Shavkat Mirziyoyev Nuriddin Xoliqnazar bilan telefon orqali suhbatlashdi

© Press-slujba prezidenta UzbekistanaShavkat Mirziyoyev
Shavkat Mirziyoyev - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 01.06.2025
Obuna bo‘lish
Muftiy prezidentga hojilarning salomi va duolarini yetkazdi.
TOShKENT, 1-iyun — Sputnik. Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy shayx Nuriddin Xoliqnazar bilan telefon orqali muloqot qildi, deya xabar berdi davlat rahbari matbuot xizmati.
Avvalroq xabar berilganidek, 13-may kunidan muborak haj safarini niyat qilgan ziyoratchilarning dastlabki guruhi Madinaga jo‘nab ketgan edi.

"Hozirgi muborak kunlarda aziz yurtdoshlarimiz Haj ziyorati uchun Makkai mukarramada bo‘lib turishibdi. Davlatimiz rahbari ular uchun yaratilgan sharoitlar, nuroniylarning salomatligi va kayfiyati haqida so‘radi.Muftiy hazratlari Haj amallarini sidqidildan, mukammal ado etish uchun barcha tashkiliy choralar ko‘rilganini ta’kidladi", — deyiladi xabarda.

Ayni paytda 15 ming nafar hojilarning barchasi Saudiya Arabistoniga yetib borgan. Ularga 300 dan oshiq guruh rahbari, 50 nafar oliy toifali shifokor, 10 dan ziyod oshpazlar va boshqa mutaxassislar hamrohlik qilmoqda.
Bu yil, O‘zbekiston tomonining talabiga muvofiq, Arafot hududidagi chodirlar yopiq tarzda barpo etildi. Ularning atrofi issiq o‘tkazmaydigan panellar bilan o‘ralgan, sovutish tizimi o‘rnatilgan, gilam va to‘shaklar solingan. Bu hozirgi yoz kunlarida ziyoratchilarga qo‘shimcha qulaylik yaratadi.
"Muftiy Nuriddin Xoliqnazar Prezidentimizga ulug‘ ibodat fayzi bilan yurgan hojilarimizning salomi va duolarini yetkazdi. Davlatimiz rahbari barcha ziyoratchilarga salom yo‘llab, yurtimizga sog‘-omon kelishlarini tiladi", — deya qayd etilgan xabarda.
Suhbatda hojilar O‘zbekistonga qaytgach, mahallalarda ijtimoiy muhitini mustahkamlash, ehtiyojmand insonlarga ko‘mak berish, yoshlarni ilm-ma’rifatga targ‘ib etishda namuna ko‘rsatishlariga umid bildirildi.
Ma’lumot uchun, belgilangan tartibga muvofiq Haj amallarini bajarish uchun ziyoratchida “Haj-2025” vizasi bo‘lishi shart. Noqonuniy yo‘llar bilan haj amallarini bajarish 20 mingdan 100 ming saudiya riyoligacha moliyaviy jarimalar qo‘llanishiga sabab bo‘ladi. Shuningdek, fuqaroni Saudiyadan deportatsiya qilish hamda keyingi 10-yil davomida Podshohlikka kirishi taqiqlanganlar ro‘yxatiga kiritilishi belgilangan.
Yangiliklar lentasi
0