Toshkentda “Mendeleyev maktabi” loyihasi boshlandi - video

Obuna bo‘lish
Eksklyuziv
Uning asosiy maqsadi - tabiiy fanlarni o‘qitish sifatini oshirish, o‘quvchilarning yetakchi ixtisoslashgan oliy ta’lim muassasalariga kirishlari uchun mustahkam fan bilim poydevorini yaratish.
“Mendeleyev maktabi” – Rossiya Maorif vazirligining Xalqaro hamkorlik markazi tomonidan D.I. Mendeleyev nomidagi Rossiya kimyo-texnologiya universitetining (RKTU) Toshkent filiali bilan hamkorlikda va O‘zbekiston Maktabgacha ta’lim va maktab ta’limi vazirligi ko‘magida yo‘lga qo‘yilgan muhim gumanitar loyiha. Mazkur loyiha "Xorijdagi rossiyalik o‘qituvchi" ta’lim dasturi doirasida ishlayotgan pedagoglar tomonidan amalga oshirilmoqda.
Loyiha Toshkentdagi RKTU filialida tantanali ochilish bilan boshlandi. Uning ahamiyatini Rossiyaning O‘zbekistondagi muvaqqat ishonchli vakili Andrey Lanchikov, RKTUning Toshkentdagi filiali ijrochi direktori Botir Nurmatov, shuningdek, Rossotrudnichestvo vakili Irina Suljina alohida ta’kidlashdi.
“Mendeleyev maktabi” loyihasi doirasida rossiyalik o‘qituvchilar maktablar va D.I. Mendeleyev nomidagi RKTU laboratoriyalari imkoniyatlaridan foydalanib tabiiy fanlar yo‘nalishidagi fanlarni asosiy va chuqurlashtirilgan darajada o‘qitadilar.
O‘quvchilar va ustozlar uchun fanlarni chuqur o‘rganish, qo‘shimcha va tanlov kurslari, olimpiadalar va ijodiy tanlovlar, yozgi maktablar tashkil etiladi, shuningdek, tabiiy fanlar yo‘nalishi bo‘yicha rossiyalik o‘qituvchilar va milliy maktablar pedagoglarining uslubiy birlashmalari shakllantiriladi.
“Bu alohida bino sifatida tasavvur qilinadigan maktab emas, balki milliy maktab doirasida shakllanadigan o‘ziga xos ta’lim modelidir. Unda rus tili va adabiyotini Rossiya ta’lim dasturlariga kirish vositasi sifatida o‘qitish bilan birga, o‘quvchilar keyinchalik Rossiya kimyo-texnologiya universitetining Toshkentdagi filialida oliy ta’limni davom ettirishlari uchun kerak bo‘lgan ixtisoslik fanlarni chuqur o‘rganadilar. Ishonamizki, mazkur loyiha bolalarga kimyo va biologiya fanlaridan chuqurlashtirilgan tayyorgarlik bera oladi. Oliy ta’lim muassasasi kelajakdagi yangi atom elektr stansiyalari loyihalari uchun ham mutaxassislar tayyorlamoqda. Shu bois yuqorida sanab o‘tilgan fanlarga fizika ham qo‘shiladi deb o‘ylayman. Bu bolalarga rus tilida o‘zlarini namoyon etish uchun ko‘proq imkoniyatlar yaratish, ularning o‘z mamlakatining faol fuqarolariga aylanishi, iqtisodiyot va hamkorlik jarayonlariga qo‘shilishi hamda o‘z Vatanining kelajagini birgalikda qurishi uchun muhimdir”, - dedi Rossiya Federatsiyasi Maorif vazirligining Xalqaro hamkorlik markazi direktori Sergey Malishev.
Loyiha Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumanidagi uchta 187-, 208- va 210-sonli maktabda amalga oshirilmoqda. Ochilish marosimi doirasida loyiha o‘qituvchilariga mazkur maktablarda laboratoriya ishlari uchun sarf materiallari sotib olishga mo‘ljallangan sertifikatlar hamda o‘quv va uslubiy adabiyotlar to‘plamlari topshirildi.
Batafsil - Sputnik videosida.
Yangiliklar lentasi
0