Notarius sohasida qog‘ozbozlik kamayadi: yangi qoidalar qabul qilindi

© Sputnik / Maksim Blinov / Mediabankka o‘tishNotarius
Notarius - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 10.09.2025
Obuna bo‘lish
Notarius sohasida tartib soddalashadi: hujjatlar elektron tizim orqali rasmiylashtiriladi, qog‘ozbozlik kamayadi, biometrik aniqlash yo‘lga qo‘yiladi
TOShKENT, 10 sen — Sputnik. O‘zbekiston prezidentining “Notariat institutini yanada rivojlantirish hamda sohaga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori (PQ–280-son, 2025-yil 9-sentabr) qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, 2025-yil 1-dekabrdan respublikada notarial tasdiqlangan nikoh shartnomalari nusxasini “Notarius” axborot tizimiga majburiy yuklash tartibi joriy etiladi. Shu bilan ularning aslini notarius tomonidan talab qilish bekor qilinadi.
Notarial harakatlarni amalga oshirish jarayoni qayd etilgan audio va videoyozuvlar elektron qurilmalarda saqlanadi hamda ularni tizimda notarial harakatga to‘g‘ridan-to‘g‘ri biriktirish imkoniyati yaratiladi.
2026 yil 1-yanvardan notarial harakatlarni amalga oshirish uchun shaxsni tasdiqlovchi hujjatning aslini notariusga taqdim etish talabi bekor qilinadi. Shaxsni identifikatsiya qilish hujjat rekvizitlari orqali amalga oshiriladi, biometrik ma’lumotlar (barmoq izi va Face ID) orqali esa verifikatsiya qilinadi.
2026 yil 1-apreldan ko‘chmas mulk va undagi ulushlar bilan bog‘liq barcha bitimlar notarius tomonidan tizim orqali davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun yuboriladi. Ko‘chmas mulk obyekti ro‘yxatdan o‘tkazilgandan so‘ng, yangi mulkdor haqidagi ma’lumotlar kommunal xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar axborot tizimlariga avtomatik yuboriladi va bazalarda yangilanadi.
Shuningdek, 2026-yil 1-martdan boshlab, BHMning 1 000 baravarigacha bo‘lgan quyidagi nizosiz talablar bo‘yicha notariuslar ijro xatlari yozish huquqiga ega bo‘ladi:
notarial tasdiqlangan bitimlarga asoslangan talablar;
yozma va notarial tasdiqlangan bitim mavjud bo‘lganda qarzdorning majburiyatlarini ko‘char mol-mulk hisobidan bajarish haqidagi talablar;
ijara to‘lovlari, ko‘p qavatli uy mulkdorlaridan undiriladigan majburiy badal va to‘lovlar, shuningdek, kommunal hamda aloqa xizmatlari bo‘yicha qarzdorlikni undirish haqidagi talablar.
Bundan tashqari, 2026-yil 1-apreldan notarius lavozimi uchun eng yuqori yosh chegarasi 65 yoshdan 70 yoshga oshiriladi. Adliya vazirligi huzuridagi Oliy malaka komissiyasi suhbat natijalariga ko‘ra notarius roziligi bilan faoliyatni 70 yoshgacha davom ettirishi mumkin bo‘ladi.
Shu sanaga qadar davlat notarial idorasi notariusini tanlash uchun axborot texnologiyalaridan foydalanilgan ikki bosqichli yagona tanlov tartibi ham joriy etiladi:
1-bosqich — davlat va jamiyat boshqaruvi, korrupsiyaga qarshi kurashish, fuqarolik huquqi, notariat va vorislik huquqi sohalari bo‘yicha test sinovlari;
2-bosqich — amaliy imtihon: testdan muvaffaqiyatli o‘tgan talabgorlar Oliy malaka komissiyasida notarial harakat loyihalarini elektron platformada tayyorlaydi va muammoli masalaga (kazusga) javob beradi.
Shu bilan birga, 2026-yil 1-apreldan xususiy notarius uzrli sabablarga ko‘ra ish faoliyatini bajara olmaganda, uning arizasi asosida litsenziyaning amal qilishi vaqtincha to‘xtatilishi mumkin.
Barcha notarial hujjatlar notariusning imzosi, muhri yoki QR-kod bilan tasdiqlanishi shart etib belgilandi.
V Uzbekistane rasshirat sistemu gosuslug - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 06.09.2025
Onlayn ko‘rsatilayotgan davlat xizmatlari soni oshadi
Yangiliklar lentasi
0