Ayron, o‘rik sharbati kabi qo‘lbola ichimliklarni iste’mol qilmang — SSV
20:00 08.06.2025 (yangilandi: 10:41 09.06.2025)
© Sputnik / Ramiz BaxtiyarovProdaja morojenogo v Tashkente

© Sputnik / Ramiz Baxtiyarov
Obuna bo‘lish
SSV: bozorlar, ko‘chalar va yo‘l yoqalarida sotiladigan ayron, o‘rik sharbati kabi qo‘lbola ichimliklarni iste’mol qilmang.
TOShKENT, 8-iyun — Sputnik. O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi aholini bozorlar, ko‘chalar va yo‘l yoqalarida sotiladigan uy sharoitida tayyorlangan yeguliklarni iste’mol qilmaslikka chaqirdi.
Yoz faslida kuzatiladigan issiq harorat inson tanasida ba’zi muammolarni keltirib chiqarishi mumkin. Shu bois har bir odam shaxsiy gigiyena qoidalariga amal qilishi zarur.
Aytilishicha, doim toza va ozoda joylarda taomlanish, sifati tez buziladigan mahsulotlardan saqlanish zarur.
“Bozorlar, ko‘chalar va yo‘l yoqalarida sotiladigan uy sharoitida tayyorlangan yeguliklar hamda ayron, o‘rik sharbati kabi qo‘lbola ichimliklarni iste’mol qilmang. Shuningdek, meva va sabzavotlarni yaxshilab yuvib, so‘ng tanovul qiling. Go‘sht va sut mahsulotlarini faqat sovutgichda saqlang”, — deyiladi xabarda.
Cho‘milish havzalaridagi ifloslangan suv o‘tkir virusli ichak infeksiyalari, gepatit (A, E), ichburug‘, ichterlama, lyamblioz kabi xavfli kasalliklarni keltirib chiqaradi. Shuningdek, ochiq suv havzalarida suzish turli teri xastaliklari, burun, og‘iz va quloq shilliq qavatlari yallig‘lanishiga ham olib kelishi mumkin.
“Shu bois doim faqat toza va dezinfeksiyalangan sun’iy suzish havzalarida cho‘milish lozim. Shaxsiy sochiq va suzish vositalarini ishlatish, ularni begona odamlarniki bilan almashtirmaslik zarur”, — deya qayd etilgan xabarda.
Yoz faslida sovun va antiseptik gellar yordamida tez-tez qo‘llarni yuvib turish terini ozoda saqlab, zararli bakteriya va viruslardan xalos etadi. Ayniqsa, taomlanishdan oldin va keyin hamda tashqaridan uyga kelganda bu odatni kanda qilmaslik lozim. Jazirama havo inson terisida bakteriyalarni ko‘paytiradi. Shu sababli issiq kunlarda tez-tez iliq dush qabul qilish salomatlik uchun foydali.
“Jamoat hojatxonalaridan foydalangach, albatta, qo‘llarni sovunlab yuvish kerak. Yoxud antiseptik vositalarni ishlatish tavsiya etiladi. Shuningdek, jamoat joylarida eshik tutqichlari va umumiy foydalaniladigan buyumlarni ushlagandan keyin ham qo‘llarni sovunlab yuvish maqsadga muvofiq”, — deya aniqlik kiritilgan xabarda.
Issiq kunlari qaynatilgan yoki filtrlangan toza suv ichish tanada suyuqlik balansini ushlashga yordam beradi.
“Yoz fasli quruq bo‘lgani uchun chang va g‘uborlar havoga tez ko‘tariladi. Shu bois uylarni ozoda saqlash, namlikni nazorat qilish va havoni almashtirib turish juda muhim. Eshik tutqichlari, stol-stul va boshqa tez ifloslanadigan joylarni dezinfeksiya vositalari bilan tozalash turli kasalliklarga chalinishning oldini oladi”, — deyilgan xabarda.
Qolaversa, ish joyida shaxsiy ozodalikka rioya qilish, xona havosini tez-tez almashtirib turish, konditsioner va ventilyatorlardan to‘g‘ri foydalanish salomatlikni saqlashda juda muhimligi qayd etilgan.