Markaziy Osiyoda yagona “Katta Quyosh pechi”da qanday kashfiyotlar amalga oshirilmoqda?
© Sputnik
Obuna bo‘lish
Eksklyuziv
“Katta Quyosh pechi” Toshkent viloyatining Parkent tumanida joylashgan bo‘lib, mamlakatdagi eng noyob obyektlardan biri hisoblanadi.
Bunday inshootlar dunyoning faqatgina ikki mamlakatida mavjud. Biri Fransiyada, ikkinchisi esa O‘zbekistonda. Inshoot dengiz sathidan 1100 metr yuksakda joylashgan. Qurilma uchun tog‘li hududda yer maydoni portlatilib 30 metr chuqurlikda temir-betondan poydevor qo‘yilgan. Inshoot qurilishi 1981-yildan 1987-yilgacha davom etgan bo‘lib, uni qurishdan asosiy maqsad – yadro qurol ishlatilishida bo‘ladigan jarayonlarni simulyatsiya qilish, kosmosga uchadigan apparatlarni turg‘unligini tekshirish va o‘ta sof va o‘ta yengil materiallar olish bo‘lgan.
“Sobiq Sovet mamlakatlarida qurilmani qayerga qo‘yish kerakligi va qayerda ko‘proq samara berishi haqida vazifa quyilgan. Bu yerdagi qo‘yilgan talablardan eng kattasi: tabiat ekologik sof bo‘lishi, tutun yoki bulutlanish, quyoshli kunlarning ko‘p bo‘lishi edi. Hozirgi quyosh qurilmasi joylashgan Parkent tumani tog‘li hudud sanaladi. Ekologiyasi toza, sof. Bu tizim juda katta, 10 gektardan ko‘proq yerni egallaydi va uchta qismdan iborat. Mana shu uchta qism bitta qoyada joylashgan bo‘lishi shart, chunki yer silkinishi vaqtida u bir-birini o‘qidan chiqib ketmasligi kerak. Bu juda noyob joy, sababi bunday katta xarsangtoshni topishni o‘zi bo‘lmaydi”, - deydi O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Materialshunoslik instituti direktori Odilxo‘ja Parpiyev.
“Katta Quyosh pechi”da quyosh nuridan foydalanib, materiallarni sintez qilish, ishlab chiqarish va xo‘jalik yo‘nalishlarda tadqiqotlar olib borish mumkin. Bugun u yerda Olmaliq kon metallurgiya kombinatidan chiqqan texnogen chiqindilarni qayta ishlash va qimmatbaho metallarni ajratib olish ishlari maqsad qilinmoqda.
“Bugungi kunda u yerda deyarli ikki milliardga yaqin texnogen chiqindilar yig‘ilib qolgan. Uni tarkibida 30 foizdan ortiq metall bor. Uni ajratib olish esa texnologik juda qiyin jarayon. Shuning uchun bizning taklifimiz – mujassamlashgan quyosh nurida texnogen chiqindilarni eritib, ajratib olish. Gap shundagi quyosh nurlanishi juda tez ta’sir o‘tkazadi. Aytaylik, yuzaga gaz yoki boshqa energiya manbasi bilan ta’sir qiladigan bo‘lsa, birinchi yuza qiziydi, undan so‘ng o‘rtasiga o‘tib boradi. Quyoshda foydalanganda unday emas, agar materialni olib quyosh nurida ta’sir o‘tkazadigan bo‘lsak, boshdan oyoq quyosh nuri unga ta’sir o‘tkazadi. Jarayon juda ham tez bo‘ladi. Eng qizig‘i, buni (texnogen chiqindilarni) ichidagi temir miqdori deyarli 65 foizni tashkil etapti. Endi tasavvur qiling, ikki milliard tonna ichidan 25-30 foizi metall bo‘lsa, yuzlab million tonna temirni ajratib olish mumkin, degani. Bu esa nafaqat ekologiyaga, balki iqtisodiy tomonlama katta foyda keltirishi mumkin”, - deya qo‘shimcha qiladi olim.
Bugun O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Materialshunoslik instituti olimlari Rossiya bilan hamkorlikda ilmiy izlanishlarni amalga oshirmoqda. Shuningdek, quyosh energiyasi orqali laboratoriyada sun’iy ravishda olmos, yoqut va boshqa qimmatbaho metallarni ishlab chiqarish ustida tajriba o‘tkazilmoqda.
“Rossiya Federatsiyasi bilan biz asosan, Butunrossiya aviatsiya Moddalari Ilmiy-Tadqiqot Instituti bilan hamkorlik qilamiz. Asosiy maqsad – kosmik apparatlar yuzalarini himoyalovchi kompozitsiyalar ishlab chiqish va ularni sinovdan o‘tkazish. Ma’lumki, kosmik apparatlar kosmosga uchganda yoki qaytib kelayotganda havo bilan ishqalanish natijasida ikki ming gradusdan yuqori harorat bo‘ladi. Kosmik apparatlar, ayniqsa yerga qo‘nuvchi apparatlar qaytib kelayotganda yonadi. Ichida esa kosmonavtlar bor. Ularni xavfsizligini ta’minlash uchun aynan shunday kompozitlar kerak. Bir tomondan u yengil bo‘lishi kerak, boshqa tomondan yuqori haroratlarga bardoshli bo‘lishi kerak. Ko‘plab davlatlar sinov o‘tkazadi. Lekin ular plazma energiyasidan foydalanadi. Plazmani harorati besh ming gradusdan boshlanadi. Bu esa kompozitlarni, ichidagi molekulalarni parchalanishiga olib keladi. Ya’ni, o‘tkazilgan tajribani to‘g‘ri yoki noto‘g‘riligini tekshirish juda ham qiyin bo‘ladi. Quyosh qurilmasidan foydalanganda haroratni 0 dan 2 yarim ming gradusgacha ko‘tarib borish mumkin. Ya’ni, bosqichma-bosqich xuddi yer yuzasidan kosmosga uchgandek sharoitni takrorlash mumkin. Aynan shu yo‘nalish bo‘ycha biz hamkorlik qilamiz”, - deydi Parpiyev.
Batafsil Sputnik O‘zbekiston videosida ko‘ring.