Mahalla tizimi qanday takomillashtiradi - tafsilotlar

© Press-slujba prezidenta UzbekistanaPrezident provel soveshanie po sovershenstvovaniyu sistemi maxalli
Prezident provel soveshanie po sovershenstvovaniyu sistemi maxalli - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 14.10.2025
Obuna bo‘lish
Prezident mahalla tizimini rivojlantirish bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi. Yig‘ilishda Soliq qo‘mitasi “Eng yaxshi soliq to‘lovchi mahalla” reytingini joriy etishi ma’lum qilindi.
TOShKENT, 14 okt – Sputnik. Prezident raisligida mahalla tizimini yanada takomillashtirish va joylarda ishlarni samarali tashkil etish masalalari muhokama qilindi. Yig‘ilish videoselektor shaklida bo‘lib o‘tdi.
Davlat rahbari mahallalarda infratuzilmani yaxshilashga alohida e’tibor qaratdi. Yangi qarorga ko‘ra, “Yangi O‘zbekiston” qiyofasi kirib boradigan 33 ta tuman va 330 ta og‘ir mahalla belgilab olindi.
Bu tumanlarning har biriga 100 milliard so‘m, har bir mahallaga esa 5 milliard so‘m ajratiladi. Shuningdek, Jahon banki va Islom taraqqiyot bankidan jalb qilingan 100 million dollar ham mazkur maqsadlarga yo‘naltiriladi. Bu dasturni moliyalashtirish uchun jami 7 trillion so‘mdan ziyod mablag‘ sarflanadi.
Tuman va mahallalardagi “drayver” loyihalar infratuzilmasi uchun qo‘shimcha 2 trillion so‘m beriladi. Har bir viloyat hokimi ikki tadan, tuman hokimlari esa bitta og‘ir mahallani tanlab, ularga 5 milliard so‘mdan yo‘naltiradi.
Shu bilan birga, yana 236 ta mahalla aholisining turmush sharoiti keskin yaxshilanishi kerakligi ta’kidlandi.
Mutasaddilarga barcha mahallalarda ixtisoslashuvni yakunlash, aholi bilan muloqot orqali aniq yo‘nalishni belgilash va 200 minggacha yangi ish o‘rni yaratishga xizmat qiluvchi mikroloyihalarni shakllantirish vazifasi qo‘yildi.
“Tashabbusli budjet” bo‘yicha yangi qarorga asosan, mahallada aholi faolligi bilan boshlangan loyihalarga davlat yordam beradi. Aholi yo‘l, suv, maktab yoki bog‘cha ta’mirini boshlagan bo‘lsa, xarajatning yarmini davlat qoplaydi. Bu maqsad uchun kelgusi yilda 1 mingta loyihaga 500 milliard so‘m ajratiladi.
Soliq qo‘mitasi “Eng yaxshi soliq to‘lovchi mahalla” reytingini joriy etadi. 100 talik ro‘yxatga kirgan mahallalar “Tashabbusli budjet” doirasida infratuzilma xarajatining 75 foizini budjet hisobidan qoplash huquqiga ega bo‘ladi va har biriga qo‘shimcha 2 milliard so‘mdan ajratiladi.
Qonunchilik palatasi deputatlariga ham o‘z okrugidagi mahallalar infratuzilmasini yaxshilash uchun 3 milliard so‘mdan mablag‘ yo‘naltiriladi.
Endilikda mahalla hududida sanitariya, ekologiya va noqonuniy qurilish bo‘yicha yig‘ilgan jarimalarning 10 foizi mahalla budjetiga yo‘naltiriladi. 2026-yildan boshlab mahallalarga har yili 200 milliard so‘mdan qo‘shimcha mablag‘ ajratiladi.

Prezidentning ta’kidlashicha, kelgusi yilda belgilangan beshta manba hisobidan 2 mingta mahalla rivoji uchun 8,5 trillion so‘m ajratiladi.

Meva-sabzavotga ixtisoslashgan 2 682 ta mahallaga kelasi yildan sanoat olib kirish uchun imtiyozli resurslar beriladi. Shuningdek, hozirda 28 ta kichik tumanda ishsizlikka qarshi yetarli chora ko‘rilmayotgani qayd etildi.
Mas’ul rahbarlarga ishchi guruhlar tuzib, shu tumanlarga borib, ishsizlik, kambag‘allik va jinoyatchilikni ikki barobarga qisqartirish bo‘yicha choralar ishlab chiqish topshirildi.
Endilikda mahalla raisi va hokim yordamchisi 5 ming kvadrat metrgacha bo‘lgan bo‘sh davlat mulkini auksionga chiqarishi mumkin. Sotuvdan tushgan mablag‘ning 70 foizi mahallada qolib, infratuzilmaga sarflanadi.
Mahalla binolarini zamonaviy servis markazlariga aylantirish uchun tadbirkorlarga imtiyozlar beriladi. Shaharlarda qurilgan binoning pastki qavatida “mahalla yettiligi” joylashsa, yer va mol-mulk solig‘idan 3-yilga ozod etiladi, qishloq joylarda esa bu imtiyoz 7-yilgacha amal qiladi.
Tadbirkorlar shu muddatda foyda va aylanma solig‘ini 50 foiz pasaytirilgan stavkada to‘laydi.
Respublika miqyosida tozalik va ozodalik oyligi e’lon qilinadi.
Har bir tuman va shahar hokimi o‘z hududidagi ko‘cha, yo‘l, ariq va xiyobonlarni ozoda tutishi shartligi ta’kidlandi. IIV va Milliy gvardiyaga chiqindilar tashlanishi holatlari bo‘yicha kundalik nazorat tizimi o‘rnatish topshirildi.

“Mahalla yettiligi” va aholi tashabbusi bilan yashil hudud yaratish rejalari qo‘llab-quvvatlanadi: tuman hokimi bunday holda 10 sotixgacha yer maydoni ajratadi.
Mutasaddilarga “yettilik” faoliyatini kompleks baholaydigan tizim ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi. Yil yakunida tuman hokimlari yaxshi ishlagan 10 ta “yettilik”ni mukofotlab, ularga qo‘shimcha ustama to‘laydi.
Endilikda “yettilik” xodimlari bilan har bir yo‘nalish bo‘yicha alohida yig‘ilish o‘tkazish taqiqlanadi. Hokimlar har oyda mahalliy kengashlarda o‘z ishlari bo‘yicha hisobot berib, aholi bilan ochiq muloqotda bo‘ladi.
Yig‘ilishda hududlar rahbarlarining hisobotlari tinglandi, mahalla raislari bilan muloqot o‘tkazildi.
Biznesmen v ofise rabotayet za kompyuterom. - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 31.08.2025
“Tashabbusli budjet”da aholi va davlat sherikchiligi yo‘lga qo‘yiladi
Yangiliklar lentasi
0