Putin Tramp bilan telefon orqali muloqot qildi — suhbatda ko‘tarilgan masalalar
© Sputnik / Sergey Guneyev / Mediabankka o‘tishVstrecha prezidenta Rossii Vladimira Putina i prezidenta SShA Donalda Trampa

© Sputnik / Sergey Guneyev
/ Obuna bo‘lish
Yuriy Ushakov: suhbat taxminan bir soat, aniqrog‘i, 50 daqiqa davom etdi.
TOShKENT, 15-iyun — Sputnik. Rossiya prezidenti yordamchisi Yuriy Ushakov Vladimir Putinning AQSh prezidenti Donald Tramp bilan telefon suhbati yakunlari bo‘yicha izoh berdi. Suhbat matni Kreml saytida elon qilindi.
Aytilishicha, suhbat taxminan bir soat, aniqrog‘i, 50 daqiqa davom etdi. Mazmunli, samimiy va eng muhimi, juda foydali bo‘ldi, deydi Ushakov.
“Fikr almashuv markazida, tabiiyki, Yaqin Sharqdagi vaziyatning xavfli keskinlashuvi turardi. Vladimir Putin Isroilning Eronga qarshi harbiy operatsiyasini qoralab, Yaqin Sharq mintaqasidagi butun vaziyat uchun oldindan aytib bo‘lmaydigan oqibatlarga olib keladigan mojaroning ehtimoliy kuchayishidan jiddiy xavotir bildirdi”, — deyiladi xabarda.
Prezident AQSh yetakchisiga kecha Isroil bosh vaziri va Eron prezidenti bilan telefon orqali muloqotlar bo‘lib o‘tgani haqida ma’lumot berdi. Mojaroning avj olishiga yo‘l qo‘ymaslik muhimligi va Rossiya tomoni ehtimoliy vositachilik harakatlarini amalga oshirishga tayyorligi ta’kidlandi.
Rossiya prezidenti AQSh va Eron vakillari o‘rtasida Eron yadroviy dasturi bo‘yicha o‘tkazilgan muzokaralar chog‘ida o‘zaro maqbul kelishuvlarga erishishga qaratilgan aniq qadamlar ilgari surilgani, Isroil esa 15-iyunga belgilangan navbatdagi muzokaralar raundi arafasida zarbalar berganini eslatdi.
“Rossiyaning prinsipial yondashuvi va kelishuvdan manfaatdorligi o‘zgarishsiz qolmoqda. V.Putin ta’kidlaganidek, biz bundan buyon ham shundan kelib chiqib ish tutamiz”, — deya qayd etdi Ushakov.
Donald Tramp ham, o‘z navbatida, Isroilning Eron hududidagi obyektlarga bergan zarbalari samaradorligini tan olgan holda, vaziyatni juda xavotirli deb baholadi.
“Ammo shunisi xarakterliki, Rossiya va Amerika prezidentlari, bunday murakkab vaziyatga qaramay, Eron yadro dasturi bo‘yicha muzokaralar yo‘liga qaytishni istisno qilishgani yo‘q. Darvoqe, D.Tramp ta’kidlaganidek, amerikalik muzokarachilar jamoasi Eron vakillari bilan hamkorlikni qayta tiklashga tayyor”, — deya aniqlik kiritdi u.
Ma’lumki, bunday bilvosita muzokaralarning besh raundi Ummon vositachiligida bo‘lib o‘tdi. Bundan tashqari, suhbat chog‘ida Vladimir Putin Donald Trampga Rossiya va Ukraina delegatsiyalarining 2-iyun kuni Istanbulda bo‘lib o‘tgan uchrashuvida erishilgan kelishuvlarning amalga oshirilishi to‘g‘risida ma’lumot berdi.
Prezident ayni kunlarda harbiy asirlar, jumladan, og‘ir yaradorlar va 25 yoshgacha bo‘lgan harbiy asirlar almashinuvi amalga oshirilayotganini ta’kidladi. Ukraina halok bo‘lganlarning ikki partiyasini ham qabul qildi. Rossiya tomoni ukrainaliklar bilan muzokaralarni kelishilganidek 22-iyundan keyin davom ettirishga tayyorligini bildirdi.
Tramp ushbu ma’lumotni inobatga oldi va Rossiya-Ukraina mojarosining tezroq tugashidan manfaatdorligini yana bir bor ta’kidladi.
Ikki tomonlama va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan, ular qanchalik murakkab bo‘lmasin, ochiq va amaliy muloqot qilish, ularga yechim izlash imkonini beradigan shaxsiy munosabatlar qaror topgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
“Darvoqe, V.Putin bugun Qo‘shma Shtatlarda Amerika bayrog‘i kuni va quruqlikdagi qo‘shinlarning 250-yilligi nishonlanayotganiga e’tibor qaratdi. Avvalgi suhbatda bo‘lgani kabi, ikkala prezident ham Ikkinchi jahon urushi davridagi qurol birodarligini ta’kidladi”, — deya qo‘shimcha qildi Ushakov.
Shuningdek, Vladimir Putin Donald Trampni tug‘ilgan kuni bilan tabrikladi - AQSh prezidenti bugun 79 yoshga to‘ldi.