Standartlash va sertifikatlash tizimi tartibga solinadi — prezident
17:25 18.04.2025 (yangilandi: 17:36 18.04.2025)
© Press-slujba prezidenta UzbekistanaShavkat Mirziyoyev

© Press-slujba prezidenta Uzbekistana
Obuna bo‘lish
Texnik tartibga solish agentligi, Sanepidqo‘m, Veterinariya qo‘mitasi, Karantin agentligi kabi tashkilotlarning xulosa berish tartibi aniq belgilanadi.
TOShKENT, 18 apr — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida standartlashtirish va sertifikatlashtirish tizimidagi eskirgan talablar va burokratiya tadbirkorlarning “qo‘lini bog‘layotgani”, sohada korrupsiyani keltirib chiqarayotgani ko‘rsatib o‘tdi.
"Xususan, 25 mingdan ortiq standart, 41 ta texnik reglament xalqaro bozor talablariga mos kelmaydi. Hozirda 13 mingga yaqin turdagi tovarning 6,5 mingi majburiy sertifikatlanadi, bu esa tannarxni oshiradi", - dedi prezident.
Sohadagi muammlar:
sut va go‘sht mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari Sanepidqo‘m xulosasini olish tizimidan norozi;
bolalar ozuqasi ishlab chiqaruvchi zavod qurgan tadbirkor, standart yo‘qligi tufayli Sanepidqo‘m xulosasini ola olmayapti;
ayrim tuman sanepidxizmatlari bitta mahsulotning har xil qadoqlangan partiyasini alohida sinovdan o‘tkazishni talab qilmoqda;
mineral suv ishlab chiqaruvchilar turli joydan 45 ta ko‘rsatkich bo‘yicha xulosa olishi kerak;
meva-sabzavot va dukkakli ekinlar sifatini tekshirish uchun 3 ta laboratoriyaga borish kerak. Eng yomoni, bu laboratoriyalarning xulosasi rivojlangan davlatlarda tan olinmaydi. Eksportchilar qimmat bozorga chiqishdan oldin sertifikat olish uchun xorijga namuna jo‘natayapti;
chetdan keladigan vitrinali sovutkichlarni sertifikatsiyalash jarayoni 3 oygacha cho‘zilmoqda;
kuryerlik xizmati uchun olib kelinayotgan moped 300 dollar tursa, uni standartdan o‘tkazib, sertifikat olishga yana shuncha mablag‘ ketmoqda;
ayrim tibbiy uskunalarni Farmqo‘mitada ro‘yxatdan o‘tkazish xarajati ularning narxidan 10 karra qimmat” va 4-5 oyga cho‘zilmoqda.
Ushbu muammolarni hisobga olgan holda Mirziyoyev sertifikatlashtirish va standartlashtirish tizimini takomillashtirish bo‘yicha farmon e’lon qilinishini bildirdi.
Alohida farmon bilan Texnik tartibga solish agentligi, Sanepidqo‘m, Veterinariya qo‘mitasi, Karantin agentligi kabi idoralarning mahsulotga xulosa berish vakolatlari aniq belgilab beriladi.
Bunda takrorlanuvchi va ustma-ust tartiblar bosqichma-bosqich bekor qilinadi. Shuningdek, xavf darajasi yuqori bo‘lgan 7 ta tovar guruhidagi mahsulotlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish amaliyoti bekor qilinadi.
Sertifikat olish majburiy bo‘lgan tovarlar ro‘yxatini keskin qisqartirib, mahsulot muvofiqligini deklaratsiyalash amaliyoti joriy qilinadi.
Asbob-uskuna, xomashyo, maxsus texnika, transport importida O‘zbekistonda tan olinadigan xorijiy yuqori sifat va nazorat tizimlari mezonlari ishlab chiqiladi, ular import qilinayotganda milliy sertifikat olish talab qilinmaydi.
“Bir so‘z bilan aytganda, biz mahsulotlarning bozorga kirishini yengillashtirib, uni realizatsiyasidagi nazoratni kuchaytiramiz. Bu xalqaro amaliyotda o‘zini oqlagan”, - dedi prezident.
Undan tashqari, sinov va sertifikatlashtirish bo‘yicha davlat laboratoriyalari xususiy sektorga investitsiya kiritish sharti bilan berilsa, sohada sifat va raqobat bo‘lishi, xizmat narxi tushishi ko‘rsatib o‘tildi.