Navro‘z munosabati bilan Mirziyoyevga kimlar tabrik yo‘lladi?
10:30 22.03.2025 (yangilandi: 10:45 22.03.2025)
© Press-slujba prezidenta UzbekistanaV parke "Yangi Uzbekiston" s uchastiyem prezidenta Shavkata Mirziyoyeva proxodat torjestva po sluchayu vsenarodnogo prazdnika Navruz.

© Press-slujba prezidenta Uzbekistana
Obuna bo‘lish
Xorijiy hamkorlar o‘z maktublarida O‘zbekistonda hukm surayotgan tinchlik va osoyishtalik, barqaror rivojlanish, do‘stlik, totuvlik va yaxshi qo‘shnichilik muhitini yuqori baholamoqda.
TOShKENT, 22 mar – Sputnik. Navro‘z bayrami munosabati bilan O‘zbekiston prezidenti nomiga xorijiy davlatlar va hukumatlar, xalqaro tashkilotlar rahbarlari, taniqli jamoat arboblaridan samimiy tabriklar kelmoqda. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Xorijiy hamkorlar o‘z maktublarida O‘zbekistonda hukm surayotgan tinchlik va osoyishtalik, barqaror rivojlanish, do‘stlik, totuvlik va yaxshi qo‘shnichilik muhitini yuqori baholamoqda. Tinchliksevar va pragmatik tashqi siyosat tufayli O‘zbekistonning xalqaro maydondagi nufuzi tobora ortib borayotgani alohida ta’kidlanib, Yangi O‘zbekistonga ravnaq tilaklari izhor etilgan.
Xitoy raisi Si Szinpin
“O‘zbek xalqining an’anaviy Navro‘z bayrami munosabati bilan Xitoy hukumati va xalqi nomidan hamda shaxsan o‘zimdan sizni, O‘zbekiston hukumati va xalqini samimiy muborakbod etaman. Men Xitoy-O‘zbekiston munosabatlarini rivojlantirishga katta ahamiyat beraman va yaqin do‘stligimizni yuksak qadrlayman. Siz bilan birgalikda barcha sohalardagi hamkorlikni ilgari surish, Xitoy va O‘zbekistonning yagona taqdir hamjamiyatini barpo etish ishlarini boyitish uchun harakat qilishga tayyorman”, - degan Xitoy raisi Si Szinpin tabrigida.
AQSh prezidenti Donald Tramp
“Amerika Qo‘shma Shtatlari xalqi nomidan sizni va butun O‘zbekiston xalqini ajoyib Navro‘z ayyomi bilan tabriklayman. Bu barcha uchun tinchlik, farovonlik va yangilanish bayramidir. Mamlakatlarimiz o‘rtasida mustahkam rishtalar o‘rnatilayotganligini yuksak qadrlayman va sizning izchil islohotlar dasturingizni olqishlayman. Savdo aloqalarimizni kengaytirish va zamonamizning eng yirik muammolarini hal etish yo‘lida hamkorlik qilishni intiqlik bilan kutaman”, - degan AQSh prezidenti Donald Tramp.
Saudiya Arabistoni podshohi Salmon bin Abdulaziz Ol Saud
“Navro‘z ayyomi munosabati bilan siz, Janobi Oliylariga samimiy qutlovlarimiz va ezgu istaklarimizni yo‘llab, sizga sihat-salomatlik va baxt-saodat, birodar O‘zbekiston hukumati va xalqiga davomiy taraqqiyot va ravnaq tilashdan mamnunmiz”, - deyilgan Salmon bin Abdulaziz Ol Saudning tabrigida.
Saudiya Arabistoni valiahdi, Vazirlar Mahkamasi raisi Muhammad bin Salmon bin Abdulaziz Ol Saud
“Navro‘z bayrami munosabati bilan siz, Janobi Oliylariga samimiy qutlovlarim va ezgu istaklarimni yo‘llab, sizga sihat-salomatlik va baxt-saodat, birodar O‘zbekiston hukumati va xalqiga yanada taraqqiyot va ravnaq tilashdan mamnunman”, - deyilgan tabrikda.
Turkiya prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an
“Navro‘z bayrami munosabati bilan siz Janobi Oliylariga va do‘st O‘zbekiston xalqiga eng samimiy tabriklarimni yo‘llayman. Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi chuqur ildiz otgan do‘stlik va birodarlik rishtalarining mustahkamlanishi, hamkorligimizning yanada kuchayishi bu Navro‘zda ham samimiy orzularimiz orasida”, - deyilgan Erdog‘anning tabrigida.
Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev
“Sizni va qardosh O‘zbekiston xalqini ulug‘ ayyom - Navro‘z bayrami bilan chin qalbimdan muborakbod etaman. Navro‘z bayramining muqaddas qadriyatlari davlatlararo aloqalarimizni yanada rivojlantirish, xalqlarimiz farovonligi yo‘lida yuksak maqsad va vazifalarni amalga oshirishga xizmat qilishiga qat’iy ishonaman”, - degan Toqayev.
Qirg‘iz Respublikasi prezidenti Sadir Japarov
“Sizni va qardosh O‘zbekiston xalqini go‘zal Navro‘z bayrami bilan samimiy muborakbod etaman. Ishonchim komil, o‘zaro hurmat, ishonch va strategik sheriklikka asoslangan hamkorligimiz bundan buyon ham barcha darajada birgalikdagi sa’y-harakatlar tarzida davom etib, xalqlarimizning porloq kelajagiga xizmat qiladi”, - degan Japarov.
Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon
“Xalqaro Navro‘z bayrami munosabati bilan eng ezgu va samimiy tilaklarga yo‘g‘rilgan samimiy qutlovlarimizni qabul qilgaysiz. Tojikiston tomoni O‘zbekiston bilan strategik sheriklik va ittifoqchilik doirasidagi davlatlararo munosabatlarning bugungi darajasidan mamnun. Ishonchim komil, mamlakatlarimiz ushbu qadimiy bayramning yuksak umuminsoniy qadriyatlariga tayangan holda, ko‘p qirrali munosabatlarni mazmunan boyitish yo‘lida bundan buyon ham birgalikda harakat qiladilar”, - deyilgan tabrik so‘zida.
Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedov
“Xalqaro Navro‘z bayrami munosabati bilan sizga va siz orqali qardosh O‘zbekiston xalqiga samimiy tabriklarim va eng ezgu tilaklarimni yo‘llayman. Ushbu ajoyib bayram siz va butun mamlakatingiz xalqi uchun baxt, quvonch va yangi muvaffaqiyatlar olib kelsin”, - deyilgan tabrikda.
Turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati raisi Gurbanguli Berdimuhamedov
“Xalqaro Navro‘z bayrami munosabati bilan sizga samimiy tabriklarim va eng ezgu tilaklarimni yo‘llash men uchun sharaf! Bahorgi tengkunlik kunlarida nishonlanadigan xalqaro Navro‘z bayrami insoniyatning eng qadimiy madaniy meroslaridan biridir”, - degan Gurbanguli Berdimuhamedov.
Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev
“Sizni va qardosh O‘zbekiston xalqini milliy, madaniy va tarixiy ildizlari chuqur bo‘lgan Navro‘z bayrami bilan samimiy muborakbod etaman. Ishonchim komil, Ozarbayjon - O‘zbekiston ittifoqi umumiy tariximiz, boy milliy va ma’naviy qadriyatlarimiz, xalqlarimizning qardoshligi va birdamligiga tayangan holda bundan buyon ham rivojlanib, sa’y-harakatlarimiz bilan mustahkamlanib boraveradi”, - deyilgan tabrikda.
Eron prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon
“Navro‘z bayrami bilan siz Janobi Oliylarini hamda mamlakatingizning aziz xalqini chin yurakdan tabriklayman. Siz Janobi Oliylariga sog‘lik va muvaffaqiyatlar, O‘zbekiston Respublikasi xalqiga baxt-saodat va farovonlik, Navro‘z madaniyati mintaqasi davlatlari o‘rtasidagi hamkorlik munosabatlariga esa yanada rivojlanish tilab qolaman”, - degan Eron prezidenti.
Shuningdek, quyidagilar o‘z qutlovlarini yo‘llagan:
Shanxay hamkorlik tashkiloti bosh kotibi Nurlan Yermekbayev,
Turkiy davlatlar tashkiloti bosh kotibi Kubanichbek Omuraliyev,
Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti bosh kotibi Asad Majid Xon.