Mirziyoyev bosh vazirga ayrim rahbarlarni ishdan olishni topshirdi

© Press-slujba prezidenta UzbekistanaShavkat Mirziyoyev
Shavkat Mirziyoyev - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 05.03.2025
Obuna bo‘lish
O‘zbekiston prezidenti ishtirokida Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha milliy kengashning kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda.
TOShKENT, 5-mart — Sputnik. Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining ish uslubi mutlaqo o‘zgaradi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida bo‘lib o‘tayotgan Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha milliy kengashning kengaytirilgan yig‘ilishida ma’lum qilindi, deb yozmoqda davlat rahbari matbuot kotibi Sherzod Asadov o‘zining Telegram-kanalida.
Qayd etilishicha, prezident Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi faoliyatidan mutlaqo norozi. Agentlik xodimlari vazirliklarga, hududlarga borib, aniq bir sohani tahlil qilib, muammolarga yechim berish o‘rniga, qo‘zg‘atilgan jinoyat ishlarini sanaydigan quruq statist bo‘lib qolgani aytildi.
Agentlik rahbariyati korrupsiya holati eng ko‘p bo‘lgan tuman sog‘liqni saqlash, bandlik bo‘limi yoki bank filialiga borib, holatni o‘rganmagan, yangi zamonaviy tizim bo‘yicha taklif bermagan. Ushbu sohalarning bevosita rahbarlarining o‘z tizimini “korrupsiyadan xoli” qilish ishlari sustligi tanqid qilindi.
Prezident topshirig‘i bilan investitsiya dasturlari ustidan nazorat kuchaytirilganidan keyin o‘tgan yilni o‘zida 3 trillion so‘m iqtisod bo‘ldi. Yoki sog‘liqni saqlash tizimida “Situatsion markaz” ishga tushirilgani hisobiga 2024-yilda 1,2 trillion so‘mlik maqsadsiz xarajatlarning oldi olindi.
© Press-slujba prezidenta UzbekistanaShavkat Mirziyoyev
Shavkat Mirziyoyev - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 05.03.2025
Shavkat Mirziyoyev
“Lekin, nega bu ishlar prezident topshiriq berganidan keyin boshlanishi kerak?”, — deya savol qo‘ydi davlat rahbari.
Parlamentdagi budjet qo‘mitalarida ham har yili budjetdan eng ko‘p mablag‘ oladigan 3 ta vazirlikka borib, korrupsiyaviy omillarni aniqlashda va o‘zgarish qilishda tashabbuskorlik yetishmayotgani qayd etildi.
“Bosh vazirga 117 ta vazirlik va idoradagi “korrupsiyaga qarshi ichki nazorat” tuzilmalari rahbarlarini ishdan olish va ularning o‘rniga halol, fidoyi va professional kadrlardan qo‘yish, ularni oldiga aniq vazifalarni belgilab berish topshirildi. Vazirliklarning hududiy komplayens xodimlarini bevosita vazirni o‘zi ishga qo‘yishi, o‘ziga siyosiy mas’uliyat olib, butun tizimidagi korrupsiya uchun shaxsan javob berishi belgilandi”, — deyiladi xabarda.
Aytilishicha, Agentlikning ish uslubi mutlaqo o‘zgaradi. Buning uchun tajriba tariqasida 5 ta idora: Sog‘liqni saqlash, Qurilish, Suv xo‘jaligi vazirliklari, “O‘zbekneftgaz” va “O‘zsuvta’minot”ning komplayens nazorati agentlikka o‘tkaziladi.
“Yil yakuni bilan bu vazirliklarda qancha korrupsiyaviy omillarni bartaraf qilgani, odamlarga qanday yengilliklar bo‘lgani haqida Milliy kengashda hisobot beradi”, — deya qayd etilgan xabarda.
Shuningdek, agentlik vazir, hokimlar bilan birgalikda har chorakda korrupsiya yuqori bo‘lgan kamida 3 ta sohada tumangacha tushib, maishiy va tizimli korrupsiya omillarini chuqur o‘rganadi, tahlillar asosida qaysi jarayonni raqamlashtirish, qaysi burokratik tartibni bekor qilish bo‘yicha aniq choralarni ishlab chiqadi.
Ikki oyda xalqaro reyting tashkilotlari tavsiyasi asosida “yo‘l xarita”si ishlab chiqilib, har bir vazirlik va idoraga qilinadigan ishlar aniq belgilab beriladi. Sustkashlikka yo‘l qo‘ygan rahbarlarni jazolash bo‘yicha taklif kiritiladi.
Korrupsiyaviy jinoyatlarning 75 foizi tuman va mahallada maishiy korrupsiya shaklida sodir etilayotgani qayd etildi. Masalan, infratuzilmaga ulanish, litsenziya olish, imtiyozli kredit ajratish, ishga qabul qilish, malaka oshirish kabi yo‘nalishlarda.

“Korrupsiyaga qarshi kurashish hududiy kengashlari tarkibini to‘liq yangilash, ularga rais etib viloyat xalq deputatlari kengashi raislarini tayinlash taklif etildi. Hududiy kengashlar insongacha tushib, korrupsiyaviy omillarni aniqlashi, ularga barham berish uchun qaysi qonunni o‘zgartirish zarur, degan savollarga javob topishi kerakligi ta’kidlandi”, — deb yozadi prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov.

Kengashlar har chorakda kamida bitta sohada korrupsiyaviy omillarni bartaraf etish, qonun ustuvorligi, jazo muqarrarligini ta’minlash bo‘yicha Milliy kengashga taklif kiritadi.
“Har bir vazir va hokimga bu yil barcha xizmatlar bo‘yicha davlat idoralari va aholi o‘rtasidagi munosabatlarni tuman kesimida baholaydigan tizim yaratish topshirildi. Ko‘rsatilgan servis sifatiga aholini o‘zi baho beradi, eng yomon deb topilgan idora rahbarlari bo‘yicha xulosa qilinadi”, — deyilgan xabarda.
Shuningdek, fuqarolar suv, gaz, elektrga ulanish, subsidiya, pensiya va moddiy yordam olish kabi masalalarda idorama-idora yurmasdan, onlayn javob oladigan tizim bo‘lishi kerakligi qayd etildi.

“Mutasaddilarga sun’iy intellekt asosida aholining savollariga qo‘l telefoni orqali sodda javob beradigan onlayn platformani ishga tushirish topshirildi”, — deya ta’kidlandi xabarda.

Shu bilan birga, sohalarni nazorat qilib, tartibga solishga mas’ul 14 ta inspeksiya bor, ular juda katta vakolat va kuchga ega. Ushbu idoralar xodimlari ham korrupsiyaga qo‘l urayotgani tashvishli ekani ta’kidlandi.
Vazirlar Mahkamasiga tizimidagi korrupsiyani bilib-bilmaslikka olib yurgan inspeksiya rahbarlari ishiga baho berib, ikki haftada korrupsiyaviy omillarni bartaraf etish bo‘yicha har biriga aniq vazifa qo‘yish topshirildi. Har oyda bittadan inspeksiya faoliyati tanqidiy ko‘rib chiqiladi va ulardan qattiq so‘rov qilib boriladi.
Ma’lumot uchun, Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi 48 nafar a’zodan iborat bo‘lib, ularning tarkibi vazirlik va idora rahbarlari, shuningdek, fuqarolik jamiyati institutlari vakillaridan iborat. Oliy Majlis Senati raisi Milliy kengashning raisi hisoblanadi. Milliy kengash qabul qilgan qarorlar barcha davlat va boshqaruv organlari, jamoat birlashmalari va boshqa tashkilotlar uchun majburiydir.
Mujchina kladet konvert s dengami v karman pidjaka - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 11.12.2024
Suyunchi, to‘yona, rahmat: o‘zbekistonliklar qanday holatlarni "korrupsiya" deb biladi?
Yangiliklar lentasi
0