O‘zbekiston, Rossiya va Qirg‘iziston olimlari Farg‘ona vodiysida tadqiqot olib borishmoqda
© press-slujba xokimiyata Ferganskoy oblastiV sentre Yazyavanskogo rayona Fergani vozvedena 15-metrovaya chasovaya bashnya

© press-slujba xokimiyata Ferganskoy oblasti
Obuna bo‘lish
“Etnomadaniy turizm: Farg‘ona merosi – 2025” xalqaro ekspeditsiyasi o‘tkazilmoqda.
TOShKENT, 22 apr — Sputnik. Rossiya, Qirg‘iziston va O‘zbekiston olimlari “Etnomadaniy turizm: Farg‘ona merosi – 2025” xalqaro ekspeditsiyasini o‘tkazmoqda, deya xabar berdi tadbir tashkilotchilari.
Qayd etilishicha, bu barcha ishtirokchilar uchun noyob loyihadir, chunki bunday fanlararo va xalqaro tadqiqotlar O‘zbekistonda so‘nggi 35–40 yil ichida birinchi marta o‘tkazilmoqda. Ekspeditsiya “Katta Oltoy turkiy merosi: tarix va zamonaviylikda birlik va xilma-xillik” loyihasi doirasida tashkil etildi.
Oltoy davlat universitetining “Buyuk Oltoy” Oltoyshunoslik va turkologiya ilmiy-ta’lim markazi besh yildan buyon xalqaro arxeologik va etnografik ekspeditsiyalarni amalga oshirib kelmoqda.
“Qozog‘iston va Qirg‘iziston olimlari bilan faol hamkorlik qilamiz. O‘tgan yili ekspeditsiyamizda O‘zbekiston Turizm qo‘mitasi huzuridagi Turizmni rivojlantirish ilmiy-tekshirish instituti arxeologi ilk bor ishtirok etdi. Bu yil Farg‘ona vodiysidagi Xalqaro arxeologik va etnografik ekspeditsiya hammuallifi bo‘lganimizdan mamnunmiz. Unda Markazimiz olimlari, arxeolog Sergey Grushin va etnograf Ivan Nazarovlar ishtirok etmoqda. Umid qilamizki, ushbu ekspeditsiya ilmiy hamkorlik va bilim almashish uchun yangi imkoniyatlar ochadi”, — dedi Oltoy davlat universitetining “Katta Oltoy” Oltoyshunoslik va turkologiya ilmiy-ta’lim markazi rahbari, professor Yuliya Lisenko.
Ekspeditsiyaning maqsadlari xilma-xil va keng. Tadqiqotchilar turistik yo‘nalishlarni ishlab chiqish uchun tarixiy va madaniy merosni o‘rganishga e’tibor qaratishadi. Asosiy e’tibor mintaqaning etnik-madaniy xususiyatlarini qayd etishga qaratilgan. An’anaviy ho‘jalik, marosimlar, uy-joy qurilishi, taom tayyorlash va xalq hunarmandchiligini o‘rganish ishning muhim jihatlaridan iborat.
O‘zbeklarning boshqa turkiyzabon va eronzabon xalqlar bilan etnikmadaniy xususiyatlarini qiyosiy o‘rganish ham tadqiqot guruhi faoliyatining muhim qismiga aylanadi.
“Mahalliy va hududiy muzeylarning arxeologik va etnografik ko‘rgazmalari holati, ularda an’anaviy madaniyatning turli qirralari aks etishini tahlil qilamiz. Bundan tashqari, turistik yo‘nalishlar va etnografik turizm bo‘yicha takliflarni yanada rivojlantirish uchun tarixiy-madaniy meros obyektlarini qayd etish, ovqatlanish madaniyati va hunarmandchilik markazlarini ko‘rib chiqishni rejalashtirganmiz, — dedi ekspeditsiya rahbarlaridan biri Ivan Nazarov.
Xalqaro ekspeditsiya 30-aprelga qadar davom etadi.
Tashkilotchilar: O‘zbekiston turizm qo‘mitasi huzuridagi Turizmni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot instituti, O‘zbekiston Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi, Oltoy davlat universitetining “Katta Oltoy” Oltoyshunoslik va turkologiya ilmiy-ta’lim markazi.