O‘zLiDeP va "Milliy tiklanish" partiyasi parlamentda blok tuzdi
14:01 05.05.2025 (yangilandi: 14:13 05.05.2025)
© Sputnik / Baxrom XatamovZdanie Oliy Majlisa. Arxivnoe foto

© Sputnik / Baxrom Xatamov
Obuna bo‘lish
Quyi palata: ikki partiya mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish jarayonlarida yagona kuch sifatida ishtirok etadi.
TOShKENT, 5-may — Sputnik. Oliy Majlis Qonunchilik palatasida “Taraqqiyot bloki” tashkil etildi, deya xabar berdi quyi palata matbuot xizmati.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi (O‘zLiDeP)fraksiyasi hamda “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasi “Taraqqiyot bloki”ni tashkil etish yuzasidan bitim imzoladi.
© Zakonodatelnaya palata Oliy Majlisa Respubliki UzbekistanFraksiya Liberalno-demokraticheskoy partii Uzbekistana i fraksiya Demokraticheskoy partii "Milliy tiklanish" podpisali soglashenie o sozdanii "Progressivnogo bloka".

Fraksiya Liberalno-demokraticheskoy partii Uzbekistana i fraksiya Demokraticheskoy partii "Milliy tiklanish" podpisali soglashenie o sozdanii "Progressivnogo bloka".
© Zakonodatelnaya palata Oliy Majlisa Respubliki Uzbekistan
Blok 93 nafar deputatni birlashtirib, parlamentdagi ko‘pchilikni tashkil etadi va yetakchi siyosiy kuchga aylanadi.
Mazkur blokni tuzishdan asosiy maqsad – ikki partiya fraksiyalari sa’yi-harakatlarini birlashtirish orqali partiyalarning dasturiy maqsad hamda vazifalarini samarali amalga oshirishga erishishdan iborat.
“Partiyalarning parlamentda yagona kuch sifatida birlashishiga dasturiy maqsadlar, siyosiy mafkura va yo‘nalishlar mushtarakligi va g‘oyaviy uyg‘unligi, shuningdek ko‘p yillik faoliyat davomida to‘plangan amaliy tajriba asos bo‘lib xizmat qiladi”, — deyilgan xabarda.
Blok barqaror iqtisodiy o‘sish orqali aholi farovonligini ta’minlash, milliy manfaatlarni qat’iy himoya qilish, ko‘p asrlik milliy-tarixiy tajribaga tayanib faoliyat yuritishni muhim deb hisoblaydi.
Partiyalarning jamiyat va davlat uchun dolzarb masalalarni hal etishdagi hamkorlik tajribasi ushbu amaliyotni parlament faoliyatiga tatbiq etish imkonini beradi.
“Mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini jadallashtirish, milliy manfaatlarni ro‘yobga chiqarish va yurt taraqqiyotini ta’minlashga qaratilgan muhim qarorlar qabul qilish jarayonlarida ikkala partiya yagona kuch sifatida faol ishtirok etishi uchun zarur sharoitlar yaratiladi”, — deya qo‘shimcha qilingan xabarda.
“Taraqqiyot bloki”ning ustuvor faoliyat yo‘nalishlari:
milliy iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirish va eksport salohiyatini oshirish, monopol sohalarni bozor tamoyillariga o‘tkazish;
har bir fuqaroning xususiy mulk huquqi daxlsizligini ta’minlash, fuqarolarning iqtisodiy faoliyat erkinligini rag‘batlantirish orqali aholi turmush darajasini oshirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish;
so‘z erkinligiga qarshi har qanday urinishlarga qarshi turish va mustaqil nodavlat matbuot tizimini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash hamda erkinlik va ochiqlik siyosatini izchil davom ettirish;
ta’lim sifatini oshirish va inson salohiyatini rivojlantirish, nodavlat ta’lim muassasalarini qo‘llab-quvvatlash, davlat va nodavlat ta’lim tashkilotlari o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish;
sog‘liqni saqlash tizimini raqamlashtirish, tibbiy sug‘urtani joriy qilish, nodavlat tibbiyot tashkilotlarini rivojlantirish;
soliq ma’murchiligi tizimini soddalashtirish, barcha tadbirkorlar uchun soliqni to‘lash borasida adolatli va teng sharoitlar yaratish, soliq stavkalarining o‘zgarmasligini ta’minlovchi siyosat yuritish;
davlat budjeti xarajatlarini qisqartirish, raqamlashtirish orqali burokratiyani bartaraf etish, davlat xizmatlarini ko‘rsatishda xususiy sektor ishtirokini kengaytirish;
fuqarolarga shaxsiy tanlov imkonini beruvchi xususiy jamg‘arma pensiya tizimini yaratish, raqobatbardosh va bozor mexanizmlari orqali boshqariladigan zamonaviy, shaffof pensiya tizimiga o‘tish;
mamlakat suvereniteti va xavfsizligini kafolatlash.
Xabarga ko‘ra, ikkala partiya dasturiy qarashlar, maqsad va vazifalar jihatidan o‘zaro yaqin. Siyosiy maydonda har ikki partiya g‘oyaviy jihatdan o‘ng qanotda joylashgan, O‘zLiDeP o‘ng-markaz, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi esa o‘ng partiya hisoblanadi.
Ma’lumot uchun, Qonunchilik palatasida 5 ta siyosiy partiya fraksiyasi tuzilgan. Fraksiya siyosiy partiyadan ko‘rsatiladigan deputatlar tomonidan partiya manfaatlarini quyi palatada ifodalash maqsadida tuziladigan deputatlar birlashmasidir.