O‘zbekistonda magistratura bosqichi uchun "kreativ iqtisodiyot" fakulteti ochildi

© Getty Images / SolStockInnovatsionnoe obuchenie v vuze
Innovatsionnoe obuchenie v vuze - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 08.05.2025
Obuna bo‘lish
Eksklyuziv
Talabalar iqtisodiy va boshqaruv jihatlarini, shuningdek, dizayn, media, moda, arxitektura, madaniy dizayn va boshqalarni qamrab oluvchi fanlararo model bo‘yicha o‘qitiladi.
TOShKENT, 8-may — Sputnik. Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi tashabbusi bilan O‘zbekistonda ilk bor magistratura bosqichi uchun kreativ iqtisodiyot fakulteti ochildi. Bu haqda jamg‘arma matbuot xizmati ma’lum qildi, deya xabar berdi Sputnik O‘zbekiston muxbiri.
Aytilishicha, fakultet Toshkentdagi Xalqaro Vestminster universitetida tashkil etildi. Unda kreativ tadbirkorlik, kreativ boshqaruv, raqamli texnologiyalar va madaniy siyosat yo‘nalishlari bo‘yicha mutaxassislarni tizimli tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi. Qabul shu yildan boshlanadi.
“Jamg‘arma boshidanoq kreativ iqtisodiyot ekotizimini shakllantirishga tizimli yondashish tashabbuskori bo‘lib kelgan. Ishonchimiz komilki, mazkur fakultet O‘zbekiston madaniyati yetakchilari va tadbirkorlarining keyingi avlodi uchun intellektual va ma’rifiy tayanch bo‘lib qoladi”, — dedi jamg‘arma raisi Gayane Umerova.
Fakultetning ta’lim dasturi xalqaro ekspertlar ishtirokida va mintaqaviy sharoitga moslashtirilgan ilg‘or tajribalarni hisobga olgan holda ishlab chiqilgan.
Talabalar iqtisodiy va boshqaruv jihatlarini, shuningdek, ijodiy fanlarni: dizayn, media, moda, arxitektura, madaniy dizayn va boshqalarni qamrab oluvchi fanlararo model bo‘yicha o‘qitiladi.
Universitetda kreativ industriyalarni boshqarish yo‘nalishi bo‘yicha yangi magistratura bosqichi joriy etiladi.
Aytilishicha, jamg‘armasi bundan keyin ham ijodiy sohani qo‘llab-quvvatlash, yoshlar salohiyatini yuzaga chiqarishga qaratilgan yangi format va loyihalarni faol amalga oshiradi. Bu qadam 2024-yildagi “Kreativ iqtisodiyot to‘g‘risida”gi qonuni ijrosining mantiqiy davomi bo‘ldi. Fakultetning tashkil etilishi vaqt so‘roviga javob bo‘ldi.
Kreativ iqtisodiyot — ijodiyot, intellektual qobiliyat, shuningdek innovatsiyalarga hamda texnologiyalarga asoslangan inson salohiyati natijasida iqtisodiy qimmatga ega bo‘lgan tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) yaratishga qaratilgan iqtisodiyot tarmog‘i.
Iqtisodiyot fanlari doktori, professor Jasurbek Ataniyazovning ma’lum qilishicha, BMT hisob-kitoblariga ko‘ra, madaniy va ijodiy sohalar jahon yalpi ichki mahsulotining 3,1 foizini va dunyodagi bandlik darajasining 6,2 foizini tashkil qiladi. Kreativ iqtisodiyot tarmoqlari yiliga qariyb 2,5 trillion dollariga teng daromad keltiradi.
Bu sohada 300 milliondan ortiq kishi band bo‘lib, milliy iqtisodiyotlarda kreativ industriyaning ulushi yalpi ichki mahsulotning o‘rtacha 3-5 foizini tashkil qiladi. Unda ish bilan band bo‘lganlarning yarmiga yaqini ayollar, boshqa sohalarga qaraganda, 15-29 yoshdagilar ko‘proq faoliyat yuritadi.
Joriy o‘sish sur’atlari va ushbu sektorning dunyo iqtisodiyotidagi ahamiyatini hisobga olgan holda kelgusi 10-15 yil ichida ushbu sektor jahon yalpi ichki mahsulotining 10 foizini tashkil etishi prognoz qilinmoqda.
Yangiliklar lentasi
0