XXI asr To‘marisi: o‘zbekistonlik ayollar jahonga qo‘l jangi mahoratini namoyish etishmoqda
19:00 25.03.2025 (yangilandi: 13:17 26.03.2025)
© Sputnik
Obuna bo‘lish
Eksklyuziv
O‘zbekiston huquq-tartibot organlari qo‘l jangi federatsiyasi 1997-yilda tashkil etilgan. Mamlakatda bu sport bilan taxminan 50 ming kishi shug‘ullanadi, ularga 300 nafarga yaqin murabbiy ta’lim bermoqda.
Zaynab Ikramova — qo‘l jangi bo‘yicha xalqaro toifadagi sport ustasi, respublika va jahon miqyosidagi musobaqalar sovrindori. U sportchilar oilasida tug‘ilgan, bolaligidan taekvondo bilan shug‘ullangan va katta sport yutuqlariga intilishni maqsad qilgan.
Zaynab qo‘l jangi bilan 2022-yilda tajribali murabbiy Askar Babayev qo‘li ostida shug‘ullana boshladi. Murabbiy uning kelajakda chempion bo‘lishini darhol sezgan va hatto o‘zidan ham o‘zib ketishini bilgan.
“Zaynab Belarusda chiqish qilganida, kumush medalni qo‘lga kiritdi va shu bilan birga O‘zbekistonning sport ustasi unvoniga ega bo‘ldi. Keyin biz Bishkekka borib, musobaqalarda qatnashdik. Men kumush medal oldim, u esa chempion bo‘ldi. Shu zahoti unga xalqaro toifadagi sport ustasi unvoni berildi. Men bu unvonga ega bo‘la olmadim, lekin xafa emasman, chunki u mening shogirdim”, – dedi u.
Zaynabning qo‘l jangidagi yo‘li oson bo‘lmadi. U soatlab zalda mashq qilib, zarur texnika va usullarni o‘zlashtirdi. 2023-yilda u O‘zbekiston chempionatida uchinchi o‘rinni, Minskdagi jahon kubogida ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Keyin esa Bishkekdagi Osiyo chempionatida O‘zbekiston terma jamoasi umumjamoaviy hisobda birinchi o‘rinni egalladi, Zaynabning o‘zi esa chempionlikka erishdi. Hozir u may oyida Turkiyada bo‘lib o‘tadigan jahon chempionatiga tayyorgarlik ko‘rmoqda.
O‘zbekiston huquq-tartibot organlari qo‘l jangi federatsiyasi 1997-yilda, xalqaro federatsiya esa 2006-yilda Moskvada tashkil etilgan. Hozirgi kunda O‘zbekistonda bu sport bilan 50 mingga yaqin kishi shug‘ullanmoqda. Ularning mashg‘ulotlarini 300 nafarga yaqin murabbiy olib boradi. Zaynabning o‘zi ham murabbiy, uning 20 nafardan ortiq shogirdi bor. Ularning biri — Dilshod Rahmonov, u Osiyo chempionatida uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan.
"Murabbiyim qattiq qo‘l, o‘z vazifalariga mas’uliyatli yondashadi, har bir bergan vazifaning natijasini so‘raydi. U bilan birinchi marta uchrashganimda, ba’zilar "Nega ayol kishi bilan shug‘ullanyapsan?" deb hayron bo‘lishdi. Lekin men "agar mutaxassis o‘z sohasi ustasi bo‘lsa, ayolmi yoki erkakmi, farqi yo‘q" deb aytdim", — dedi Dilshod Rahmonov.
Qo‘l jangi musobaqalari 2 bosqichdan iborat. Birinchi bosqichda ishtirokchilar o‘zini himoya qilish usullarini namoyish qiladi, ikkinchisida esa belgilangan qoidalar asosida jang o‘tkazadi.
“Qo‘l jangi o‘z ichiga turli jang san’atlarini oladi. Masalan, boksdan qo‘l zarbalar texnikasi, kikboksing, karate va taekvondodan qo‘l-oyoq muvaffaqiyatli uyg‘unligi, kurash, sambo va dzudodan esa uloqtirish texnikalari o‘rin olgan”, – deydi Zaynabning hamkasbi Baxtiyor Chutbayev.
Qo‘l jangi bilan 6-7 yoshdan boshlab 35 yoshgacha shug‘ullanish mumkin. Bu mashg‘ulotlar insonda chidamlilik, iroda kuchi va stressli vaziyatlarda tezkor qaror qabul qilish qobiliyatini shakllantiradi. Shuning uchun Zaynabni ba’zan jasorat ramzi bo‘lgan massagetlar malikasi To‘maris bilan solishtirishadi.
Qo‘l jangi ko‘pincha "erkaklar sporti" sifatida qabul qilinadi. Biroq Zaynab ishonch bilan aytadi: qizlarda bu sohada ulkan salohiyat va g‘alaba qozonish istagi mavjud.
"Qo‘l jang sportiga kelganimda ko‘pchilik qarshi bo‘lgan va deyishgan: "Erkaklar orasida sen chempion bo‘la olmaysan". Lekin men o‘zimga maqsad qo‘ydim va ustozimga aytdim: "Ustoz, menga o‘rgatmasangiz bo‘lmaydi, meni chempion qilmasangiz bo‘lmaydi. O‘zbekiston bayrog‘ini baland ko‘tarish har bir o‘zbekning orzusi bo‘lishi kerak”, – deya ta’kidlaydi sportchi
Batafsil — Sputnik O‘zbekiston videosida.