Endi migrantlarga subsidiya va kreditlar ajratiladi — yangi qaror
© Depositphotos / minervastockRaschet zarabotnoy plati. Arxivnoe foto

© Depositphotos / minervastock
Obuna bo‘lish
"Xorijga ishga tayyorlash markazi" tashkil etiladi.
TOShKENT, 23 apr — Sputnik. O‘zbekiston hukumatining tegishli qarori bilan mehnat migratsiyasida bo‘lgan fuqarolarga subsidiya va kreditlar ajratish tartibi belgilandi, deya xabar berdi Adliya vazirligining "Huquqiy axborot" kanali.
“O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini xorijda tashkillashtirilgan tartibda ishga joylashtirish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorga ko‘ra, "Xorijga ishga tayyorlash markazi" tashkil etiladi.
Unda "Yagona darcha" tamoyili asosida mehnat migratsiyasiga doir xizmatlar ko‘rsatiladi.
Shuningdek, xorijga vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun ketayotgan va qaytayotgan fuqarolarni tashishda arzon va tartibli transport qatnovi yo‘lga qo‘yiladi.
Qaror bilan “Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun ketayotgan hamda mehnat migratsiyasida bo‘lgan fuqarolarga subsidiya, kompensatsiya va kreditlar ajratish tartibi to‘g‘risida” gi nizom tasdiqlandi.
Unga ko‘ra, subsidiya va kompensatsiyalar "Xorijda ish" mehnat migratsiyasi elektron dasturiy majmuasida ro‘yxatdan o‘tgan va tashkillashtirilgan holda mehnat migratsiyasiga ketayotgan fuqarolarga bir qator xarajatlarni qoplash bo‘yicha ajratiladi.
Quyidagi xarajatlar:
chet tillari va (yoki) kasb bo‘yicha malaka imtihonlarini topshirish xarajatlarini qoplash uchun, ular muvaffaqiyatli topshirilganda va sertifikat olinganda – BHMning 3 baravarigacha;
xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirishga "ishchi viza"ni rasmiylashtirish xarajatlarini qoplash uchun - BHMning 5 baravarigacha;
yo‘l chiptasini xarid qilish bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash uchun - BHMning 2 baravarigacha miqdorda;
nemis, ingliz, yapon va koreys tillari bo‘yicha kamida B1 yoki unga tenglashtirilgan darajadagi xalqaro sertifikat olgan bitiruvchilari eng ko‘p bo‘lgan 50 nafargacha o‘qituvchiga - 50 million so‘m miqdorida.
Vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun tashkillashtirilgan holda rivojlangan mamlakatlarga chikib ketayotgan fuqarolarga tijorat banklari tomonidan 10 million so‘mgacha Markaziy bankning asosiy stavkasidan 4 foiz bandga yuqori stavkada 2-yil muddatga mikrokreditlar ajratiladi.
Qaror bilan xorijiy davlatlarda vaqtincha mehnat faoliyatini olib borayotgan fuqarolarni moddiy va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash ham kuchaytirilmoqda.
Endilikda mehnat migratsiyasida bo‘lgan davrda murakkab moliyaviy vaziyatda qolgan fuqarolarga ajratiladigan bir martalik moddiy yordam puli miqdori, bazaviy hisoblash miqdorining 2 baravaridan 5 baravarigacha;
vaqtinchalik yashash joysiz qolgan fuqarolarning vaqtinchalik yashash joylari (xostel)ga joylashtirish bilan bog‘liq xarajatlar 300 dollardan 500 dollargacha;
xorijiy davlatlarga tashkiliy tarzda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish maqsadida ketayotgan fuqarolarning hayoti, sog‘lig‘i va boshqa tavakkalchiliklarini sug‘urtalash bo‘yicha sug‘urta mukofotini o‘rni qoplash 300 ming so‘mgacha;
og‘ir turdagi kasalliklarga chalingan va baxtsiz hodisalarga uchragan fuqarolarni davolanish bilan bog‘liq xarajatlari 1000 dollardan 1500 dollargacha oshiriladi.
Murakkab moliyaviy vaziyatda qolgan barcha xotin qizlar va ularning voyaga yetmagan farzandlari beg‘araz tarzda vatanga qaytariladi.