O‘zbekistonning tasviriy va amaliy san’at sohasidagi rejalari ma’lum qilindi
© Sputnik / Baxrom XatamovVistavka "Oda jenshine" v Tashkente

© Sputnik / Baxrom Xatamov
Obuna bo‘lish
Professor-o‘qituvchilarning munosib badiiy asarlari ilmiy monografiyaga tenglashtiriladi.
TOShKENT, 2-iyul — Sputnik. Toshkentda 40 ta ijodiy ustaxonadan iborat Yosh rassomlar markazi barpo etiladi, deya xabar berdi prezident matbuot xizmati.
Davlat rahbariga tasviriy va amaliy san’at sohasini yanada rivojlantirishga oid qaror loyihasi haqida axborot berildi.
Quyidagilarni amalga oshirish rejalashtirilgan:
2026-2027 yillarda investitsiya dasturi doirasida Badiiy akademiyaning Markaziy ko‘rgazmalar zali va fondi binosini rekonstruksiya qilish, Toshkent fotosuratlar uyida Multimedia markazi tashkil etish;
Badiiy fond hududida zamonaviy galereya hamda 40 ta ijodiy ustaxonadan iborat Yosh rassomlar markazi barpo etiladi;
Sharq miniatura san’ati muzeyida o‘quv-ishlab chiqarish ustaxonasi tashkil qilinadi;
Benkov nomidagi rassomlik maktabi ta’mirlanib, 400 o‘rinli qo‘shimcha o‘quv binosi, 200 o‘rinli yotoqxona quriladi;
“Ustoz-shogird” tamoyili asosida yosh qalamkashlarni tarbiyalab kelayotgan tajribali rassomlar qo‘shimcha rag‘batlantirib boriladi;
har yili tanlov asosida eng iste’dodli ijodkorlar xorijiy mamlakatlarga tajriba almashishga yuboriladi.
“Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutida ta’lim sifatini oshirish choralari ko‘riladi. Bu yerda ilg‘or xorijiy o‘quv reja va dasturlar bosqichma-bosqich joriy etiladi. Professor-o‘qituvchilarning munosib badiiy asarlari ilmiy monografiyaga tenglashtiriladi. Shuningdek, bu institutni bitirgan mutaxassislarga maktablarda tasviriy san’at fanidan dars o‘tishga ruxsat beriladi”, — deyilgan xabarda.
Aytilishicha, “Yangi O‘zbekiston manzaralari”, “Tarixiy allomalar” va “Zamon qahramonlari” turkumidan ijodiy asarlarni davlat buyurtmasi asosida yaratish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.