Toshkent metrosi uchun birinchi ayol mashinistlar qanday tayyorlanmoqda?
19:46 08.03.2025 (yangilandi: 19:47 08.03.2025)
© Sputnik
Obuna bo‘lish
Eksklyuziv
Bu yil Toshkent metrosida ilk bor ayol elektropoyezd mashinistlari faoliyat boshlaydi.
O‘tgan yilning fevral oyida “Toshkent metropoliteni” DUK maxsus kurslar ochilishi haqida xabar bergan edi. U yerda o‘qish istagini bildirganlar soni ko‘p bo‘ldi, lekin atigi 16 kishi kuchli tanlovdan – suhbat, tibbiy ko‘rik va psixofiziologik tekshiruvdan o‘tdi. Ishtirokchilarning barchasi oldin metropolitenning turli tuzilmalari va xizmatlarida ishlagan.
Bugungi kunda ular Metropoliten xodimlarini tayyorlash ilmiy-innovatsion markazi – "Metroilm", shuningdek, Toshkent davlat transport universiteti va poytaxtdagi transport texnikumida bilim va malaka olmoqda. Darslar har kuni ertalab soat sakkizdan kechki beshgacha o‘tkaziladi va jami 11 oy davom etadi.
Metro mashinisti bo‘lish – matematika va fizika kabi texnik fanlar bo‘yicha asosiy bilimlarni talab qiladigan murakkab kasb. Kurslar davomida tinglovchilar bevosita kelajakdagi kasbi bilan bog‘liq bo‘lgan fanlarni: pnevmatik va elektr jihozlari, Toshkent metropolitenidan texnik foydalanish qoidalari, signalizatsiya va poyezdlar harakati bo‘yicha yo‘riqnomalar va boshqa bilimlarni o‘zlashtira boshlaydi. Nazariy bilimlar, albatta, qizlar metro deposida o‘tadigan amaliy mashg‘ulotlar bilan mustahkamlanadi.
"Markaz binosida elektr harakatlanuvchi tarkibning mashinisti kabinasi uchun trenajor o‘rnatilgan. Toshkent davlat transport universitetida yana ikkita trenajor mavjud. Kelgusida kurslarimiz bitiruvchilari Moskva tipidagi poyezdlarda ishlaydi", – deydi Metropoliten xodimlarini tayyorlash ilmiy-innovatsion markazi yetakchi mutaxassisi Rustam Xoliqov.
Tinglovchilarga o‘qituvchilar va tajribali mutaxassislar dars beradi. Ulardan biri 12-yillik tajribaga ega haydovchi-instruktor Ulug‘bek Abdumalikov bo‘lib, u hayotini metrosiz tasavvur qila olmaydi: otasi nafaqaga chiqquncha 30-yil shu yerda mashinist bo‘lib ishlagan, onasi operator, akasi ham mashinist.
"Qizlarga dars berish yigitlarga o‘rgatishdan biroz qiyinroq. Chunki erkak kishiga transport mexanizmini tushunish osonroq. Avvaliga oson bo‘lmadi, ammo hozir talabalardan mamnunman, ular katta yutuqlarga erishmoqda", – deya ta’kidladi u.
Aprel-may oylarida imtihonlarni muvaffaqiyatli topshirganlar sertifikatga ega bo‘lib, ishonch bilan o‘z rezumelarini metropolitenga topshirishlari mumkin. Biroq yana 3 oy davomida mashinist yordamchisi sifatida ishlashadi. Faqat yana bir ichki imtihondan so‘ng ular mustaqil ravishda elektr poyezdini boshqarishlari mumkin bo‘ladi.
Maftuna Ahmedova 26 yoshda. U 7-yildan beri metroda bekat navbatchisi bo‘lib ishlaydi. Uning so‘zlariga ko‘ra, u har doim ayollar bir kun kelib elektr poyezdi mashinisti bo‘lishlarini orzu qilgan.
Metro elektropoyezdi mashinisti bo‘lish – oson kasb emas. Bularga normalanmagan ish jadvali, kunning istalgan vaqtida ishga chaqirish, stress va hatto mumkin bo‘lgan nostandart vaziyatlar kiradi. Shuning uchun qat’iyat, jasorat va sovuqqonlik bo‘lishi kerak. Biroq kurs tinglovchilari qiyinchiliklardan qo‘rqishmaydi va o‘z ishining ustasi bo‘lishiga ishonishadi.
Umida Otajanova 34 yoshda. U bank kollejini tamomlab, Toshkent metropoliteniga kassa operatori bo‘lib ishga joylashgan. Hozir uning ikki nafar farzandi bor, lekin u qiyinchiliklardan qo‘rqmasdan mashinistlar kurslarida o‘qishga hujjat topshirgan.
"Farzandlarimga namunali ona bo‘lmoqchiman, ularga o‘zim motivatsiya bermoqchiman. Shu jumladan, bolalarning ham qiziqishini orttirib, o‘zimga izdosh qilish maqsadida turmush o‘rtog‘im qo‘llab-quvvatlashlari ostida shu o‘qishda o‘qiyapman. Mana hozir mart-aprel oylarida imtihon bo‘lib o‘tadi. Imtihonlarni bizga bildirilgan ishonchni oqlash maqsadida a’lo bahoga tamomlab, metropoliten liniyalarda barqaror ishlashga va’da beraman", – dedi Umida Otajanova.
Agar hammasi yaxshi bo‘lsa, kurs ishtirokchilari orzu qilganidek, O‘zbekiston Rossiyadan keyin ayollar metroda mashinist bo‘lib ishlaydigan MDHning ikkinchi davlati bo‘ladi.