Toshkentda “IT-Park” loyihasining ikkinchi bosqichi boshlandi
13:20 21.10.2025 (yangilandi: 14:42 21.10.2025)

© Press-slujba prezidenta Uzbekistana
Obuna bo‘lish
Ushbu hududda jami 6 ta bino – Sun’iy intellekt markazi, Kosmos va kelajak texnologiyalari markazlari, 2 ta 20 qavatli ofis binosi, shuningdek servis va savdo markazlari quriladi.
TOShKENT, 21 okt – Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev poytaxtning Mirzo Ulug‘bek tumanida joylashgan IT-parkka tashrif buyurib, loyihaning ikkinchi bosqichiga tamal toshi qo‘yish marosimida ishtirok etdi.
“Ishonchim komilki, bugun tamal toshi qo‘yilayotgan ushbu yirik majmua oldimizga qo‘ygan ulkan marralarni zabt etishda, shuningdek, investorlar bilan O‘zbekiston o‘rtasida manfaatli hamkorlikni yanada kuchaytirishda muhim o‘rin tutadi”, – dedi davlat rahbari.

Prezident Shavkat Mirziyoyev zalojil kapsulu v osnovanie vtorogo etapa proyekta “IT-Park”
© Press-slujba prezidenta Uzbekistana
Loyihaga ko‘ra, “IT-Park” hududi 1,5 barobar kengaytiriladi. Bu yerda Saudiya Arabistonining “Data Volt” kompaniyasi bilan hamkorlikda quvvati 12 megavatt bo‘lgan, 150 million dollarlik data-markaz barpo etiladi. Keyingi bosqichlarda yana 3 milliard dollar investitsiya kiritilib, quvvat 500 megavattga yetkaziladi.
Bundan tashqari, ushbu hududda jami 6 ta bino – Sun’iy intellekt markazi, Kosmos va kelajak texnologiyalari markazlari, 2 ta 20 qavatli ofis binosi, shuningdek servis va savdo markazlari quriladi.
Ta’kidlanishicha, mazkur majmua eng zamonaviy texnologiyalar, innovatsiyalar va bilimlarga asoslangan “Sun’iy intellekt xabi”ga aylanadi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev zalojil kapsulu v osnovanie vtorogo etapa proyekta “IT-Park”
© Press-slujba prezidenta Uzbekistana
Ikki yil oldin 200 mln dollar investitsiya hisobiga ushbu loyihaning birinchi bosqichi amalga oshirilgan edi. Qariyb 4 gektar maydonda 20–25 qavatli 6 ta ofis binosi va zamonaviy kongress-xoll barpo etildi.
Hozirgi kunda “IT-Park” rezidentlari soni 3 ming 200 ta kompaniyaga yetdi, ularda 14 mingdan ortiq mutaxassis faoliyat yuritmoqda. O‘tgan yili rezidentlar tomonidan 1 milliard 600 million dollarlik xizmat ko‘rsatilgan bo‘lsa, joriy yil yakuni bilan bu ko‘rsatkich 2,5 milliard dollardan oshishi kutilmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyev zalojil kapsulu v osnovanie vtorogo etapa proyekta “IT-Park”
© Press-slujba prezidenta Uzbekistana
Eksport hajmi esa ilk bor 1 milliard dollarlik marradan oshishi rejalashtirilgan.
“O‘zbekiston – 2030” strategiyasiga muvofiq, 300 mingdan ortiq yoshlarni axborot texnologiyalari sohasida yuqori daromadli ish bilan ta’minlash maqsad qilingan. Xorijiy ekspertlar faqatgina sun’iy intellekt yo‘nalishining o‘zida O‘zbekistonning salohiyatini 10 milliard dollarga baholamoqda.
