Endi ayrim talaba-qizlar maxsus stipendiya olishlari mumkin — tafsilotlar
09:25 30.04.2025 (yangilandi: 10:31 30.04.2025)
© Sputnik/Ramiz BaxtiyarovAbituriyenti vo vremya vstupitelnix ekzamenov v vuzi Uzbekistana

© Sputnik/Ramiz Baxtiyarov
Obuna bo‘lish
Mirziyoyev ijtimoiy himoya tizimi bo‘yicha yangi takliflar bilan tanishdi.
TOShKENT, 30 apr — Sputnik. Prezident Shavkat Mirziyoyevga ijtimoiy himoya tizimi bo‘yicha takliflar taqdimot qilindi, deya xabar berdi davlat rahbari matbuot xizmati.
Axborotda kambag‘al oilalarni qo‘llab-quvvatlash, nogironligi bo‘lgan shaxslarning bandligini ta’minlash, ijtimoiy xizmatlar qamrovi va turlarini kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Quyidagilar ma’lum qilindi:
kambag‘al oilalarga 100 dan ortiq turdagi ijtimoiy xizmat, yordam va imtiyozlar taqdim etiladi;
“Kambag‘al oilalar reyestri”ga kiritish tartib-taomillari qonunchilik hujjati darajasida belgilanadi;
kambag‘al oila farzandlari maktabdagi uzaytirilgan kun guruhlari uchun to‘lovdan ozod qilinadi, a’lo bahoga o‘qiganlar oromgohlarda bepul dam olishi mumkin bo‘ladi;
kambag‘al oiladan chiqqan a’lochi talaba-qizlarga bazaviy stipendiyaning 2 baravari miqdorida maxsus stipendiya to‘lanadi.
Taqdimotda nogironligi bo‘lgan shaxslarning bandligini ta’minlash choralari haqida ham axborot berildi.
“Nogironligi bor insonlarni ishga olgan yengil sanoat korxonalariga soliq imtiyozlari berish, bunday xodimlar uchun ijtimoiy soliq stavkasini pasaytirish, tadbirkorlarga Ijtimoiy himoya davlat jamg‘armasi hisobidan 500 million so‘mgacha subsidiya ajratish kabi rag‘batlar ko‘zda tutilmoqda”, — deyiladi xabarda.
Quyidagilar amalga oshiriladi:
elektron savdo maydonchasi orqali nogironligi bor shaxslarga tegishli tovar va xizmatlarni xarid qilish miqdori oshiriladi;
ularga kasb-hunar o‘rgatish uchun texnikumlarda inklyuziv ta’lim guruhlari tashkil etiladi;
o‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxslarga ijtimoiy xizmatlar qamrovi va turlarini kengaytirish maqsadida “Faol hayotga qadam” dasturi joriy etiladi;
bunday insonlarga kunduzgi qatnov asosida yoki uyda qarab turish, maishiy yumushlarda ko‘maklashish, yo‘qotilgan harakat faolligini qayta tiklash, kasalliklarning oldini olish kabi tibbiy-ijtimoiy xizmatlar yo‘lga qo‘yiladi.