O‘zbekistonda ilk bor kichik va o‘rta biznesga 120 trln so‘m resurs beriladi

© Depositphotos / lighthouseMolodaya biznes-komanda rabotayet v protsesse vstrechi
Molodaya biznes-komanda rabotayet v protsesse vstrechi - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 19.03.2025
Obuna bo‘lish
Oldingi kreditidan kechikkan qarzi bo‘lmagan tadbirkorlarga yangi imtiyozli kredit olish imkoni yaratiladi.
TOShKENT, 19 mar — Sputnik. Bu yil kichik va o‘rta biznesga 120 trillion so‘m resurs beriladi. Buncha katta mablag‘ ilgari hech qachon bo‘lmagan. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyevning kichik va o‘rta biznes vakillari bilan sohaning iqtisodiyotdagi o‘rnini oshirish va rivojlanishini yangi bosqichga olib chiqish masalalariga bag‘ishlangan uchrashuvida ma’lum qilindi.
Aytilishicha, mamlakatda kichik va o‘rta tadbirkorlar soni besh yilda 2 karra ko‘paydi. Ularda 10,5 million odam daromad topib, ro‘zg‘or tebratmoqda.
Iqtisodiyotning yarmidan ko‘pi, sanoat va eksportning uchdan biri shu soha vakillari hissasiga to‘g‘ri kelayapti.
“Bir haqiqatni yaxshi anglab olish kerak. Har qanday muvaffaqiyatli yirik biznesga erishish, eng avvalo, kichik g‘oya va harakatdan boshlanadi. O‘zgarishlarga tez moslashadigan, yangilik va raqobatdan qo‘rqmaydigan, muhimi, odamlarni ishli qilib, daromadini ko‘paytirishda eng faol soha ham bu – kichik biznes. Shu bois, kichik biznesni qo‘llab-quvvatlash bundan keyin ham davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qoladi”, — dedi prezident.
Prezident 2025-yil uchun sohadagi asosiy maqsad va vazifalarga to‘xtaldi:
kichik va o‘rta biznesning iqtisodiyotdagi ulushini 55 foizga ko‘tarib, 70 milliard dollarlik qo‘shilgan qiymat yaratish;
yangi bozorlarga kirib borishda transport, sertifikat va standart masalalariga ko‘maklashib, kichik biznes eksportini o‘tgan yilgi 9 milliarddan 12 milliard dollarga olib chiqish;
ichimlik suvi, kanalizatsiya, yo‘l, qurilish, kommunal xo‘jalik, yetkazib berish, utilizatsiya, migratsiya, madaniyat va ijtimoiy xizmatlarda kichik biznes ulushini 2-3 karra oshirish;
1,5 million doimiy ish o‘rni tashkil qilib, sohada band aholi ulushini 75 foizga yetkazish;
100 nafardan ko‘p ishchisi bor korxonalarni 4 mingtaga olib chiqish;
kichik biznesda yangi 100 ta brend mahsulot chiqarishni yo‘lga qo‘yish;
kichik biznes ishtirokida 200 ta startap loyihalarni moliyalashtirish.
Shuningdek, prezident soha uchun yangi tashabbuslarni ilgari surdi. Jumladan, kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish bo‘yicha xorijiy ekspertlar bilan katta dastur ishlab chiqildi. Bunga 2025-yilda barcha manbalar hisobidan 10 milliard dollar ajratiladi.
"Bu yil kichik va o‘rta biznesga 120 trillion so‘m resurs beriladi. Buncha katta mablag‘ ilgari hech qachon bo‘lmagan", — dedi davlat rahbari.
Aholini tadbirkorlikka jalb qilish uchun 22 trillion so‘mlik imtiyozli resurs ajratiladi. Shundan 2,5 trillion so‘m yoshlarga, yana shunchasi ayollar tadbirkorligi loyihalari uchun yo‘naltiriladi. Ayol tadbirkorlarga kredit stavkasi boshqalarga nisbatan 2 foiz arzon bo‘ladi.
"Uy-ro‘zg‘or va farzand tarbiyasidan ortib, tadbirkorlik bilan odamlarni ishli, daromadli qilayotgan ayollarimizga har qancha rahmat aytsak, arziydi", — dedi prezident.
Quyidagilar ma’lum qilindi:
Bu yildan kichik biznesga 300 million so‘mgacha kredit berish boshlandi.
Endilikda bir yilda yiriklashib, kichik yoki o‘rta korxonaga aylangan tadbirkorlarga shuni 150 million so‘mi garovsiz beriladi.
oilaviy tadbirkorlik bo‘yicha ham 50 million so‘mgacha garovsiz kredit beriladi.
Mutasaddilarga oldingi kreditidan kechikkan qarzi bo‘lmagan tadbirkorlarga yangi imtiyozli kredit olish imkonini yaratish topshirildi.
Biznesni moliyalashtirishda muqobil manba sifatida venchur fondlar ommalashmoqda.
O‘zbekistonda besh yilda venchur fondlar ishtirokida 145 million dollarlik 53 ta startap loyiha amalga oshirildi.
Ta’kidlanishicha, 9 ta davlat banki 3 ta venchur kompaniya ochib, 50 million dollarlik fond shakllantirgani biznesni boshlayotgan tadbirkorlar uchun juda katta imkoniyat.
"Eng muhimi, bunday loyihalar iqtisodiyotga yangi yo‘nalish, texnologiya, innovatsiya va yuqori qo‘shilgan qiymat olib kiradi. Startap orqali yaratilgan yuqori samarali innovatsion mahsulot yoki xizmatlar texnik reglament va standartlarga kiritiladi. Bu ularga davlat buyurtmasi uchun yo‘l ochadi", — dedi shavkat Mirziyoyev.
Davlat rahbari venchur fondlar mablag‘ining bir qismini sun’iy intellekt loyihalariga yo‘naltirish taklifini qo‘llab-quvvatladi.
Aytilishicha, yaratilgan sharoitlar hisobiga uch yilda 250 mingta yangi korxona ish boshladi. Ularning ko‘pchiligi “oyoqqa turib”, faoliyatini kengaytirishi uchun yer va bino kerak.

"Hokimlar yerlarni tanlashda, eng avvalo, kengayish istagida yurgan, loyihasi tayyor tadbirkorlar so‘ragan joylarni auksionga chiqarishi zarur", — dedi prezident.

Masalan, Yunusoboddagi “Mingboyev robotiks” korxonasi nogironligi borlar uchun protez va ekzo-skeletlar yasab, yuzga yaqin odamni faol ijtimoiy hayotga qaytargan. Tadbirkor faoliyatini kengaytirish uchun nogironligi bo‘lgan odamlar bemalol kirib-chiqishi uchun qulay joy so‘ragan.
Bunday yuqori texnologiyali mahsulot yaratadigan tadbirkorlarga 10 ming kvadrat metrgacha bo‘lgan davlat obyektlari 5-yilga bepul ijaraga berilishi belgilandi.
Shu bilan birga, bu borada yangi tizim joriy qilinadi: 15 ta tuman va shaharda barcha davlat idoralari tumanlar markazidagi bitta ko‘p qavatli binoga ko‘chiriladi. Yangi binolarning 1-2-qavatlari tadbirkorlarga sotiladi.
Ushbu tumanlarda davlat idoralaridan bo‘shaydigan 150 ta bino auksionda tadbirkorlarga taklif qilinadi.
Bu yil kichik va o‘rta biznes loyihalari infratuzilmasiga ajratilishi belgilangan 1 trillion so‘mga qo‘shimcha 500 milliard so‘m ajratiladi.
Jenshina perebirayet bumagi  - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 17.03.2025
Tadbirkor ayollar kengashi tashkil etildi — yangi qaror
Yangiliklar lentasi
0