Endi barcha shifokor va hamshiralar faqat to‘liq stavkada ishlaydi
© iStock / sudok1Kapelnitsa. Arxivnoe foto

© iStock / sudok1
Obuna bo‘lish
“Tibbiyotda 90 kunlik o‘zgarishlar” dasturi e’lon qilindi.
TOShKENT, 7-may — Sputnik. “Tibbiyotda 90 kunlik o‘zgarishlar” dasturi boshlanishi e’lon qilindi, deya xabar berdi prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov o‘zining Telegram-kanalida.
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida tibbiyot sohasidagi ustuvor vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda.
Unda quyidagilar ma’lum qilindi:
endilikda tibbiyot brigadasi hamda unga biriktirilgan aholi o‘rtasida huquq va majburiyatlarni belgilovchi ikki tomonlama shartnoma tuziladi;
aholi oilaviy shifokorni erkin tanlaydi, bu jarayonlarga xususiy oilaviy shifokorlar ham jalb etiladi;
tibbiy yordamning kafolatlangan paketi tasdiqlanadi va paket doirasida tibbiy xizmat va dori vositalari to‘liq budjetdan qoplanadi.
Shuningdek, poliklinikada akusher-ginekologlar 2 barobar ko‘payadi. Har 3 ming bola uchun 1 tadan pediatr shtati yangidan qo‘shiladi. Bundan buyon birlamchi bo‘g‘inda yarim yoki 0,25 stavka bo‘lmaydi. Barcha shifokor va hamshiralar faqat to‘liq stavkada ishlaydi.
“Oilaviy shifokorlar 1,5 ming dollar, hamshiralar esa 600-800 dollar ekvivalentida oylik oladigan tizim qilamiz. Bu orqali biz shunchaki oylikni emas – inson qadrini oshirgan bo‘lamiz. Lekin, natija ham shunga yarasha bo‘lishi kerak”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Umuman, tumandagi mahalla va oilaviy shifokor punktlari, oilaviy poliklinikalar faoliyati maqbullashtirilib, 12 mingdan ko‘p odamga xizmat qiladigan 7 ta yirik poliklinika, qolgan 27 tasi kichik poliklinika sifatida qaytadan tashkil qilinadi.
Tumandagi markaziy poliklinika esa tuman shifoxonasining maslahat-diagnostika bo‘limiga aylantiriladi. Barcha tor soha mutaxassislari shu yerda ishlaydi.
Qayd etilishicha, “Tibbiyotda 90 kunlik o‘zgarishlar” dasturi boshlanishi e’lon qilindi.
Viloyat hokimlari quyidagilar uchun mas’ul bo‘ladi:
kutish joylarida qulay o‘rindiqlarni ko‘paytirib, navbatni tartibga keltirish;
“ona-bola” xonalarini tashkil qilish;
nogironligi borlar erkin harakatlanishi uchun kirish-chiqish joylari, xona va yo‘laklarda inklyuziv muhit yaratish;
qo‘l yuvishga issiq suvi bor pokiza hojatxonalar tashkil etish.
“Oddiy qilib aytganda, tibbiyot muassasasiga madaniyat, tartib-intizom, fayz olib kirib, odamlarga ijobiy kayfiyat ulashadi”, — dedi Mirziyoyev.
Bunga har bir viloyat hokimi 10 milliard so‘mdan ajratadi. Mutasaddilarga bu ishlarni butun respublikada tizimli tashkil qilish, 90 kun natijasi bo‘yicha prezidentga batafsil hisobot berish topshirildi.