Harbiy xizmatchilarni ijtimoiy himoya qilish kuchaytiriladi — yangi qaror
10:04 26.02.2025 (yangilandi: 11:33 26.02.2025)
© Ministerstvo oboroni Respubliki UzbekistanSovmestnie voyennie ucheniya Uzbekistana i Tadjikistana v Termeze.

© Ministerstvo oboroni Respubliki Uzbekistan
Obuna bo‘lish
Harbiy xizmatchilarga turar joyni ijaraga olganlik uchun to‘lanadigan har oylik pul kompensatsiyasi miqdori 20 foizga oshiriladi.
TOShKENT, 26 fev — Sputnik. O‘zbekistonda harbiy xizmatchilarni ijtimoiy himoya qilish kuchaytiriladi. Bu haqda prezident tomonidan qabul qilingan tegishli qarorda nazarda tutilgan.
“O‘zbekiston Respublikasi prezidentining ayrim qarorlariga harbiy xizmatchilarni ijtimoiy himoya qilishni kuchaytirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi prezident qabul qilindi.
Mazkur hujjat O‘zbekiston Qurolli kuchlarining belgilangan tartibda turar joy bilan ta’minlanmagan harbiy xizmatchilarning turarjoy ta’minotini yaxshilash orqali ularni ijtimoiy himoya qilishni yanada kuchaytirish maqsadida qabul qilindi.
Hujjatga ko‘ra, prezidentning ayrim qarorlariga quyidagilarni nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimcha kiritildi:
2025 yil 1-martdan harbiy xizmatchilarga turar joyni ijaraga olganlik (ijarada turganlik) uchun to‘lanadigan har oylik pul kompensatsiyasi miqdori 20 foizga oshiriladi;
2025 yil 1-iyundan qonunchilik hujjatlariga muvofiq tasdiqlanadigan ipoteka kreditlarini ajratish ko‘rsatkichlari asosida uy-joy bilan ta’minlanadigan, kalendar hisobida 10-yildan ortiq harbiy xizmatni o‘tagan harbiy xizmatchilarga turar joy sotib olish (qurish) uchun ipoteka krediti olinishida ajratiladigan dastlabki badal miqdori uy-joy hisoblangan qiymatining 35 foizi miqdorida belgilanadi.
Prezidentning 2005-yil 30-iyundagi PQ–112-son qaroriga kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, shu yil 1-martdan yil yakunigacha Qurolli kuchlarning kontrakt bo‘yicha xizmat qilayotgan, amaldagi sarf-xarajatlar doirasida turar joy bilan ta’minlanmagan oddiy askar, serjant va ofitserlar tarkibidagi harbiy xizmatchilariga turar joyni ijaraga olganlik (ijarada turganlik) uchun:
Toshkent shahrida – BHMning 4,8 baravarigacha miqdorda;
Nukus shahri va viloyatlar markazlarida – BHMning 3,6 baravarigacha miqdorda;
boshqa shaharlar, tuman markazlari va aholi punktlarida – BHMning 2,4 baravarigacha miqdorda har oylik pul kompensatsiyasi to‘lovlari belgilandi.
Oila a’zolari 3 kishi va undan ortiq bo‘lgan taqdirda harbiy xizmatchilarning ushbu pul kompensatsiyasi miqdorlari 50 foizga oshiriladi.
2026 yildan har yili har oylik pul kompensatsiyasi to‘lovlari miqdori hududlar kesimida turar joy ijarasining bozor narxlaridan kelib chiqqan holda hukumat qarori bilan belgilab boriladi.