Deputatlar Baxtiyor Saidovga parlament so‘rovi yuborishdi
10:00 16.04.2025 (yangilandi: 10:22 16.04.2025)
© Press-slujba Senata Oliy MajlisaTashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov

© Press-slujba Senata Oliy Majlisa
Obuna bo‘lish
Tashqi ishlar vazirligiga yuborilgan so‘rovdan 3 ta masala joy olgan.
TOShKENT, 16 apr — Sputnik. Tashqi ishlar vazirligiga parlament so‘rovi yuborildi. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari Rahimjon Hakimov o‘zining Telegram-kanalida ma’lum qildi.
Aytilishicha, quyi palataning yalpi majlisda Tashqi ishlar vaziriga parlament so‘rovi yuborildi.
“Bugun yalpi majlisda yana bir muhim masala yuzasidan qaror qabul qilindi. Xalqaro ishlar, mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi tashabbusi bilan Tashqi ishlar vaziri B.Saidovga Parlament so‘rovi yuborildi”, — deb yozagan Rahimjon Hakimov.
So‘rovda quyidagi asosiy 3 ta masala qo‘yildi:
konsullik ustaviga muvofiq O‘zbekiston konsullik muassasalarining xorijiy mamlakatlarda fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha amalga oshirgan ishlari hamda 2020 – 2024-yillar davomida faoliyatida yuz bergan o‘zgarishlar to‘g‘risida;
konsullik muassasalari tomonidan xizmatlar ko‘rsatish tartibini zamonaviy talablarga muvofiqlashtirish maqsadida axborot tizimlari imkoniyatlaridan foydalanish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar, mavjud muammolar va ularning yechimi yuzasidan takliflar;
xorijiy mamlakatlarda bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish tizimini yanada rivojlantirish yuzasidan normativ-huquqiy bazani takomillashtirish bo‘yicha aniq takliflar.
Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibining ma’lum qilishicha, vazirlik xorijdagi O‘zbekiston fuqarolarini, ular qayerda bo‘lishidan qat’i nazar, doimo himoya qilib kelgan va bu faoliyati ustuvor bo‘lib qoladi.
“Mazkur yo‘nalishda mamlakatimizning diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari xorijiy davlatlarning tegishli idoralari bilan bevosita aloqalar o‘rnatgan. Har bir holat atroflicha o‘rganilib, fuqarolarimizning qonuniy huquq va manfaatlarini ta’minlash maqsadida zarur choralar ko‘riladi. Tashqi ishlar vazirligi har oylik brifinglari orqali amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan jamoatchilikni muntazam xabardor qilib kelmoqda”, — deyiladi vazirlikning Telegram-kanalida.
Qayd etilishicha, ushbu sohadagi barcha murojaat va so‘rovlarga vazirlik tomonidan o‘z vaqtida javoblar taqdim etiladi.