O‘zbekiston 1,5 mlrd dollarlik suveren xalqaro obligatsiyalarini joylashtirdi

© Sputnik / Vladimir Pesnya / Mediabankka o‘tishUdalennaya rabota treydera
Udalennaya rabota treydera - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 25.02.2025
Obuna bo‘lish
O‘zbekistonning xalqaro obligatsiyalarini sotib olish uchun jami 4,2 mlrd dollar miqdoridagi buyurtmalar kelib tushdi.
TOShKENT, 25 fev — Sputnik. O‘zbekistonning umumiy qiymati qariyb 1,5 mlrd dollar ekvivalentidagi navbatdagi suveren xalqaro obligatsiyalari jahon moliya bozorlarida joylashtirildi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi axborot xizmati ma’lum qildi.
“Joriy yilning 18 va 20-fevral kunlari kuni London shahrida AQSh dollarida 7-yillik, yevroda 4-yillik va so‘mda 3-yillik suveren xalqaro obligatsiyalarni joylashtirish bo‘yicha buyurtmalar qabul qilinishi e’lon qilindi”, — deyiladi xabarda.
O‘zbekistonning xalqaro obligatsiyalarini sotib olish uchun jami 4,2 mlrd dollar miqdoridagi buyurtmalar kelib tushdi:
dollardagi (7 yillik) obligatsiyalarga – 2 mlrd dollar;
yevrodagi (4 yillik) obligatsiyalarga – 1,6 mlrd yevro;
so‘mdagi (3 yillik) obligatsiyalarga – 7,3 trln so‘m.
O‘zbekistonning xalqaro obligatsiyalari bo‘yicha quyidagi foiz stavkalari qayd etildi:
500 mln dollar miqdoridagi 7-yillik obligatsiyalar bo‘yicha – 6,95 foiz (2024 yil may oyida chiqarilgan 7-yillik suveren xalqaro obligatsiyalari 7,125 foiz stavkasida joylashtirilgan);
500 mln yevro (525 mln dollar) miqdoridagi 4-yillik obligatsiyalar bo‘yicha – 5,1 foiz (2024 yilda 3-yillik obligatsiyalar – 5,375 foiz stavkasida);
6 trln so‘m (463 mln dollar) miqdoridagi 3-yillik obligatsiyalar bo‘yicha – 15,5 foiz (2024 yilda 3-yillik obligatsiyalar – 16,625 foiz stavkasida).
Dollar va so‘mda chiqarilgan suveren xalqaro obligatsiyalarni joylashtirishdan kelib tushgan mablag‘lar respublika aholisini uy-joy bilan ta’minlash dasturini moliyalashtirish hamda umumta’lim maktablari, maktabgacha ta’lim muassasalari va boshqa ijtimoiy soha obyektlarini qurish, ularni ta’mirlash va rekonstruksiya qilish bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash uchun yo‘naltiriladi.
Ma’lumot uchun, shu yilning yanvar-fevral oylarida ichki moliya bozorida 3-yil muddat uchun davlat g‘aznachilik obligatsiyalari bo‘yicha foiz stavkasi 15,6-16,1 foizni tashkil etgan.
Yangiliklar lentasi
0