YaTT va o‘zini o‘zi band qilganlar uchun maxsus huquqiy rejim joriy etildi – tafsilotlar
14:37 14.08.2025 (yangilandi: 15:07 14.08.2025)

© Getty Images / ismagilov
Obuna bo‘lish
Yillik aylanmasi 1 mrld so‘mgacha bo‘lgan yakka tartibdagi tadbirkorlar va o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar uchun aylanmadan olinadigan soliq stavkasi 1 foiz miqdorida belgilanadi.
TOShKENT, 14 avg – Sputnik. O‘zbekistonda 2030-yilning 31-dekabriga qadar yakka tartibdagi tadbirkorlar va o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarga to‘lov tashkilotlarining raqamli platformalari orqali davlat va moliyaviy xizmatlarni onlayn tarzda ko‘rsatish bo‘yicha maxsus huquqiy rejim joriy etiladi. Bu prezident 12-avgustkuni imzolagan qarorda nazarda tutilgan.
2026 yil 1-yanvardan boshlab quyidagilar bekor qilinadi:
yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun qat’iy belgilangan miqdorda jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ini to‘lash tartibi;
soliq davrida tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilishdan daromadi yuz million so‘mdan oshmagan o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarni aylanmadan olinadigan soliq to‘lashdan ozod qilish tartibi.
Yillik aylanmasi 1 milliard so‘mgacha bo‘lgan yakka tartibdagi tadbirkorlar va o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar uchun aylanmadan olinadigan soliq stavkasi 1 foiz miqdorida belgilanadi.
Quyidagilar ushbu qarorning asosiy maqsad va ustuvor vazifalari etib belgilandi, jumladan:
yakka tartibdagi tadbirkorlar va o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarning ixtiyoriy ravishda rasmiy sektorda ishlashini rag‘batlantiruvchi raqobatbardosh va shaffof tadbirkorlik muhitini shakllantirish;
ma’muriy tartib-taomillarning takrorlanuvchi va ortiqcha talablarini bekor qilish;
davlat ro‘yxatidan o‘tkazishdan tortib hisobotni topshirishgacha bo‘lgan barcha asosiy xizmatlarni birlashtiruvchi integratsiyalashgan raqamli platformalar yaratish;
naqdsiz to‘lovlarni qabul qilish uchun qulay va samarali mexanizmlarni joriy etish.
Soliq qo‘mitasi va Iqtisodiyot vazirligi uch oy muddatda aylanma solig‘i bo‘yicha hisobotning soddalashtirilgan shaklini tasdiqlashi va ma’lumotlarni raqamli platformalar orqali soliq organlariga avtomatik tarzda o‘tkazish axborot tizimlari integratsiyasini ta’minlashi kerak.
2025 yil 31-dekabrga qadar Adliya vazirligi va Soliq qo‘mitasi yakka tartibdagi tadbirkorlar va o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar reyestrlarini raqamli platformalar bilan birlashtirishi va ularni masofadan turib ro‘yxatdan o‘tkazish imkoniyatini yaratishi lozim.
