‘zining potensialidan balandroq shakllanmoqda. Mehnat bozoridagi talabning ortishi, savdo va pullik xizmatlar tushumlari va banklararo tranzaksiyalarning hajmi o‘sishi ushbu tendensiyani namoyon etmoqda. Joriy iqtisodiy va investitsion faollik fonida yil yakuni bo‘yicha iqtisodiy o‘sish sur’atlari 7–7,5 foiz atrofida shakllanishi kutilmoqda.
Joriy inflyatsiyaning pasayuvchi dinamikasi bilan bir qatorda kelgusida taklif omillari bo‘yicha xatarlar saqlanib qolmoqda. Xususan, ayrim asosiy oziq-ovqat tovarlari taklifi bilan bog‘liq xatarlar, so‘nggi oylardagi transport xizmatlari narxlarining oshishi hamda tartibga solinadigan narxlarning indeksatsiyasi bilan bog‘liq ikkilamchi ta’sirlar shular jumlasidandir.
Global moliyaviy sharoitlarning bosqichma-bosqich yumshashi hamda fiskal rag‘batlantirishlar fonida jahon iqtisodiyoti kutilganidan yuqori sur’atlarda o‘smoqda. Shu bilan birga, xalqaro xomashyo bozorlaridagi yuqori narx konyunkturasi saqlanib qolmoqda. Bu esa kelgusida ham mamlakatimiz eksport tushumlarini qo‘llab-quvvatlab boradi.
Qulay tashqi sharoitlar fonida real samarali almashuv kursi o‘zining uzoq muddatli muvozanatli trendiga yaqin darajada shakllanishiga xizmat qiladi.
Ichki moliya bozoridagi nominal foiz stavkalar nisbatan barqaror shakllanishi fonida inflyatsiya va inflyatsion kutilmalar pasayishi real foiz stavkalarining yuqori darajada shakllanishiga xizmat qilib, milliy valyutada jamg‘arishni rag‘batlantirmoqda. Bu muddatli depozitlar hajmining yuqori o‘sish sur’atlarida namoyon bo‘lmoqda.
Shu bilan birga, moliyaviy inklyuzivlikning oshishi hisobiga chakana kreditlash sur’atlarining yuqori darajada saqlanib qolishi iste’mol faolligi yuqoriligini aks ettirib, yalpi talabni qo‘llab-quvvatlashi orqali kelgusida inflyatsiyaga oshiruvchi bosimni kuchaytirishi mumkin.
Ushbu sharoitda inflyatsiyaning pasayuvchi dinamikasini barqaror davom ettirish va inflyatsion xatarlar ta’sirini kamaytirish maqsadida asosiy stavkani joriy yillik 14 foiz darajasida o‘zgarishsiz saqlab qolish zarur deb topildi.
Ta’kidlanishicha, Markaziy bank inflyatsiyaning 5 foizlik targetigacha pasayishiga erishish maqsadida pul-kredit sharoitlarini yetarlicha qat’iyligini ta’minlab boradi. Bunda inflyatsiya dinamikasi va inflyatsion xatarlar balansiga qarab pul-kredit sharoitlari qayta ko‘rib chiqilishi mumkin.
Izmenenie sen na produkti v Uzbekistane - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 09.12.2025
Noyabrda oziq-ovqat narxlari qanday o‘zgardi - infografika
Yangiliklar lentasi
0