Kosmik apparat yerga qulashi mumkin — Uzcosmos o‘zbekistonliklarga qanday tavsiya berdi?

© Universe Space TechIllyustratsiya sovetskogo zonda "Kosmos-482"
Illyustratsiya sovetskogo zonda Kosmos-482 - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 07.05.2025
Obuna bo‘lish
Uzcosmos: bo‘laklar topilgan taqdirda, bu haqda zudlik bilan rasmiylarga xabar berish tavsiya etiladi.
TOShKENT, 7-may — Sputnik. “Kosmos-482” sayyoralararo kosmik apparatning O‘zbekiston hududiga tushishining ehtimoli hozircha 0,3-0,5% oralig‘ida baholanmoqda. Bu haqda Uzcosmos agentligi Yangi texnologiyalarni tadbiq qilish bo‘limi boshlig‘i Ahror Agzamov Sputnik O‘zbekiston muxbiriga ma’lum qildi.
Aytilishicha, ijtimoiy tarmoqlarda bundan 53-yil oldin "Venera-8" missiyasi doirasida uchirilgan “Kosmos-482” sayyoralararo kosmik apparatning yerga qulashi bilan bog‘liq xabarlar keng muhokama qilinmoqda.
Bir qator manbalar uning geolokatsiyasi Osiyo yoki Markaziy Osiyo davlatlari hududiga to‘g‘ri kelishi mumkinligini taxmin qilishmoqda.
Uzcosmos kutilayotgan mazkur xodisa yuzasidan ma’lumotlar taqdim etdi. Agentlik bo‘lim boshlig‘i Ahror Agzamovning ma’lum qilishicha, 1972-yil 31-martda Sobiq Sovet Ittifoqining “Venera” dasturi bo‘yicha “Kosmos-482” sayyoralararo kosmik apparati fazoga uchirilgan. Biroq raketa-tashuvchining yakuniy bosqichi muvaffaqiyatsiz ishlashi oqibatida u Yer orbitasida qolib ketgan.
“Taxminiy hisob-kitoblarga ko‘ra, apparat qoldiqlarining yerga qulashi 9-11 may kunlariga to‘g‘ri kelishi mumkin. Hozircha "Kosmos-482"ning aniq qayerga qulashini aytish biroz mushkul. Uning O‘zbekiston hududiga tushishining ehtimoli esa hozircha 0,3-0,5% oralig‘ida baholanmoqda”, — deya tushuntirdi mutaxassis.
Apparatning katta qismi atmosferaga kirishi bilan yonib ketsa-da, Veneraning og‘ir sharoitlarida qo‘nish va ishlash uchun mo‘ljallangan yarim tonnaga (500 kg) yaqin massali titan shari alohida xavf tug‘diradi. Bu komponent yer atmosferasiga kirishda omon qoladi va butunlay qulab tushadi.
Parashut borligiga qaramay, koinotda 53-yil bo‘lganidan keyin u ishlamasligi mumkin. Yerga urilish tezligi esa soatiga 500 km gacha yetishi kutilmoqda.

“Bo‘laklar topilgan taqdirda, bu haqda zudlik bilan rasmiylarga xabar berish va hech qanday holatda apparat qoldiqlari bilan aloqada bo‘lmaslik tavsiya etiladi, chunki ular tarkibida xavfli kimoviy moddalar bo‘lishi mumkin”, — deydi Agzamov.

Qayd etilishicha, sobiq Toshkent mashinasozlik konstruktorlik burosi mazkur "Venera" dasturining so‘nggi bosqichlarida munosib ishtirok etgan. U "Venera-13 va 14" (1982) va "Vega-1 va 2" (1985) apparatlari uchun grunt olish va burg‘ilash qurilmalarini loyihalashtirgan va ishlab chiqargan. Ularni sinovdan o‘tkazish esa Toshkent viloyatidagi Nevich qishlog‘ida joylashgan sinov markazida amalga oshirilgan.
.
Yangiliklar lentasi
0