O‘zbekistonda asosan qaysi turdagi giyohvandlik vositalari aniqlanayotgani aytildi

© Sputnik / Sergey Venyavskiy
/ Obuna bo‘lish
IIV: shu yilning birinchi yarim yilligida giyohvandlik va psixotrop moddalarning noqonuniy muomalasi bilan bog‘liq 4 195 nafar shaxs ushlandi.
TOShKENT, 3-iyul — Sputnik. Bugungi kunda O‘zbekistonda asosan 15 turdagi giyohvandlik vositalari aniqlanmoqda. Bu haqda AOKAda Ichki ishlar vazirligi tomonidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.
“Bugungi kunda respublika hududida asosan 15 turdagi giyohvandlik vositalari aniqlanmoqda: an’anaviy (marixuana, ko‘knor, gashish, opiy, geroin), psixotrop (pregabalin, tropikamid, sibutramin, zaleplon, gabapentin) va sintetik (alfa-PVP, mefedron, spays, ekstazi, LSD) turlaridir”, — deya ma’lum qilindi anjumanda.
Qayd etilishicha, shu yilning birinchi yarim yilligida giyohvandlik va psixotrop moddalarning noqonuniy muomalasi bilan bog‘liq jinoyat sodir etgani uchun 4 195 nafar shaxs ushlandi. Ulardan 1 t 882 kg giyohvandlik vositalari va 894 255 dona kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari olindi.
“15 yanvar – 15-fevral kunlari Toshkentda "Xavfsiz va sog‘lom poytaxt” profilaktik oyligi o‘tkazildi. Tadbir davomida 801 ta giyohvandlik va psixotrop moddalarning noqonuniy muomalasi bilan bog‘liq holat aniqlandi. 567 ta jinoyat ishi quzg‘atildi, 158 ta ma’muriy tartibda chora ko‘rildi”, — deya qayd etildi tadbirda.
Noqonuniy muomaladan 21,8 kg giyohvandlik vositalari, 28,8 ming dona va 26 kg miqdorda kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari olindi.
Internet narkodo‘konlarning reklamasi aks etgan 1 323 ta "narkograffiti"lar aniqlanib o‘chirildi va ularni chizgan 6 nafar shaxs javobgarlikka tortildi.
Ichki ishlar organlariga olib kelingan shaxslardan 266 nafari majburiy, 235 nafari ihtiyoriy davolanishga yotqizildi. 15-aprel kunidan 15-may kuniga qadar “Xavfsiz va sog‘lom yurt” keng qamrovli tezkor-profilaktik oyligi o‘tkazildi.
Oylik doirasida 7 236 ta tezkor-qidiruv tadbirlari o‘tkazildi. 1 191 nafar qidiruvdagi shaxs ushlandi.
“Noqonuniy muomaladan 334 kg 266 gramm giyohvandlik vositalari, 68 ming 429 dona kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari olinib, 91 ming 433 tup tarkibida giyohvandlik vositalari bo‘lgan o‘simliklar yetishtirilayotgani aniqlandi”, — deya ta’kidlandi matbuot anjumanida.
75 ta “zakladkachilar” bilan bog‘liq holatda 99 kg 627 gramm giyohvandlik vositalari olindi.
