AQSh Eronga zarba berishni Isroil bilan muvofiqlashtirgani aytildi — nimalar ma’lum?

© AP Photo / Seth Wenig
Obuna bo‘lish
Eron TIV rahbari: Eron o‘z suvereniteti, manfaatlari va xalqini himoya qilish uchun barcha imkoniyatlarni o‘zida saqlab qoladi.
TOShKENT, 22-iyun — Sputnik. AQSh Eronga zarbalar berishda Isroil bilan muvofiqlashgan holda harakat qilgan, Eron bu hujumni qoralaydi. Bu haqda RIA Novosti Eron elchixonasi maktubiga tayanib, xabar berdi.
Tegishli bayonotlar Eronning doimiy vakili Amir Said Iravoniyning BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish va BMT Xavfsizlik kengashi raisi, Gayananing BMTdagi doimiy vakili Kerolin Rodriges-Birkettga iyun oyida yo‘llagan maktubida keltirilgan.
"2025 yil 21-iyun kuni erta tongda Qo‘shma Shtatlar o‘sha paytda Eronning tinch aholisi va muhim infratuzilmasini bombardimon qilayotgan Isroil rejimi bilan to‘liq muvofiqlikda harakat qilib, Eronning uchta qo‘riqlanadigan yadroviy obyektiga qasddan va sababsiz havo hujumlarini amalga oshirdi: Fordo, Natanz va Isfaxon", — deyiladi hujjatda.
Eron doimiy vakili mamlakat ushbu "sababsiz va qasddan" bosqinchilik harakatlarini keskin qoralashini ta’kidladi.
AQSh va Isroil bir yil avval mashg‘ulotlarda Eron yadroviy obyektlariga yakshanbaga o‘xshash zarbalar berishni mashq qilgan, deb xabar berdi ABC telekanali manbalarga tayanib.
Avvalroq AQSh prezidenti Donald Tramp Amerika armiyasi Eronning Natanz, Fordo va Isfahondagi uchta yadroviy obyektiga qarshi muvaffaqiyatli operatsiya o‘tkazganini ma’lum qilgandi. Prezidentning aytishicha, AQSh zarbalaridan keyin Tehron "bu urushni tugatishga" rozi bo‘lishi kerak. Fars agentligi Eron rasmiylariga tayanib, Eronning Isfaxon va Ford shahridagi yadroviy obyektlar havo hujumlariga uchraganini ma’lum qildi.
Eron tomonidan qabul qilinayotgan qarorlarning siyosiy maqsadga muvofiqligini aniqlash bo‘yicha kengash a’zosi Muhsin Rizoiy avvalroq Eron o‘zining barcha "boyitilgan yadroviy materiallari"ni xavfsiz joyga ko‘chirganini aytgan edi.
"AQSh va Isroil bu hujumni taxminan bir yil oldin harbiy mashg‘ulotlarda tayyorlagan", — deyiladi telekanal xabarida.
Manbaga ko‘ra, bu mashg‘ulotlar misli ko‘rilmagan edi, chunki ular davomida Isroil va AQSh kuchlari birinchi marta Eron yadroviy salohiyatiga qarshi hujum harakatlarini mashq qildi.
Telekanalning ta’kidlashicha, mashg‘ulotlar AQShning sobiq prezidenti Jo Bayden ma’muriyati davrida o‘tkazilgan.
Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida AQShning Eron yadroviy obyektlariga hujumi uzoq muddatli oqibatlarga olib kelishini, Eron o‘zini himoya qilish huquqini o‘zida saqlab qolishini aytdi.
"Amerika Qo‘shma Shtatlari BMT Xavfsizlik Kengashining doimiy a’zosi sifatida Eronning tinch yadroviy obyektlariga hujum qilib, BMT Nizomi, xalqaro huquq va Yadro qurolini tarqatmaslik to‘g‘risidagi shartnomani jiddiy ravishda buzdi. Bugun ertalab sodir bo‘lgan voqealar dahshatli va uzoq davom etadigan oqibatlarga olib keladi... BMT Nizomi va uning o‘zini himoya qilish maqsadida qonuniy javob berishga imkon beruvchi qoidalariga muvofiq, Eron o‘z suvereniteti, manfaatlari va xalqini himoya qilish uchun barcha imkoniyatlarni o‘zida saqlab qoladi", — deb yozgan Eron TIV rahbari.
AQSh prezidenti Donald Tramp Oq uyda Eron yadroviy obyektlariga qarshi operatsiya yakunlari bo‘yicha millatga murojaat bilan chiqdi.
Amerika yetakchisining asosiy bayonotlari:
zarbalarning maqsadi Tehronning yadroviy imkoniyatlarini cheklash edi;
uranni boyitish bo‘yicha asosiy obyektlar to‘liq yo‘q qilindi;
endi Eron sulh tuzishi kerak;
Vashingtonning keyingi hujumlari ancha yomon bo‘lishi mumkin;
Eronning AQShga qarshi har qanday harakatiga yanada jiddiyroq javob beriladi: yoki tinchlik o‘rnatiladi, yoki Eronning boshiga biz so‘nggi sakkiz kun ichida guvohi bo‘lganimizdan ancha jiddiyroq fojia tushadi.
Amerika yetakchisi, shuningdek, Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxuga minnatdorchilik bildirgan.
MAGATE hozirgi vaqtda AQShning hujumlari fonida Erondagi yadroviy obyektlardan tashqarida radiatsiya darajasining oshishi qayd etilmaganini ma’lum qildi.
