Axborot-logistika markazlarini yaratish: Mirziyoyevning MDH sammitidagi takliflari
15:15 10.10.2025 (yangilandi: 15:17 10.10.2025)

© Press-slujba prezidenta Uzbekistana
Obuna bo‘lish
O‘zbekiston rahbari diplomlarni o‘zaro tan olish bo‘yicha yangi davlatlararo kelishuvni tayyorlash tashabbusini ham ilgari surdi.
TOShKENT, 10 okt – Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Dushanbedagi Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi (MDH) Davlat rahbarlari kengashi yig‘ilishida ishtirok etdi.
O‘zbekiston rahbari ko‘p tomonlama hamkorlik samaradorligini oshirish hamda mamlakatlar iqtisodiyoti barqarorligini mustahkamlashga qaratilgan bir qator amaliy takliflar bilan chiqdi.
Jumladan:
global beqarorlik sharoitida MDH formati barqaror va zarur tuzilma sifatida o‘zini namoyon etayotganini ta’kidlab, e’tiborni hamkorlikning amaliy yo‘nalishlariga qaratishni taklif qildi;
barcha transport turlari bilan integratsiyalashgan axborot-logistika markazlarini yaratish hamda transport sohasida davlat-xususiy sheriklik masalalari bo‘yicha MDH mamlakatlari konferensiyasini O‘zbekistonda o‘tkazish tashabbusini ilgari surdi;
maxsus iqtisodiy zonalarni qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” tayyorlashni, shuningdek, MDH Venchur platformasini yaratish orqali startaplar va innovatsiyalarni ilgari surishni taklif qildi;
O‘zbekiston Toshkent shahrida "INNOPROM" ko‘rgazmasi doirasida MDH innovatsion sanoat forumini o‘tkazishga tayyorligini ma’lum qildi;
MDH energetika sektorini innovatsion rivojlantirish dasturini ishlab chiqish va an’anaviy hamda “yashil” energetika bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirish taklifini bildirdi;
Raqamlashtirish va sun’iy intellekt sohasida ko‘p tomonlama amaliy harakatlar rejasini ishlab chiqish, shuningdek, fan, ta’lim va madaniyat sohalarida hamkorlikni kengaytirishni taklif qildi;
Diplomlarni o‘zaro tan olish bo‘yicha yangi davlatlararo kelishuvni tayyorlash, shuningdek, Xiva shahrida MDH Yoshlar forumini o‘tkazib, Yoshlar innovatsiya laboratoriyasini tashkil etish tashabbusini ilgari surdi;
xavfsizlik masalalariga to‘xtalib, MDH mamlakatlari tashqi siyosat idoralari va maxsus xizmatlar o‘rtasida muvofiqlashtiruvni kuchaytirish, shuningdek, Afg‘onistondagi vaziyatga alohida e’tibor qaratib, ushbu mamlakatdagi infratuzilma loyihalarida birgalikda ishtirok etishni taklif qildi.
Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon raisligida o‘tgan sammit ishida Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev, Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko, Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov, Rossiya prezidenti Vladimir Putin, Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedov, Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan hamda MDH bosh kotibi Sergey Lebedev ishtirok etdi.
