Sun’iy intellekt loyihalariga soliq imtiyozlari e’lon qilindi

© iStockIskusstvenniy intellekt
Iskusstvenniy intellekt - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 29.10.2025
Obuna bo‘lish
Mezonlarga javob beruvchi loyihalar ayrim uskunalarni olib kirishda QQS va bojlardan ozod etilib, qator soliq imtiyozlariga ega bo‘ladi
TOShKENT, 29 okt – Sputnik. O‘zbekiston sun’iy intellekt va ma’lumotlar markazlari sohasida qiymati $100 mln dan ortiq bo‘lgan loyihalar uchun soliq imtiyozlarini joriy etmoqda. Bu haqda Sputnik muxbiriga Prezident Administratsiyasi huzuridagi moliyaviy texnologiyalar, sun’iy intellekt va raqamlashtirish departamenti rahbarining o‘rinbosari Hikmatilla Ubaydullayev ma’lum qildi.
"Prezident O‘zbekistonda sun’iy intellekt infratuzilmasi va ma’lumotlarni qayta ishlash markazlarini barpo etish bo‘yicha qiymati $100 mln dan ortiq loyihalarni amalga oshirayotgan xorijiy kompaniyalar uchun rag‘batlantirish paketini tasdiqladi", — dedi u.
Uning ta’kidlashicha, mezonlarga javob beruvchi investorlar respublikada ishlab chiqarilmaydigan serverlar, grafik protsessorlar (GPU) va sanoat miqyosidagi sovutish tizimlarini import qilishda bojxona boji hamda QQSdan ozod etiladi.
"Milliy IT-park rezidentlari sifatida ro‘yxatdan o‘tgan kompaniyalar, jumladan bulutli va SI xizmatlari eksportchilari 2040-yilgacha foyda, mulk va yer soliqlaridan ozod etiladi. Xorijiy aksiyadorlar uchun esa dividend solig‘ining nol stavkasi qo‘llaniladi", — deyiladi ma’lumotda.
SI infratuzilmasini yaratadigan obyektlarga elektr energiyasi 1 kVt/soat uchun 0,05 dollar (QQSsiz) miqdorida qat’iy tarif o‘rnatiladi. Shu bilan birga, operatorlar yuklama yuqori paytlarda iste’molni 20 foizga kamaytirish va tarmoq barqarorligini ta’minlash uchun umumiy quvvatning 30–35 foizini qoplovchi energiya saqlash tizimlarini (BESS) joriy etishi shart.
Mezonlarga javob beruvchi loyihalar davlat hisobidan tashqi infratuzilma bilan ta’minlanadi.
Ubaydullayevning qo‘shimcha qilishicha, bunday loyihalar bo‘yicha xorijiy pudratchilar va yetkazib beruvchilarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xalqaro to‘lovlar amalga oshirish imkoni beriladi, mahalliy bank hisobvaraqlaridan o‘tkazish talabi qo‘yilmaydi.
Qurilish jarayonlari "loyihalash — xarid — qurilish" (Design–Procure–Build) modeli asosida tashkil qilinib, barcha bosqichlar parallel ravishda amalga oshiriladi. Yer uchastkalari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi tomonidan to‘g‘ridan -to‘g‘ri ajratiladi.
Avvalroq Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov yangi maydonlar sun’iy intellekt rivojlanishining yirik markaziga aylanishi va u yerda GPU bilan jihozlangan startaplar hamda data-markazlar joylashishi ta’kidlagan edi.
Hukumat vakillari ma’lum qilishicha, loyihalarning Qoraqalpog‘istonda joylashtirilishi yuqori quyosh va shamol potensiali bilan bog‘liq bo‘lib, qayta tiklanadigan energetika rivojiga turtki beradi.
Rejaga ko‘ra, 2030-yilgacha sun’iy intellekt va raqamli infratuzilmani rivojlantirishga 1 mlrd dollardan ortiq xorijiy investitsiyalarni jalb etish ko‘zda tutilgan.
Prezident provol videoselektor po voprosam razvitiya II - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 21.10.2025
O‘zbekiston sun’iy intellektdan foydalanishni rivojlantiradi - tafsilotlar
Yangiliklar lentasi
0