Oq xalatli sehrgarlar: shifokorlar bemorlarga baxtli bolalikni qanday qaytarishapti

Obuna bo‘lish
Eksklyuziv
JSST statistikasiga ko‘ra, dunyoda har yili 400 mingga yaqin bolalar va o‘smirlar onkologik kasalliklarga chalinmoqda. O‘zbekistonda bu kasallikka qarshi qanday kurash olib borilayotgani haqida maqolamizda o‘qing.
Bolalar onkologiya, gematologiya va immunologiya markazi yo‘laklarida dori-darmon isi kelib, bolalar kulgisi yangraydi. Chunki bu yerda nafaqat kasallikni, balki qalbni ham davolashadi. Biz har xil bolalarni uchratamiz — ba’zilari sho‘x va shovqinli, boshqalari esa kamtar va uyatchan. Ular multfilm ko‘rishadi, o‘ynaydi, rasm chizadi, onalari bilan suhbatlashadi... Faqat ularning barchasi turli infeksiyalardan himoyalanish uchun niqobda, aksariyatning tomirlarida esa kateterlar bor, bolalar ular bilan yashashga o‘rganib qolgan. Ko‘zlaridagi ifoda esa yoshlariga nisbatan ancha jiddiy.
Bu bolalar orasida kelajakka katta maqsad va rejalar qo‘ygan, deyarli voyaga yetgan o‘smirlar ham, bu dunyoda endigina ilk qadamlarini qo‘yayotganlar ham bor. Ularni birlashtiruvchi jihat shundaki, bola bo‘lishlariga qaramay, ular og‘riqning nimaligini boshqalardan ko‘ra chuqurroq his qilishadi va tushunishadi.
Bolalarning katta hayotdagi qadamlari ishonchliroq bo‘lishi va kichik bemorlarning ulkan orzulari amalga oshishi uchun nafaqat bolalar, balki ota-onalar ham sehrgarlar deb ataydigan, shifokorlarning katta jamoasi tinmay ishlaydi.
30 yillik tajribaga ega shifokor-gematolog, tibbiyot fanlari nomzodi Nargiza Babaxanovaning xotirasida mo‘’jiza deb atasa bo‘ladigan holatlar talaygina. Hatto ota-onalari ham sog‘ayib ketishiga ishonmagan kichkintoy bemorlar haqidagi ta’sirli voqealarni so‘zlab berganda, uning horg‘in va mehribon ko‘zlarida yosh paydo bo‘ladi. Mana bugun ham minnatdorchilik bildirish va uzr so‘rash uchun uning oldiga navbatdagi ona keldi... Qizining yashashiga ishonmagani, faqat markaz psixologlari yordam bera olgan ko‘z yoshlari va jazavalari uchun kechirim so‘radi. Hozir esa uning farzandi kimoterapiya va qo‘llab-quvvatlovchi davolash kursidan so‘ng sog‘ayib ketdi va allaqachon birinchi sinfni tugatdi.
Nargiza Nusratullayevna e’tirof etadi: onkologiya kasalligiga chalingan bemorlar va ularning ota-onalari bilan ishlash hamma uchun: shifokorlar uchun ham, markaz xodimlari uchun ham qiyin. Har bir bolaning vafoti butun jamoa uchun ulkan fojiadir. Lekin, har bir sog‘ayish holati ham barcha uchun quvonchlidir.
Gematologiya bo‘limining o‘ziga xos devori ham mavjud, unda bemorlar davolanish boshlanishida, o‘rtasida va yakunlanishidagi suratlari joylashtirilgan. Nargiza Babaxanovaning so‘zlashicha, boshqalarning tajribasini ko‘rsatuvchi bunday terapiya yangi bemorlarga sog‘ayish yo‘lidagi murakkab bosqichlarni yengib o‘tishda yordam beradi.
Hozirda Bolalar onkologiya, gematologiya va immunologiyasi markazi zamonaviy tibbiyot va ilmiy-tadqiqot muassasasi bo‘lib, barcha qulayliklar bilan jihozlangan bir kishilik shinam xonalarga va eng so‘nggi avlod tibbiy uskunalarga ega. Bu yerda bemorlar doimo eng yaqin insonining qo‘llab-quvvatlashini his qilishi uchun onalari bilan birga bo‘ladi.
Markazda davolanayotgan bolalarning ta’lim olishiga ham e’tibor qaratilgan. Bu yerda “Mehrli maktab” gospital maktabi tashkil etilib, umumta’lim maktabi bilan birga maktabgacha ta’lim dasturi ham yo‘lga qo‘yilgan. Bu yerda yiliga 1 000 nafargacha bola ta’lim olishi va davolanish jarayonida vaqtini qiziqarli o‘tkazishi mumkin.
Ammo, bu doim shunday bo‘lmagan: shifokorlar 10-yil oldin palatalarda uch-to‘rt bemor yotganini, sanitariya xonalari umumiy bo‘lganini eslaydilar. Barcha laboratoriya tahlillari o‘tkazilmas edi. Dori-darmonlar bilan ta’minlash yetarli bo‘lmagani va zamonaviy kimoterapiya usullari mavjud bo‘lmagani sababli, davolash samaradorligi 30% dan oshmagan.
Bolalar onkologiya, gematologiya va klinik immunologiyasi sohasini isloh qilish 2021-yilda boshlandi. Prezident Shavkat Mirziyoyev qarori asosida Respublika bolalar onkologiya, gematologiya va immunologiyasi ilmiy-amaliy markazi tashkil etildi hamda aholiga ko‘rsatiladigan tegishli xizmatlar tizimi butunlay qayta ko‘rib chiqildi.
Yangi bino qurilishi, zamonaviy uskunalar va palatalar bilan ta’minlanishi barobarida, davlat hisobidan dori vositalar ta’minoti ham sezilarli darajada oshirildi. Onkologiya markazi bosh shifokorining o‘rinbosari Shohrux Xo‘jayevning aytishicha, bugungi kunda bu ko‘rsatkich 93-95% ga yetgan.
“Markazimizda butun mamlakatdan kelgan bolalarga tashxis qo‘yish va davolash o‘tkaziladi, order bilan murojaat qilgan bemorlar uchun esa bu mutlaqo bepul”, - deydi u.
Har oy markazda 120-150 ta jarrohlik amaliyoti o‘tkazilib, bolalar to‘laqonli hayotga qaytarilmoqda. Bularning 30 ga yaqini yuqori texnologiyali operatsiyalardir. Bunga misol qilib, velosipeddan yiqilgan 16 yoshli o‘smirning voqeasini keltirish mumkin. Keyinchalik ma’lum bo‘lishicha, bu patologik sinish ekan. MRT, tekshiruvlar va biopsiya o‘tkazildi. Natijalar suyak kistasini ko‘rsatdi. Son suyagini repozitsiya qilish va bioshtift o‘rnatish operatsiyasi o‘smirga yana harakatlanish imkoniyatini berdi.
Bu juda murakkab operatsiya. Markazning direktori, professor Djamila Polatova bu kabi ko‘plab yuqori texnologiyali operatsiyalarga rahbarlik qilganidek, bu operatsiyani ham boshqardi. Uning rahbarligida yuqori malakali jarrohlar Aleksandr Savkin va Oybek Abdusattorov ishladi. To‘rt qizg‘in soat - va protez o‘rnatildi. Ertaga o‘smir yurishni boshlaydi, keyin esa futbol ham o‘ynay oladi. Ammo bu uning o‘z xohishiga bog‘liq.
Bolalar onkologiya, gematologiya va immunologiyasi markazida bolalar va o‘smirlarga murakkab operatsiyalar muntazam ravishda o‘tkazilmoqda. Bu yerda O‘zbekistonda ilk bor suyak onkologik kasalligi bilan bolalarga tizza bo‘g‘imining o‘suvchi noinvaziv endoprotezlarini o‘rnatish bo‘yicha noyob amaliyotlar bajarildi (o‘suvchi noinvaziv endoprotez — bemor tanasi bilan birga o‘sa oladigan, almashtirish uchun takroriy jarrohlik aralashuvlarini talab qilmaydigan tibbiy qurilma — tahr.). Shifokorlar, shuningdek, yumshoq to‘qima hosila tuzilmalarini kesib olish (yumshoq to‘qimalardagi xavfsiz yoki xavfli o‘smalarni olib tashlash — tahr.), qon tomirlarini qayta tiklash va protezlash amaliyotlarini ham o‘tkazmoqdalar.

“Biz qo‘l-oyoqni saqlab qolganimizda, nafaqat jismoniy harakatlanish imkoniyatini asrab qolamiz, balki bolalarga orzularini, umidini va kelajakka bo‘lgan ishonchini qaytaramiz”, — deydi professor Djamila Polatova.

Markazda bunday organ saqlovchi va yuqori texnologiyali amaliyotlarni o‘tkazish davlat ko‘magi hamda xalqaro tashkilotlar va xorijiy hamkasblar, jumladan Rossiyalik hamkorlar yordami tufayli amalga oshirildi. Misol uchun, markaz N. N. Bloxin nomidagi Milliy tibbiyot ilmiy -onkologiya markazi, Dmitriy Rogachov nomidagi Bolalar gematologiya, onkologiya va immunologiyasi milliy tibbiy ilmiy-tadqiqot markazi, Rossiya Federatsiyasi Sog‘liqni saqlash vazirligining Milliy tibbiy radiologiya ilmiy-tadqiqot markazi bilan yaqin hamkorlik qiladi. Jarrohlik amaliyotida Rossiya Sog‘liqni saqlash vazirligi qoshidagi Samara davlat tibbiyot universiteti (SamDTU) tomonidan ishlab chiqilgan innovatsion noinvaziv endoprotezlar qo‘llanilmoqda (bunday endoprotez bola bilan birga "o‘sadi", chunki implantda uning uzunligini takroriy operatsiyasiz o‘zgartirish imkoniyati mavjud — tahr.). Jamila Shagayratovnaning o‘zi Rossiya Fanlar akademiyasining xorijiy a’zolari qatorida.
2025 yilda O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2025-2030 yillarga mo‘ljallangan bolalar saratoniga qarshi kurashish bo‘yicha Milliy strategiyani amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qarorni imzoladi. Mazkur strategiya onkologik va onkogematologik kasalliklarga chalingan bolalarni profilaktika qilish, tashxis qo‘yish, davolash va reabilitatsiya qilish tizimini tubdan takomillashtirish hamda ularning hayot sifatini yaxshilashga qaratilgan. Strategiya kasallikka qarshi kurashni bir oilaning shaxsiy fojiasidan butun mamlakatning milliy ustuvor yo‘nalishiga aylantiradi.
Strategiyaning asosiy maqsadlari: bolalarda saraton kasalligini erta aniqlash darajasini 65% gacha ko‘tarish, onkologik va onkogematologik kasalliklarga chalingan bolalarning bir yillik yashab qolish ko‘rsatkichini 34% dan 90 % gacha, besh yillik yashab qolish ko‘rsatkichini esa kamida 60% gacha oshirish, hamda saraton kasalligiga chalingan barcha bolalarni ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam bilan to‘liq 100% qamrab olishni ta’minlash.
“O‘zbekistonda yiliga o‘rtacha 1000 ga yaqin onkologik kasallikka chalingan yangi bolalar aniqlanadi, ularning qariyb 30% zi leykozlarga to‘g‘ri keladi. Biroq, o‘z vaqtida tashxis qo‘yilsa, bolalardagi onkologik kasalliklarni yengish mumkin. To‘g‘ri, ota-onalar uchun buni qabul qilish ba’zan qiyin bo‘ladi, ular aksincha, ishonmaslikka harakat qilib, vaqtni yo‘qotadilar. Unutmaslik kerakki, saraton hukm emas. O‘z vaqtida qo‘yilgan tashxis va davolash sog‘ayishning kafolatidir. Bundan tashqari, yaqinlarning qo‘llab-quvvatlashi va parvarishi ham muhim. Hatto og‘ir kasal bolalarda ham yashash imkoniyati bor va bizning amaliyotimiz buni isbotlamoqda” ,— deydi onkolog va kimoterapevt Kamoliddin Nuriddinov.
Milliy strategiyaga muvofiq, bolalardagi saraton xavfini aniqlashga sun’iy intellekt yordam beradi. Shuningdek, viloyatlarda ham bu boradagi ishlar tegishli ravishda tashkil etiladi. Samarqand O‘zbekistonda xalqaro diagnostika va davolash standartlariga muvofiq bo‘lgan zamonaviy onkogematologiya xizmatini joriy etish bo‘yicha loyiha boshlangan birinchi sinov hududi sifatida tanlandi.
Suyak iligi transplantatsiyasi xizmatini rivojlantirish maqsadida Toshkentga Gleb Bronin taklif etildi. U ilgari Dmitriy Rogachov nomidagi Bolalar gematologiya, onkologiya va immunologiyasi milliy tibbiy tadqiqot markazida ishlagan, shuningdek, Moskvadagi Morozov nomli bolalar shahar klinik shifoxonasida suyak iligi va qon ishlab chiqaruvchi o‘zak hujayralarini transplantatsiyasi bo‘limiga rahbarlik qilgan. Hozirda u markazning gematologiya bo‘yicha bosh shifokor o‘rinbosari lavozimida ishlamoqda. Joriy yildan boshlab mamlakat tarixida ilk bor suyak iligi donorlarining milliy reyestri dasturi yo‘lga qo‘yiladi. Ayni paytda bu borada tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda.
Shuningdek, O‘zbekistonda bolalar onkologiyasi bo‘yicha Xalqaro akademik xab tashkil etilmoqda, u mutaxassislar tayyorlash, ilmiy tadqiqotlar olib borish, raqamli yechimlar ishlab chiqish va transchegaraviy hamkorlik uchun platforma vazifasini o‘taydi.
“Ya’ni, bu ham ta’lim, ham ilmiy yo‘nalishdagi yirik yuqori texnologiyali xab bo‘lib, uning faoliyat sohalaridan biri hujayra texnologiyalarini rivojlantirishga qaratiladi. Biz bu texnologiyalarni hozirda ularga ega bo‘lmagan qo‘shni davlatlar uchun qo‘llashimiz mumkin. Biz kelajakni o‘ylaymiz: mamlakat istiqboli, onkologik xizmatni rivojlantirish — ham mahalliy, ham qo‘shni mintaqalarda”, — deya qo‘shimcha qildi Gleb Bronin.
...Markazdan chiqayotganimizda, bir keksa ayolni uchratib qoldik. U tasvirga olish haqida so‘rab, o‘z muammosini so‘zlab berdi: uning to‘rt yoshli nabirasi o‘tkir leykozga chalingan. Atigi bir hafta oldin qizaloq quvnoq va faol bo‘lgan, endi esa reanimatsiya bo‘limida yotibdi. Ammo buvisi umidini yo‘qotmayapti, shifokorlarga to‘liq ishonadi va aynan shu yerda nabirasiga yordam berishlariga hamda u yana baxtli bolaligiga qaytishiga ishonadi.
Bolalar onkologiya, gematologiya va immunologiyasi markazi haqida batafsil Sputnik videosida.
Yangiliklar lentasi
0