Toshkentda O‘zbekiston to‘qimachilik haftaligi bo‘lib o‘tmoqda - video

Obuna bo‘lish
Eksklyuziv
“Global Textile Days” birlashgan ko‘rgazmasi 22 ta mamlakatdan, jumladan Rossiyadan ham, 250 tadan ortiq kompaniya va brendlarni o‘z ichiga oladi.
Toshkentda O‘zbekiston to‘qimachilik haftaligi — “Global Textile Days”bo‘lib o‘tmoqda. U ikkita xalqaro ko‘rgazma va mazmunli ishbilarmonlik dasturini o‘z ichiga oladi. Ko‘rgazma “Iteca Exhibitions” tomonidan tashkil etilgan bo‘lib, poytaxtdagi "O‘zekspomarkaz"ning barcha pavilonlarida o‘z o‘rnini egalladi.
So‘nggi yillarda O‘zbekiston Markaziy Osiyoning to‘qimachilik va moda sanoati markaziga aylanish maqomini tobora mustahkamlamoqda. Ishlab chiqarishni zamonaviylashtirish va eksportni kengaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
“Bugun biz to‘qimachilik sanoatida texnologiyalarni yangilash va avtomatlashtirish bo‘yicha katta ishlar amalga oshirilayotganiga guvoh bo‘lmoqdamiz”, — dedi To‘qimachilik haftaligining ochilishida "O‘zto‘qimachiliksanoat" uyushmasi raisining o‘rinbosari Muhammad Jumaniyozov.
“Global Textile Days” birlashgan ko‘rgazmasida 22 ta mamlakatdan, shu jumladan, Rossiyadan, 250 tadan ortiq kompaniya va brendlar ishtirok etmoqda.
To‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoati uchun uskunalar va texnologiyalarning 16-Markaziy Osiyo xalqaro ko‘rgazmasi “CAITME 2025” an’anaga ko‘ra soha mutaxassislarining to‘laqonli muloqoti uchun ajoyib maydon bo‘ldi. Bu yerda soha uchun ixtisoslashtirilgan uskunalarning yirik ishlab chiqaruvchilari o‘zlarining eng so‘nggi yangiliklarini namoyish etdilar.
Rossiyaning “Stylon” kompaniyasi tikuvchilik va to‘qimachilik korxonalari uchun avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimini ishlab chiqish va joriy etish bilan shug‘ullanadi hamda yagona axborot muhitida korxonani boshqarish masalalarini hal qilish imkoniyatini taqdim etadi.
“O‘zbekiston bilan hamkorligimiz boshlanganiga besh-olti yildan oshdi. Birinchi fabrikalarimizdan biri Toshkentda joylashgan “Twins Textile”edi. Bugungi kunda O‘zbekistonda beshta fabrikamiz mavjud. Ular ishlab chiqarishning ichki jarayonlarini boshqarish uchun bizning dasturiy ta’minotimizdan foydalanishadi. Bugungi kunga kelib, dasturiy mahsulotimizni o‘zbek tiliga tarjima qildik, bu ham yordam beradi, chunki interfeys ichida turli tillarga osonlikcha o‘ta olamiz,bu tizimda har qanday tilni biladigan xodimning ishlashiga imkon beradi”, - dedi Konstantin Krivoshein, “Stylon” kompaniyasi bosh direktori.
Bu yil "TextileExpo Uzbekistan Kuz 2025" to‘qimachilik va tikuvchilik sanoati xalqaro ko‘rgazmasi o‘zining 25-yilligini nishonlamoqda. Shu davr mobaynida ko‘rgazmada 41 ta mamlakatdan 3500 tadan ortiq kompaniya ishtirok etgan va uning ekspozitsiyasini 126 mingdan ziyod mutaxassis tomosha qilgan.
Ko‘rgazma ekspozitsiyasi to‘qimachilik va yengil sanoatning butun qamrovini o‘z ichiga oladi: yigirilgan ip, matolar, to‘qimachilik va ipakdan tortib uy tekstili mahsulotlari, paypoq-qo‘lqop buyumlari, bo‘yoqlar, kimoviy moddalar, aksessuarlar, poyabzalgacha, shuningdek, bosma va qadoqlash sohasidagi yechimlarni ham qamrab oladi.
Ko‘rgazma ishtirokchilaridan biri Belarus "Mogoteks" kompaniyasi bosh direktorining tijorat bo‘yicha o‘rinbosari Andrey Peven. U O‘zbekistondagi ko‘rgazmalarda muntazam ravishda qatnashib kelmoqda.
“O‘zbekiston bilan ko‘p yillik hamkorligimiz bor - bu kuch tuzilmalari uchun gazlamalar, maxsus kiyim-kechak, uy tekstili kabi mahsulotlarimizni eksport qilish, shuningdek, import qilish bo‘yicha ham. Biz o‘z gazlamalarimizni ishlab chiqarishda sifatli o‘zbek xomashosidan foydalanamiz: yigirilgan ip, aralashyigirilgan ip, poliefir, paxta va paxtadan yigirilganip. 2022-yildan beri yiliga ikki marta doimiy ravishda ko‘rgazmalarda ishtirok etamiz”, - dedi u.
"Global Textile Days"ning muhim qismi bo‘lgan ishbilarmonlik dasturining asosiy mavzusi “Markaziy Osiyo ishlab chiqarish markazi sifatida: global tahdidlarga bardoshlilik”dir.
"Global Textile Days" uch kun davom etib, 11-sentabr kuni yakunlanadi.
Batafsil - Sputnik videosida.
Yangiliklar lentasi
0